O‘ZBEKISTON TALABASI: kecha va bugun
Biz odatda ko‘pgina erishilgan yutuqlarga tezda moslashamiz va kechagi kun esimizdan chiqgudek bo‘lamiz. Aslida har bir ulkan natijalar, islohotlar tagida kuchli iroda, uzoqni uylab qilingan mashaqqatli yo‘l bor. Hurmatli suhbatdoshim bugun sizga yaqin kunlargacha oliy ta’limdagi mavjud millionlab yoshlar hayotida chigalliklarni solib kelgan va o‘zingiz bilgan ikkita “eng katta xato”ni esingizga solaman.
Malakatimiz Rahbari Prezidentlik lavozimiga kirishgan kunlaridanoq yoshlar siyosati va sifatli ta’limga keng e’tibor qaratdilar. Bugun yoshlarni tom ma’noda yangi O‘zbekistonning baxtiyor yoshlari deyishga to‘liq asoslar bor. Buning isbotini so‘ngi yetti yilda barcha sohalar singari oliy ta’lim tizimidagi yoshlar hayoti misolida ham aytish, ularni kuzatish mumkin.
1-avgust...
Eslang, 1-avgust – minglab yoshlarni hayotiga ulkan burilishlar qilgani. Ya’ni test sinovlari bir kunda o‘tadi, bitta ta’lim yo‘nalishini tanlaysiz xolos! Endi uning jamiyatdagi salbiy asoratlariga to‘xtalsak.
Birinchidan, sanoqli oliy ta’lim muassasasi, kvota o‘rinlari yetarli emas va har bir abituriyent topshirgan ta’lim yo‘nalishiga
1 o‘ringa 15 tadan 30 tagacha nomzod bor hamda test sinovlarini o‘tkazish uchun abituriyentga yetarli sharoitlar yo‘q edi. Bunday holatlar o‘z navbatida inson aqli va imkoniyatlarini haddan tashqari cheklashga olib kelardi. O‘z-o‘zidan “jarayonlar” oliy ta’limda korrupsiyani keng tarqalishiga imkoniyatlar eshigini ochardi. Ayrim “Tankalar”, “Uchar paravozlar”, “Ishbilarmonlar”ning o‘qishga kiritishning ming “makri”, “uslublari”, “aylanma yo‘llari”ni qidirib jamiyatda bora bora aholi o‘rtasida “Puling bo‘lmasa yoki kimnidir ko‘rmasang, o‘qishga kira olmaysan”, degan xulosaga kelishlarigacha olib keldi.
Ikkinchidan, talaba bo‘la olmagan yoshlarni jamiyatdan norozi kayfiyati ya’ni “Bizni jamiyatda adolat yo‘q!”, degan fikrni shakllanishi, davlatdan norozi yoshlar soni ko‘payishiga sabab bo‘ldi. 10-15 yil ilgari yoshlardan “o‘qishga kira olmasang nima qilasan?”, deb so‘ralganda “Rosssiya yoki biror davlatga mingrant bo‘lib ishlashga ketaman”, der edi. Achinarli tomoni shundaki, aksariyat yoshlar o‘qishga kira olmaganligi tufayli jamiyatda mavhum bo‘shliqda muallaq qoldi ya’ni uning “kollej”ga yetarli darajada kasb o‘rganmaganligi, qo‘lida biror kasbi yo‘q va o‘zini o‘nglab ketish uchun ham davlat tomonidan hozirgidek “Yoshlar daftari” kabi 25 turdagi yoshlarni hayotga yo‘naltiradigan, qo‘llab-quvvatlov tizimlari bo‘lmagan. Natijada uyushmagan yoshlar qatlami ya’ni kim? qayerga? desa ergashadiganlar soni ortib boraverdi. Yashab turgan jamiyatidan hafsalasi pir bo‘lgan bu kabi yoshlar har qanday zararli va vayronkor yot g‘oyalarga arzimas sabablar bilan ergashib ketgan holatlari juda ko‘p bo‘lgan.
Uchinchidan, 8 yil ilgari abituriyent ming azob va qiyinchiliklar bilan o‘qishga kirganidan so‘ng ham uning navbatdagi “Azobli davr” davom etardi. Ya’ni talabalik uchun to‘lov kontrakt summasini
15 sentyabrgacha to‘lash, talabalikdan chetlatish, paxta terish, mavsumiy ishlarga jalb qilinish, obodonlashtirish va ko‘cha-kuyda gul, ko‘chat ekish kabi qancha hayotiy tashvishlar kutardi. Bularning har biri sanoqda oddiy ko‘rinar, lekin aslida har biri talaba uchun katta muammolar “eshigi” edi.
