Yil yakunlari va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi

Yil yakunlari va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi

@adliya

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Ochiq adliya” (“Open_justice”) dasturiga muvofiq matbuot anjumani tashkil etildi. 

Unda boshqarma boshlig‘i Saloxiddin Sattarov, AOK Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshlig'i Aziz Esanov, jurnalistlar, ijtimoiy tarmoq faollari, blogerlar, veb-saytlar adminlari, boshqarma, tashkilot va muassasalar axborot xizmati rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda Adliya boshqarmasi boshlig'i S.Sattarov viloyatda 2023-yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va istiqboldagi rejalar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, boshqarma va tuman (shahar) adliya bo‘limlariga o‘tgan 2023-yil davomida jami 4 355 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 3829 tasi qonuniy hal etildi. 

Aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 972 ta taqdimnoma va 2693 ta ogohnoma kiritilgan. 777 nafar shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida 764 nafar aybdor shaxslarning intizomiy javobgarlikka tortilishi, 7 mingdan ziyod noqonuniy hujjatlarning bekor qilinishi ta’minlangan.

Sudlarga 21 mlrd 912 mln so‘mlik 692 ta da’vo arizalari kiritildi. Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida hozirgi kunda tadbirkorlar va fuqarolarga jami 50 mlrdga yaqin pul mablag‘lari undirib berildi.

Matbuot anjumanida adliya organlari faoliyatiga oid statistik ma’lumotlar ochiqlandi. FHDY, davlat xizmatlari va yuridik xizmat ko‘rsatish sohasidagi ishlar alohida tahlil qilindi.

Qizg‘in munozara asosida o‘tgan matbuot anjumani davomida jurnalist va blogerlar tizim faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. 

“Ochiq adliya” dasturi asosida tashkillangan media muloqot Boyovut tuman adliya bo‘limida davom etdi. Press-tur mobaynida ishtirokchilar tuman adliya, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, DXM, FHDY organlari tomonidan aholiga huquqiy va davlat xizmatlari ko‘rsatilishi jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. 

OAV vakillari davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurgan fuqarolar bilan ham suhbatlashib, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati bilan qiziqdilar.

Darhaqiqat, bugungi kunda davlat xizmatlari markazlarida aholi uchun har tomonlama kulayliklar yaratilgan. Eng muhimi, Markazlar orqali inson kundalik hayotida zarur bo‘lgan 300 dan ortiq turdagi davlat xizmatlaridan ortiqcha ovoragarchiliksiz, tez fursatda, qulay hamda byurokratik to‘siqlarsiz foydanishi mumkin.

Endilikda markazlar orqali ichki ishlar bo‘limlari bilan bir vaqtda O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish bosqichma-bosqich tashkil qilinmoqda. Ushbu imkoniyat Boyovut tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazida ham yo‘lga qo‘yildi. Press-tur ishtirokchilari ushbu xizmat jarayonlarini ham bevosita kuzatdilar.

Bir so‘z bilan aytganda, adliya bilan muloqot tizim faoliyati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.  


Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati

Report Page