O'ZBEKISTON VA YAPONIYA HAMKORLIK UCHRASHUVI.

O'ZBEKISTON VA YAPONIYA HAMKORLIK UCHRASHUVI.


2019-yil 27-oktabr Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga Yaponiya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (JICA) ning vitse prezidenti Kazuxiko Koshikava va Yaponiya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (JICA ) ning Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari bo'yicha departmenti bosh direktori o'rinbosari Key Toyama boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. 

Yaponiyalik mehmonlar bilan institut 71-kichik majlislar zalida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda institut rahbariyati jumladan, institut rektori Xudoynazar Beknazarovich Yunusov, soha prorektorlari, fakultet dekanlari , Xalqaro aloqalar bo'limi, "Dehqonchilik" , "Meva-sabzavotchilik va uzumchilik" kafedrasi hamda "Chorvachilik mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash" kafedrasi professor o'qituvchilari va talaba magistrantlar ishtirok etishdi. 

Uchrashuvda O'zbekiston va Yaponiya davlatlari o'rtasidagi do'stona munosabatlar, kengayib borayotgan hamkorlik aloqalari va amalga oshirilayotgan loyihalar to'g'risida suhbat bo'lib o'tdi. Vitse prezident Kazuxiko Koshikava amalga oshirilayotgan hamkorlik ishlaridan minnatdorligini bildirib, kelgusi rejalar bilan o'rtoqlashdi, ya'ni o'zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, fan va ta'lim rivojiga munosib hissa qo'shishini ta'kidladi. 

Shundan so'ng, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent Shavkat Xasanov tomonidan Yaponiya Xalqaro Hamkorlik Agentligi ( JICA ) tomonidan moliyalashtirilgan "O'zbekistonda olma yetishtirishning zamonaviy texnologiyalarini joriy qilish orqali fermerlar daromadini oshirish" loyihasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan taqdimot qilindi. 

Uchrashuvdan so'ng, mehmonlar institutning 44-xonasida joylashgan 2 tonna sig'imga ega sovutgichda saqlanayotgan olmaning Fuji navi hosili bilan tanishdilar. Loyiha doirasida institutga taqdim etilgan asbob-uskunalarning ishlatilishi bilan qiziqishdi. Shundan so'ng, institut hududida 10 sotih maydonda tashkil etilgan Fuji navi intensiv modul bog'ida olma yetishtirishning o'ziga xos jihatlari, soha istiqbollari to'g'risida kafedra mudiri Sobir Sanayev  mehmonlarga ma'lumot berib o'tdi. 


O'tgan uchrashuv barchada katta qiziqish uyg'otdi va mehmonlarga institutda yetishtirilgan Fuji olma mevalari taqdim etildi.


SamVMI axborot va matbuot xizmati:

Report Page