Ogʻir atletika: Toshkent 10 kun mobaynida dunyo eʼtiborida boʻladi

Ogʻir atletika: Toshkent 10 kun mobaynida dunyo eʼtiborida boʻladi


Ertaga, 7-dekabr kuni Toshkentda dunyo sport olamining eng nufuzli musobaqalaridan biri – ogʻir atletika boʻyicha kattalar oʻrtasidagi 86-jahon chempionati bahslari boshlanadi.

Xalqaro olimpiya qoʻmitasi kabi nufuzli tashkilotlar va dunyodagi minglab ogʻir atletika sport turi mutaxassislari, ishqibozlari diqqat-markazida boʻlgan ushbu nufuzli chempionat sabab xalqaro sport maydonida Oʻzbekistonga qiziqish har qachongidan ham yuqori boʻlib qolmoqda.


Xorijiy nashrlar, internet tarmoqlarida Oʻzbekiston, Toshkent, 86-jahon chempionati mavzusi bot-bot tilga olinmoqda. Xalqaro sport olamida rasmiy axborotlar tarqatish borasida oʻz oʻrniga ega Insidethegames sayti deyarli bir oydan beri har ikki kunning birida mazkur jahon chempionatiga bagʻishlangan maqola va xabarlarni chop etib kelmoqda.


Kuni kecha ushbu sayt Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi(IWF) oldidagi 160 ming dollar qarzini toʻlab bergan Misr davlati ogʻir atletikachilariga Toshkentda oʻtadigan jahon chempionatida qatnashishga ruxsat berilgani toʻgʻrisidagi xabarni chop etdi.


Xabarda aytilishicha, Misr ogʻir atletika federatsiyasiga IWF oldidagi majburiyatlarini toʻliq bajarganligi hamda tashkiliy qoʻmita roziligi bilan Oʻzbekistonga borishiga izn berildi hamda Toshkent sport maydonlarida Misrning 6 nafar sportchisi – Muhammad Exaba (81 kg), Karim Xala (89 kg), Axmad Ashur, Yaser Abdallax Galal (96 kg), Axmad Abdel-Xamid Gabr (+ 109 kg) va ayol ogʻir atletikachilardan Neama Said (64 kg) hamda Xalima Abdel-Azim (+87 kg) qatnashish huquqiga ega boʻldi.


Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi bosh kotibi Baxtiyor Abdukarimovning bildirishicha, bugungacha 86-jahon chempionatida ishtirok etish uchun Ukraina, Bangladesh, Janubiy Koreya, Filippin, Tunis, Tailand, Malayziya kabi yigirmaga yaqin davlatlarning terma jamoalari Toshkentga yetib kelishdi hamda poytaxtimizdagi belgilangan sport zallarida musobaqaga tayyorgarlik mashgʻulotlarini olib borishmoqda.


Chempionatda qatnashish uchun mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijiy sport delegatsiyalari Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi va aloqador tashkilotlarning mutaxassislaridan tuzilgan maxsus guruh tomonidan tantanali kutib olinmoqda.


Eslatib oʻtamiz, ogʻir atletika boʻyicha 86-jahon chempionati bahslari 7-17-dekabr kunlari poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida boʻlib oʻtadi. Unda dunyoning 74ta davlatidan 187 nafar xotin-qiz va 245 nafar erkak ogʻir atletikachilar qatnashish uchun talabnomalarni taqdim etgan.


Ahamiyatlisi, 10 kun davom etadigan chempionat bahslarida Rio-2016, Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari gʻoliblari, jahon chempionlari, turli darajadagi xalqaro turnirlarning gʻolib va sovrindorlari jahonning eng kuchli sportchisi boʻlish uchun maydonga chiqishadi. “Yunusobod” sport majmuasida oʻtadigan murosasiz kurashlardan translyatsiyalar dunyoning 50dan ortiq mamlakatlariga toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etiladi.


Mazkur nufuzli jahon chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qiladigan Oʻzbekiston ogʻir atletikachilari bugun, 6-dekabr kuni tongda Ukraina davlatida oʻtkazilgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini yakunlab, yurtimizga qaytib kelishdi.


Darvoqe, bugun soat 16:00da “Yunusobod” sport majmuasida jahon chempionati oldidan ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etiladi. Barcha turdagi OAV xodimlari va blogerlarni ushbu tadbirga taklif etamiz.


Toʻlqin Roʻziyev tayyorladi


Turizm va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Report Page