Oldin pul, keyin she’r. Behzod Fazliddin yana bir xonandaning “cho‘ntagini qoqdi”

Oldin pul, keyin she’r. Behzod Fazliddin yana bir xonandaning “cho‘ntagini qoqdi”


O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Behzod Fazliddinning she’rini mualliflik huquqlarini buzgan holda kuylagan yana bir xonanda Elyor Temirov ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Farg‘ona viloyat adliya bosh boshqarmasi xabar berdi.

Behzod Fazliddin o‘ziga tegishli “Og‘riq” nomli she’riga nisbatan mualliflik huquqlari buzilgani yuzasidan Adliya boshqarmasiga murojaat qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ruxsatsiz foydalanilgani da’vo qilinayotgan ushbu she’r 2007 yilda yozilgan hamda shoirning “Sen qachon gullaysan” (2008), “Tushlaringdan chiqib keldim” (2017) nomli kitoblarida chop etilgan.

Bu she’r muallifning ruxsatisiz Farg‘ona viloyati Quva tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan “Og‘riq” yoki “Egamizga nima deymiz” nomi bilan qo‘shiqqa aylantirilgan va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan. Natijada huquqbuzarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-1-moddasi birinchi qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda jarima jazosi tayinlangan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda, jumladan, asarni barchaning e’tiboriga yetkazish, asarni omma oldida ijro etishda mutlaq huquqlarga ega. Yuridik va jismoniy shaxslar asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishi mumkin. Asardan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki yo‘qligidan qat’iy nazar, asardan foydalanilgan, deb hisoblanadi.

Avvalroq shoir Behzod Fazliddinning “Ayyor do‘stlarim” she’rini hech qanday ruxsatsiz kuylagani uchun xonanda A.Shermatov ham jarimaga tortilgandi.


image




Report Page