Odamlar qo‘lga kiritishni istamaydigan mukofot yoxud Darvin mukofoti nima o‘zi?

Odamlar qo‘lga kiritishni istamaydigan mukofot yoxud Darvin mukofoti nima o‘zi?

Sohib Uzoqov

Har birimiz hayotning qora tomoni bilan qachondir to‘qnash kelganmiz. Lekin hayotda shunday odamlar borki ular bilan taqqoslaganda siz o‘zingizni haqiqiy omadliman deb hisoblashni boshlaysiz. Bu uchun siz Darvin mukofoti haqida ozgina tushunchaga ega bo‘lsangiz va sovrindorlar qilgan xatolarni takrorlamasangiz kifoya. Demak boshladik.

Davin mukofoti - bu har yili eng ahmoqona tarzda vafot etgan yoki insoniyat genofondiga farzand ko‘rish qobiliyatini o‘ziga hos tarzda yo‘qotishi natijasida hissa qo‘shish imkonidan mahrum bo‘lgan odamlarga beriladigan virtual "mukofot" hisoblanadi.

Mukofot sovrindorlari haqida ko‘rgan yoki eshitgan har qanday ziyoli odam, biror bir korxona oddiy ishchisi, hatto uyda televizor ko‘rib o‘tirishdan boshqa ishga yaramaydigan odam ham, laureat bilan taqqoslaganda o‘zini Eynshteyn yoki Da Vinchidek his qiladi.

Charlz Robert Darvin

XIX asrda ingliz olimi Charlz Darvin o‘zining evolutsiya nazariyasi asosiy mexanizmi etib tabiiy tanlanishni e'tirof etdi. Ya'ni bu degani yashash uchun kurash natijasida foydali individual oʻzgarishlarga ega boʻlgan organizmlarning yashab, nasl qoldirishi, foydasiz oʻzgarishlarga ega boʻlgan organizmlarning esa qirilib ketishi, yaʼni moslashgan formalarning yashab qolishi va moslashmagan formalarning nobud boʻlishidir. Aynan shu jihat inobatga olinib, mukofotga Darvin nomini berishgan.

Ingliz Wikipediasiga ishonadigan bo‘lsak, 1980-yilda noma'lum yigit bir necha xil o‘ziga xos kulguli tarixlarni yig‘ib, ularning bosh qahramonlariga Darvin mukofotini berishni boshlagan ekan. Keyinchalik esa boshaqasi shu ishni qiladi. Ushbu o‘ziga xos tarixlarga qiziqqan biolog Vendi Nortkat 1997-yilda www.darwinawards.com saytini yaratadi hamda hamma voqealarni bu yerda yig‘adi. Hozirda bu sayt, rasmiy sayt hisoblanadi.

Bu mukofot ertalab oyoq kiyimi bog‘ichini bog‘lashni unutib, tog‘dan yiqilib o‘lib qolgan hammagayam berilavermaydi. Bu uchun ma'lum bir shablonga asoslangan o‘limga o‘xshamaydigan, o‘ziga xos fikrlash mahsuli natijasida ko‘ngilsiz hodisa vujudga kelishi tufayli o‘lgan odamlarga beriladi.

Bu mukofotni qo‘lga kiritish uchun odamlar ishonish qiyin bo‘lgan darajada kulguli nihoyaga ega bo‘lishlari va bu bilan insoniyat genofondidan o‘zlarini o‘chirishlari kerak bo'ladi. Ushbu mukofotga nomzodlar quyidagi 5 mezonga mos tushishlari kerak:  

1. Reproduksiya. Da'vogar nasl qoldirmasligi kerak: hodisaning asosiy qahramoni bo‘lib, o‘lishi yoki nasl qoldirish imkoniyatini yo‘qotishi kerak.  

2.Qoyilmaqomlik.  Nominant,  ta'kidlab o‘tilgandek oddiy tarzda o‘lmasligi kerak. O‘zini o‘ldirishi original va aqlga sig‘maydigan darajada bo‘lishi kerak.  

