Oliy taʼlim muassasalari tyutorlarining faoliyati tanqidiy oʻrganildi

Oliy taʼlim muassasalari tyutorlarining faoliyati tanqidiy oʻrganildi


Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ma’naviy yuksalishiga ko‘maklashish markazi xodimlari tomonidan Oliy taʼlim muassasalari tyutorlarining yangi 2022/2023-oʻquv yiliga tayyorgarlik holati, jumladan, o'ziga biriktirilgan talabalar bilan ishlash rejasi, boshqa viloyatdan kelib tahsil oladigan talabalarni TTJ yoki ijara xonadonlari bilan taʼminlash borasidagi faoliyati tanqidiy oʻrganildi. Oʻrganish jarayonlari tyutorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot va suhbat shaklida olib borildi, bundan tashqari ularning taklif va tavsiyalari eshitildi.

🔹Oʻzbekiston jahon tillari universitetini oʻrganish jarayonida oliygohda tyutorlar faoliyati tizimli yoʻlga qoʻyilmaganligi, tyutorlar Vazirlikning talabalar oʻrtasida oʻtkazadigan tanlovlaridan mutlaqo bexabar ekanligi va vazirlikning joriy yilgi yillik ish reja bilan tanishmaganligi maʼlum boʻldi. Bundan tashqari tyutorlar tomonidan ijarada yashovchi talabalar bazasi mutlaqo shakllantirilmaganligi hamda oliygohda tyutorlarni ishga qabul qilish ishlari oxiriga yetkazilmaganligi aniqlandi.

🔹 Oʻzbekiston Milliy universitetida esa tyutorlar faoliyati samarali, tyutorlikning mazmun mohiyati bilan toʻla xabardor holatda olib borilyapti. Oliygoh tyutorlari tomonidan yangi oʻquv yilida talabalar uchun doimiy va kunlik ijara xonadonlari bazasini shakllantirgan. Jumladan, tyutor Erkin Roʻzmatov oʻziga biriktirilgan talabalar uchun jami 12ta, Mavjuda Eshboʻriyeva 8 ta, Islom Karimov esa 16ta ijara xonadonlari bazasini shakllantirganligi eʼtirof etildi.

Tyutor Zilola Xamrayevaga biriktirilgan 150 nafar talabadan 103 nafarining turar joy uchun ehtiyoji borligi bu masalani naqadar dolzarbligini yana bir bor koʻrsatib berdi. U bu masalani yechimi sifatida Toshkent shahrining turli tumanlaridan jami 12ta ijara xonadoni bundan tashqari kunlik ijara xonadonlari bazasini shakllantirganini maʼlum qildi.

🔹Toshkent moliya instituti sigʻimi 944 nafar talabani turar joy bilan taʼminlash imkoniga ega talabalar turar joyiga ega. Shu kunga qadar TTJda yashash uchun 587 nafar talaba (2-,3-,4-bosqichlardan)murojaat qilgan.

Oliygohdagi tyutorlar faoliyati va turar joyga ehtiyoji bor talabalarga yaratilgan imkoniyatlar oʻrganilganda oliygoh tyutorlari tomonidan ijara xonadonlariga ehtiyoji boʻlgan talabalar bazasi qisman shakllantirilganligi, ammo yangi oʻquv yili uchun ijara xonadonlari bazasi shakllantirilmaganligi aniqlandi.

🔹 Toshkent davlat pedagogika universiteti tyutorlari faoliyatini oʻrganish jarayonida ularning oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashib, samarali faoliyat olib borishayotgani eʼtirof etildi. Oliygohda tyutorlar uchun alohida Uslubiy qoʻllanma yaratilgan, jamoatchilik asosida Tyutorlar Kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Tyutorlar tomonidan esa talabalar bazasi, ijaraga ehtiyoji bor talabalar va ular uchun ijara xonadonlari bazasi ham shakllantirilgan, 2022/2023-oʻquv yilga moʻljallangan ish rejasi tuzib chiqilgan. Universitetda faoliyat yuritayotgan tyutorlar uchun telegram ijtimoiy tarmogʻida alohida @TyutorTDPU Telegram kanali va @tyutorTDPUbot boti tashkil etilgan.

🔹 Toshkent axborot texnologiyalari universitetida jami 7063 nafar talaba mavjud boʻlib, mazkur oliygoh 2536 nafar sigʻimga ega talabalar turar joyiga ega. Shu kunga qadar 570 nafar talaba (2-,3-,4-bosqichlardan) TTJda yashash uchun murojaat qilgan. Shundan 90 nafar nogironligi boʻlgan talabalar roʻyxati shakllantirgan va ular uchun alohida shart-sharoitlar yaratilgan. Ijara xonadonlariga ehtiyoji boʻlgan talabalar bazasi qisman shakllantirilgan. OTM tyutorlari tomonidan 2022/2023-oʻquv yili uchun 42 ta xonadon (265 nafar talabalar yashashi mumkin) bilan aloqa oʻrnatilgan.

🔹 Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoati instituti tyutorlari faoliyatini oʻrganish jarayonida oliygohdagi mavjud 23 ta tyutordan 19 tasi bilan yuzma-yuz muloqot qilindi. Ularning yangi oʻquv yili uchun ish rejasi, tyutorlik lavozimi mazmun-mohiyatini tushunishi, huquqiy savodxonlik darajasi sinovdan oʻtkazildi. Oʻrganish jarayonida tyutorlik faoliyatiga yaqinda ishga kirishgan (yangi ishga olingan) baʼzi tyutorlarning hali tyutorlik faoliyatining mazmun-mohiyati va funksional vazifalari bilan yaqindan tanishib chiqmaganligi maʼlum boʻldi.

Barcha oliygohlarni oʻrganish jarayonlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zaruriy ko'rsatma va tavsiyalar berildi.


Report Page