“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan “Jamiyatda xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini o‘rganish” mavzusida tadqiqot olib borildi

“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan “Jamiyatda xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini o‘rganish” mavzusida tadqiqot olib borildi

“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti

Telegram | Facebook | Instagram| Sayt | Bizning loyihalarimiz


Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-yanvarda “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan bo‘lib, hujjatda “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish” konsepsiyasi tasdiqlandi. Mazkur Konsepsiya jamiyatda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishning asosiy yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilab beradi.

  Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirishga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti mutaxacsislari tomonidan olib borilgan “Jamiyatda xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini o‘rganish” mavzusidagi tadqiqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham aynan xotin-qizlarning huquqiy ongi va madaniyati darajasi, mavjud holat, muammolarni tadqiq etish orqali ularning huquqiy madaniyatini yana-da oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Shu maqsaddan kelib chiqqan holda quyidagi vazifalarni bajarish va masalalarni aniqlashga alohida urg‘u berildi:

  • xotin-qizlarning qadriyatlar tizimini tahlil qilish;
  • xotin-qizlarning o‘z huquqlari va majburiyatlaridan xabardorlik darajasini aniqlash;
  • xotin-qizlarning huquqiy savodxonlik darajasini aniqlash;
  • ayollarning huquqiy savodxonligi va madaniyati oshishiga to‘sqinlik qiladigan omillarni aniqlash;
  • xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini yana-da oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish.

Tadqiqot obyekti sifatida 18–50 yosh oralig‘idagi xotin-qizlar va ularning huquqiy madaniyati darajasi olindi. Jamiyatimizda xotin-qizlarning huquqiy savodxonligi darajasi yuqori yoki pastligining asosiy sabablari sifatida anʼanaviy turmush tarzi, yashash hududi (qishloq), ijtimoiy kelib chiqishi, maʼlumoti, oila tipi, jamiyatdagi ustuvor qadriyat va meʼyorlarga bog‘liq bo‘lganligi inobatga olingan holda xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini oshirishning samaradorligiga taʼsir etuvchi omillar, muammolar va to‘siqlar o‘rganildi.

Tadqiqotda birlamchi maʼlumotlar to‘plash metodi sifatida so‘rov va test usullaridan foydalanildi.

Hududlarni tanlash mamlakatning geografik-madaniy bo‘linishidan kelib chiqqan holda amalga oshirildi. Unga ko‘ra, janubiy hudud – Qashqadaryo, markaziy hudud – Samarqand, yangi shakllangan hudud – Sirdaryo, sharqiy (vodiy) hudud – Farg‘ona, alohida milliy-hudud – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va poytaxt sifatida Toshkent shahri tanlandi.

Tadqiqotga jami 800 kishi jalb etilgan edi. Maʼlumotlarni kompyuterda qayta ishlash uchun 797 ta so‘rov varaqasi yaroqli deb topildi va maʼlumotlar shu natijalar asosida tahlil qilindi. Hududlar bo‘yicha respondentlarni bu kabi tanlab olish kvotali tanlash usuli, yaʼni o‘sha hududlarda istiqomat qiladigan aholining umumiy sonidan kelib chiqqan holda amalga oshirildi.

Respondentlarning hududlar bo‘yicha taqsimoti quyidagicha

(son va foiz ko‘rinishida).

Tadqiqotga jalb etilgan xotin-qizlarning 440 nafari, yaʼni 55,2 foizini shahar, 357 nafari, yaʼni 44,8 foizini esa qishloq joylarida istiqomat qiluvchi respondentlar tashkil etdi.

Tadqiqot o‘z ichiga:

  • xotin-qizlarning huquqiy savodxonlik darajasi;
  • xotin-qizlarning qadriyatlar tizimi;
  • ayollarning huquqiy savodxonligi va madaniyati oshishiga to‘sqinlik qiluvchi omillar singari mavzularni qamrab oldi.

Dastlab xotin-qizlarning huquqiy savodxonlik darajasini aniqlab olish maqsadida ishtirokchilarga “Siz odatda qanday holatlarda huquqiy maʼlumotga muhtojlik sezasiz?” degan savol bilan murojaat etdik.

Natijalardan ayonki, ishtirokchilarning katta qismi bank va moliya masalasida huquqiy bilimlari yetishmasligini maʼlum qilishgan.

Tadqiqot o‘zbek oilalarida jismoniy kuch yoki haqoratli so‘zlar bilan kamsitilish holatlari tez-tez uchrab turishini ko‘rsatdi.

