Olovdan chiqqan odam
Hojiakbar ShayxovKo‘hna Qipchoq dashtlarini bahor tanqis gullari bilan bezagan. Qontalash rangdagi ulkan quyosh barkashi chor atrofga ayovsiz tig‘ uradi. Uncha katta bo‘lmagan qumtepaliklar, barxanlar orasida yangi chiqqan to‘rtta o‘tov qad rostlagan. O‘tovlarning atrofida to‘qson ikki bovli o‘zbek urug‘laridan biri odatdagi kundalik turmush tashvishlari bilan band. Tuya junidan to‘qilgan qoramtir katta kiygiz ustida qariyalar osoyishta suhbat qurishadi. Ularning ichida boshiga oq salla o‘ragan, qorday oppoq oqsoqollari ko‘ksiga tushgan nuroniy mo‘ysafid alohida ajralib turadi. U yelkasiga echki terisidan tikilgan jigarrang chakmon tashlab olgan, vaqti-vaqti bilan oldida turgan chilim nilini og‘ziga solib, xo‘rillatib ichiga tortar ekan, qabiladoshlariga salobat bilan allanimalarni uqtiradi. Atrofdagilar unga e'tibor bilan quloq solishmoqda. Sal narida bolalar chug‘urlashib chavandozlar o‘yinini o‘ynashadi, oyoqlari orasidagi egri-bugri saksovul tayoqchalari ular uchun ot vazifasini o‘taydi. Yuqoriroqda ichida nimadir biqirlab qaynayotgan katta qozon, atrofida ayollar kuymalanib yurishibdi. Ularning yonida mitti gilamcha, ustida oppoq sochlari shamolda tartibsiz to‘zg‘onyotgan folbin kampir ajin qoplagan yuzini yana ham tirishtirib, ko‘zlari yarim yumuq holda ruhlar bilan sirli suhbat qurmoqda.
Narida, bularga qarama-qarshi tarafda, mayda o‘rilgan sochlari taqimiga tushgan, quyuq kipriklari ostidagi tim qora ko‘zlari chaqnab turgan xushqomat qiz ko‘rkam gavdali, mutanosib qora qoshli, endigina mo‘ylovi sabza urgan jingalak sochli yigit bilan ohista suhbat qurgancha bug‘doy yanchishmoqda. Ular bir-birlariga tez-tez yoniq nigoh tashlaydilar, qalblari allanechuk oshufta va nurli hislar bilan to‘lib-toshayotganini chetda qaragan odam albatta ilg‘ab oladi. Yigitning yarim yalang‘och yelkalarini, etlari bo‘g‘ma ilon tanasiday qabarib-bo‘rtib turgan baquvvat mushak va bilaklarini vahshiy hayvon tishlarining izlari bo‘lsa keraktaram-taram qoramtir dog‘lar qoplagan. Bundan bir necha oy avval o‘n yetti yashar o‘spirin otasi va akalari bilan birgalikda Qirq Qaroqchi dashtiga jayron oviga chiqqan, ov ketidan quvishga azbaroyi berilib ketganidan to‘dasidan ajralib, oxir-oqibat inson yo‘q sahroyu biyobonda adashib qolgandi. Temir-tirnoq atalmish vafodor itini ergashtirgancha saman otida dashtda bir necha kun izg‘igach, oxiri umidsizlik bilan saksavulzorda tunab, hordiq chiqarishga qaror qilgandi. Yigit o‘shanda hayotida ilk marta aql bovar qilmaydigan dahshatli voqeaga ro‘baro‘ kelgandi.Bola otining jilovini saksovul shoxiga ilib, hali ham issig‘i arimagan kulrang qumga bosh qo‘ygancha pinakka ketdi. Qancha uxladi, yodida yo‘q, bir payt otning kishnashi, itning jon achchig‘ida akillashidan uyg‘onib ketdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, yonginasida eshakday keladigan bo‘ri saman otining bo‘yniga tishlarini botirgancha gir aylantirar, Temirtirnoq esa, ikkinchi bir bahaybat bo‘rining changalida jon talvasasida akillar edi. Bu mudhish manzaradan bola aqldan ozgudek ahvolga keldi, oyoq-qo‘llaridan mador ketdi. Ko‘p o‘tmay itning ovozi tindi, ochiqqan ona bo‘ri uning ichak-chavog‘ini ag‘darib, eng mazali joyi o‘pkasiyu jigarini g‘ajishga kirishgandi. Ota bo‘rining shiddatli xurujiga saman ot ham uzoq dosh berolmadi. U bamisoli najot so‘rayotganday so'nggi bor ayanchli kishnadi-yu, tomog‘iga nimadir tiqilganday ovozi qo‘qqis bo‘g'ildi bo‘rining charxlanganday o‘tkir tishlari uning bo‘g‘ziga ikki tomondan yorib kirgandi. Ot gandiraklab ketdi-da, chap bilan g‘umburlab qumga ag‘darildi. Agar ota bo‘ri chaqqonlik qilib o‘zini nari olmaganida, otning og‘ir tanasi ostida qolishi hech gap emas edi. Bir gazcha orqaga tashlangan bo‘ri shu zahoti o‘zini yana otning ustiga otdi-da, bo‘g‘zidan tirqirab qon otilayotgan jonivorning qornini yorib tashladi. Ot talvasa ichida oyoqlarini lopillatib bir-ikki tipirchiladi-yu, oxiri tinchidi. Lahza o‘tmay uning ko‘zlari kosasidan chiqqudek olayib, ma’nosiz tus oldi. Ota bo‘ri sal narida dahshatga tushgancha undan nigohini uzmayotgan bolaga e’tibor ham bermay, hafsala bilan otning ichak-chavoqlarini yamlamay yutdi. Sarg‘imtir jun bosgan tumshug‘i, oldingi oyoqlari qip-qizil qon. Bu dahshatli manzara bolani shu darajada sarosima va qo‘rquvga solgandiki, u chindan ham tosh haykalga aylanib qolganday miyasi karaxt, qinidan chiqquday olaygan ko‘zlari hech nimani ko‘rmaydi. Bola shu ayafozda qancha yotganini bilmaydi, lekin bir mahal ajabo! qaynoq tanasi bo‘ylab jimir-jimir etgancha allanechuk yoqimli og‘riq paydo bo‘layotganini his etdi. Karaxt miyasiga, bo‘rilar endi o‘zini yamlashga tushishdi chog‘i, degan o‘y keldi. Lekin, qizig‘i shunda ediki, u endi kutilmaganda hech narsadan qo‘rqmay qo‘ydi. Hayotining eng so‘nggi damlarini yashayotganini bilib qolgan odamlardagina shunday hissiyot paydo bo‘lsa kerak.