Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qoʻmitasida togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qoʻmitasida togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Matbuot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasida “Oʻzbekistonda togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda rivojlanish istiqbollari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi mutasaddilari, vazirlikning tizim tashkilotlari masʼullari ishtirok etdi. 

Davra suhbatida Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri oʻrinbosari Aʼzam Kadirxodjayev Togʻ-kon sanoati va geologiya yoʻnalishida aniqlanayotgan zaxiralar, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar energetika, avtomobilsozlik, elektronika, “yashil energiya” qurilmalari, kimyo va qurilish sohalarini rivojlantirishga xizmat qilayotgani taʼkidladi. 

Shuningdek, vazir oʻrinbosari avtomobilsozlik va elektrotexnika sohalarini alyuminiy, litiy, poʻlat, grafit, kurilish sohasini ohaktosh, kvars, kaolin va boshqa noruda xomashyosi bilan taʼminlash choralari koʻrilayotganiga urgʻu berib oʻtdi.

Istiqbolda xalqaro ilgʻor tajribalar asosida togʻ-metallurgiya sanoati negizida yuqori qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, turdosh tarmoqlarni rivojlantirish, investitsiya jozibadorligini oshirish yuzasidan tegishli ishlarni yanada jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Deputatlarni sohada kadrlar tayyorlash, ruxsat etuvchi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari shaffofligini taʼminlash va boshqa dolzarb mavzular yuzasidan bergan savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi. 

Davra suhbatida kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan muhim vazifalar belgilab olindi.


Report Page