So‘rov davomida ayollardan oilada turmush o‘rtog‘i tomonidan jismoniy kuch yoki haqoratli so‘zlar bilan kamsitilish holatlari borasida so‘ralganida olingan javoblarda ijobiy va salbiy holatlar kuzatildi. 60,0 foizga yaqin ayollarning o‘z turmush hayotlarida bu kabi zo‘ravonlik va kamsitilishlarga duch kelishmagani ijobiy holat sanaladi. Qolgan javoblar kishini tashvishga solishi aniq. Har to‘rtinchi ayol (25 %) baʼzi holatlarda, 7 foiz ayol uchun esa bu odatiy hol ekanligi, 9 foiz ayol bu savolga javob berishni istamaganini inobatga olgan holda oilalarning deyarli 40 foizida ayollarga u yoki bu ko‘rinish va jadallikda turli zo‘ravonlik, kamsitish va zug‘um o‘tkazilmoqda, degan xulosaga kelish mumkin.


Oilangizda sizga nisbatan turmush o‘rtog‘ingiz tomonidan jismoniy kuch yoki haqoratli, kamsitadigan so‘zlar (so‘kishlar) qo‘llanadimi?

Hududlar kesimida qiyoslaganda, bunday salbiy holat ko‘proq Sirdaryo (66,0%) va Samarqand (50,0%) viloyatlarida aniqlandi.

Navbatdagi savol ayollarning oiladagi kamsitilish va zo‘ravonlik holatlarida o‘zlarini qay tarzda tutishlarini aniqlash maqsadida berildi. Olingan maʼlumotlarda aksariyat ayollarning bu holatda turmush o‘rtog‘ining ko‘nglini olishga, tinchlantirishga harakat qilishi (50,6%) maʼlum bo‘ldi. Natijalar asosida shu kabi vaziyatlarda o‘z haq-huquqini talab qilish (11,6 %), hatto zo‘ravonlikka zo‘ravonlik bilan javob qaytarish (8,6 %), muammoni ota-ona va qaynona-qaynota (6,1%) yoki profilaktika inspektori (5,7%) yoxud mahalla (5,0%) orqali hal qilish holatlari ham kuzatilishi aniqlandi.

Yuqoridagilar asosida aksariyat hollarda ayollarning eri bilan kelishishga harakat qilishi va muammoli vaziyatni oilada hal etishga urinishi, albatta, milliy va diniy mentalitetimizga xos bo‘lgan ayol kishining eridan bir pog‘ona past turishi lozimligi hamda uydagi gapning ko‘chaga chiqmasligi kerakligi bilan izohlash mumkin.

Oilaviy hayotda o‘z haq-huquqlarining buzilishiga duch kelganida o‘zbek ayollarining aksariyati mazkur muammoni o‘zlari hal qilishlarini (45,8%) maʼqul ko‘rishi maʼlum bo‘ldi. Qolgan respondentlar, asosan, yordam so‘rab mahallaga (15,5%), ota-onasiga (14,4%), huquqni muhofaza qilish organlariga (9,9%), advokatga (4,4%), yaqin qarindoshlariga (3,2%) murojaat qilishini bildirishdi. Undan tashqari, 4 foizga yaqin respondentning bunday vaziyatda hech narsa qilmasliklari maʼlum bo‘ldi.  

Oilada haq-huquqingiz buzilganda yoki poymol bo‘lganda kimga murojaat qilasiz?


So‘rovda ishtirok etgan ayollarning 74 foizi ish faoliyati bilan bandligini maʼlum qilgan. Ularga ish joylarida qonun buzilishi va huquqni poymol qilish holatlari yuzasidan savol berganda ovozlar qariyb teng ikkiga ajralganini ko‘rishimiz mumkin

 

Ish joyingizda qonun buzilishi va huquqni poymol qilish holatlari bo‘ladimi?

Qonun va huquqning buzilishi kimga nisbatan sodir etilganini bilish maqsadida yo‘llangan savolga olingan javoblar biroz o‘ylantirib qo‘ydi. Eng ko‘p ovozni (32,8%) “javob berishim qiyin” va “barcha xodimlarga nisbatan” (29,4%) degan javoblar oldi. Har holda xotin-qizlarga nisbatan qonun va huquq buzilishi xolatlari u qadar ko‘p emasligi (11,5%) gender nuqtayi nazaridan kamsitilish borasidagi vaziyat salbiydan ko‘ra ko‘proq ijobiy ekanligidan dalolat bermoqda

 

Qonun va huquqni buzish holatlari ko‘proq kimga nisbatan sodir bo‘ladi?