3. Ixtiyoriylik. Da'vogarni "komediya"ga olib keluvchi qaror o‘ziga tegishli bo‘lishi kerak.  

4. Yetuklik. Nomzod balog‘atga yetgan va fikrlash qobiliyati joyida bo‘lishi kerak. Ruhiy kasalliklar, masalan Daun sindromi yoki Alsgeymer bilan kasallanganlik nomzodni mukofotdan mahrum qiladi.  

5. Halollik. Voqeaning ishonarli manbasi va joyi bo‘lishi kerak.

Darvin mukofotiga nomzodlaridan biri deb, XX asr boshlarida o‘lgan advokatni aytib o'tish mumkin. U himoya qilayotgan gumondorni barda odam otib o‘ldirishda ayblashadi. Advokat esa bu ko‘ngilsiz voqeaga o‘lgan odamning o‘zini otib qo'yishi sabab bo‘lgan, deb ta'kidlaydi. Va buni sud hay'atiga isbotlash maqsadida sudya yonida turgan o‘qlanmagan pistoletdan o‘sha odam o‘zini qanday otgan bo‘lsa, shunday otib ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Lekin o‘qlanmagan pistolet o‘rniga o‘qlanganini olganligi sababli advokat o'zini otib qo'yadi. Bu tariqa ishonarli himoyadan keyin sudya gumondorni oqlashga majbur bo'ladi.

Yana bir holatda Mumbaylik biznesmen hech qachon ekstremal sport turlari bilan shug'ullanmagan bo'lsa-da, katta tavakkalga qo'l uradi. 2017-yilda chiqqan "Bahubali: afsonaning tug'ilishi" filmi ko'rgan tadbirkor undagi epizodlardan birini - bosh qahramonning sharshara uzra sakrashini takrorlab ko'rishga qaror qiladi. Filmdan ilhomlanib sharsharaga sakragan qahramonimiz fizika qonunlari hamda film ijodkorlarining mahoratlarini inobatga olmagandi. Bunday balandlikdan qulashning nima bilan yakunlanishini tasavvur qilish qiyin emas.

22 yoshli Erik Barsa butun umr qahramonona harakat sodir etishni orzu qilardi. Kunlarning birida u temir yo'l trassasidan pastga sakrashga qaror qiladi. Buning uchun u yerdan biroz yuqorida to'xtashi kerak bo'lgan elastik temir simdan foydalanmoqchi bo'ladi. Trassadan sakragan Erik bir necha soniyada yerga "chalpak" bo'lib yopishib qoladi. Keyinchalik aniqlanishicha u masofani biror bir o'lchov asbobida emas, shunchaki o'z ko'zlari bilan o'lchagan ekan. Mukofot haloling bo'lsin!

Mukofotning 2009-yildagi sovrindori gaz suvli avtomatdan tekinga suv olmoqchi bo'ladi. Buning uchun avtomatni bor kuchi bilan qattiq silkita boshlaydi. Oxir oqibat muvozanatni yo'qotgan avtomat bo'lajak sovrindorning ustiga qulab tushadi. Original uslub!

Nyu-Yorklik Ken Charlzning telefoni qorong'u tunda jiringlab qoladi. Uyqusirab yotgan Ken telefon go'shagi o'rniga pistoletni oladi va .... Bir necha oydan keyin Darvin mukofoti egasiga aylanadi. Albatta, mukofotni o'zi qabul qilib olmagan bo'lsa kerak.

28 yoshli Rodjer mashina o'g'irlab, keyin uni yoqib yuborardi. Ammo bir safar mashinaga yaxshilab o't qo'ygach uning ichidan chiqib keta olmay qoladi: eshik ochqichi buzilib qolgandi. Mana yana bir nomzod tayyor. Ammo uni mukofotga tavsiya etishmaydi.

Yuqorida siz bilan o'ziga xos sovrin haqida gaplashib o'tdik. Bunday mukofot hech bir yaqinimizga nasib qilmasin.

Report Page