Ayollarning faolligi va huquqiy savodxonlik darajasini bilish maqsadida ularning biror-bir muammo yoki masala bo‘yicha mutasaddi tashkilotga ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilganliklarini aniqlashga va bunda ularning xatti-harakatlari qanday bo‘lganini bilishga harakat qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, 64,0 foiz xotin-qizlar mazkur harakatlarga qo‘l urishmagan. Qolgan 40 foizga yaqin respondentlar tashkilotlarga ariza yoki shikoyatlar bilan murojaat qilishganida ularning 42 foizi bu ishni o‘zlari amallagani, qolgan respondentlar esa yaqin insonlari, huquqiy firmalar yoki huquqiy bilimga ega bo‘lgan insonlarning ko‘magidan foydalangani qayd etildi. Demak, ayollarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini yaxshi darajada, deb baholab bo‘lmaydi

 

Biror tashkilotga ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilganmisiz?

Ijtimoiy taʼminot bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganida ayollarning aksariyati “qonuniy yo‘l bilan murojaat qilish orqali” (54,5%) degan fikrni bildirishgan. Shu bilan birgalikda, turmush o‘rtog‘i orqali (27%), pul berish orqali (9,1%), tanishlarni o‘rtaga qo‘ygan holda (6%), ijtimoiy tarmoq va blogerlarga murojaat qilish orqali (0,9%) muammolarni yechishga harakat qilish holatlarini kuzatishimiz mumkin. Mazkur maʼlumotlar orqali ayollar o‘rtasida har yarmidan ko‘pi muammolarini qonuniy yo‘l bilan hal etishga urinishlari namoyon bo‘lmoqda.

 “Qonun buzilishi yoki huquqbuzarlik holatlarining guvohi bo‘lsangiz, qanday yo‘l tutasiz?” degan savolga olingan javoblarga qaraydigan bo‘lsak, respondentlarning ko‘p hollarda bu kabi vaziyatlarga befarq bo‘la olmasliklari maʼlum bo‘ldi. Aniqroq qilib aytganda, so‘ralganlarning chorak qismi o‘sha huquqbuzarlikning jabrdiydasiga bu borada maslahat berishi (26,1%), yana shuncha qismi huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishi (24,7%), 15 foizga yaqini esa bevosita jarayonga o‘zi aralashishini bildirishdi. 12 foizga yaqin respondentlar javob berishga qiynalgan bo‘lishsa, qolganlari muammoli vaziyatga o‘zi tushmasligi uchun aralashmasligi, indamay ketishi va vaziyatga ko‘ra ish tutishini maʼlum qilishdi.

Demak, ayollar huquqbuzarlik holatlariga nisbatan ko‘p hollarda befarq bo‘la olishmaydi va bunday salbiy jihatlarga o‘z munosabatlarini maslahat berish, tegishli idoralarga xabar berish yoki jarayonga bevosita aralashish orqali namoyon qilishadi. Shu bilan birga, o‘ziga ishonchsizlik, saviyasining yetmasligi va muammoga duch kelishdan qo‘rqish kabi sabablar tufayli huquqbuzarliklarga nisbatan befarq respondentlar ham yo‘q emas.

Guvohi bo‘lganingizdek, ayollarning huquqiy savodxonligini o‘rganish maqsadida 5 ta test savollari bilan murojaat qilindi. Mazkur savollarga berilgan javoblarning umumiy to‘g‘rilik darajasi 43,7 foizni tashkil etmoqda. Bu holat ayollar orasida huquqiy savodxonlik darajasi yuqori darajadan ancha past ekanini ko‘rsatmoqda.

Respondentlarning qonun, huquq va burch borasidagi tasavvurlarini o‘rgangan holda jamiyatimizda aksariyat ayollarimizda bu tushunchalar mohiyati borasida yetarlicha tasavvur mavjudligini ko‘rsatmoqda. Olingan natijalarning viloyatlar, yosh va maʼlumotlilik darajasiga ko‘ra tahlili umumiy natijaga yaqin ekanligi aniqlandi. Aksariyat respondentlar qonun va huquq tushunchalarini erkinlikning taʼminlanishi hamda adolatning o‘rnatilishi sifatida talqin qilishgan. Burch esa, eng avvalo, ularning jamiyat, davlat va atrofdagi insonlar oldida bajarishi kerak bo‘lgan majburiyatlari sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Biz tadqiqot natijalarini eʼlon qilishda davom etamiz. "Oila va xotin-qizlar" ilmiy-tadqiqot instituti rasmiy saytini kuzatib boring.



Report Page