Yurtimiz Rahbarining so‘ngi yetti yilda yurtimizda oliy ta’limni isloh qilish jarayonida yuzlab yangi amaliy islohotlar qatorida abituriyentlarni talabalikka qabul qilish uchun ham keng imkoniyat va imtiyozli tizimlar yo‘lga qo‘yildi.
Birinchidan, bugungi yoshlar – abituriyentlar uydan turib on-layn tarzda hujjatlarini o‘zi istagan 5 ta ta’lim muassasasiga mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha hujjat topshirish imkoniyati yaratildi. Endi birgina hujjat topshirish uchun Qoraqalpog‘istondan, Xorazmdan, Surxondaryodan, Andijondan va boshqa viloyatlardan Toshkentga uzoq kilometrlarni bosib, ko‘pgina vaqt, mablag‘ sarf qilmasdan uydan turib hujjatlarni on-layn topshirish imkoniyati yaratildi. Hatto Toshkentdagi oliygohlarning uzoq hududlarda filiallari ochildi. Test sinovlari esa shaffoflikni ta’minlash uchun katta sport maydonlari, yirik pavilion va inshootlarda barcha qulayliklari ta’minlangan holda bir oy davomida o‘tkazilmoqda. Bunda hech kim na telefon orqali va na boshqa “yordamchi kuch”lar orqali ortiqcha hatti harakatni qilaolmaydi. Ota-onalar uchun ham kutish joylari va on-layn tarzda o‘z farzandini imtihon topshirish jarayonlarini kuzatish uchun ham sharoitlar yaratildi. Bugun test sinovi imtihonlariga kelib “adolatsizlik bo‘ldi”, “korrupsiogen holat kuzatildi”, “Shaffoflik bo‘lmadi” kabi salbiy fikrlarni hech kim ayta olmaydi. Chunki bunga sabab, sharoit ham, imkoniyat ham qoldirilmadi.
Ikkinchidan, bugun har bir yoshni oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun Davlat Rahbari tashabbusi bilan qabul parametrlari soni bir necha karraga oshirilib, nomdor stipendiya, davlat mukofoti sovrindorlari, nogironlar, xotin-qizlar, harbiy xizmatchilarning farzandlari, qoraqalpog‘istonliklar uchun va boshqa bir qancha maxsus kvota o‘rinlari ajratildi. Ko‘plab xususiy, xalqaro va qo‘shma dastur ta’limi doirasida oliygohlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bugun oliy ta’lim muassasalari soni salkam uch marta ko‘payib, 210 taga, qamrov darajasi esa 9 foizdan 38 foizga yetgani zamonaviy ilm va kasb sohalarini egallashda o‘g‘il-qizlarimiz uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Abituriyentlar hech ikkilanmay o‘qishga topshirmoqda. O‘zi tanlagan davlat oliygohiga o‘qishga kiraolmagan taqdirda ham xususiy yoki xalqaro oliygohlarga o‘qishini davom ettirish imkoniyati bor.
Uchinchidan, talaba bo‘lishning katta tashvishlaridan keyingi to‘lov kontraktini to‘lashdagi muammolari ham davlat qo‘llab-quvvatloviga o‘tdi ya’ni banklar tomonidan imtiyozli ta’lim kreditlari ajratilmoqda. Oilada ikki va undan ortiq farzandi o‘qiydiganlarning to‘lov kontrakti, yotoqxonada yashash to‘lovlari ham davlat tomonidan ma’lum qismi to‘lab berish tizimi joriy qilindi. Va bu boradagi imtiyozlarni sanasa juda ko‘p.
Paxta mashinasiga aylangan talaba
Eslayman, Buxoro davlat universitetida 2001-2005 yillar o‘qiganimda. Hali birinchi kurs talabalikka qabul buyrug‘i chiqmasdan paxta maydoniga olib chiqishgan. Va bilasizmi menda va men kabi tengdoshlarimda talabalik orzusi, baxti ushalib o‘qishga kirish va keyinchalik sifatli ta’lim olaman, yaxshi mutaxassis bo‘laman ota-onam “Bolam o‘qib katta odam bo‘l, katta olim bo‘l!”, deb qayta-qayta uqtirgan tilaklarini amalga oshiraman degan katta maqsadlar bo‘lgan. Afsuski, men qatori minglab yoshlar viloyatlarda hatto Toshkent shahrida ham ko‘p yillar o‘quv yilini paxta dalasidan boshlagan. Yaqin-yaqinlargacha o‘qituvchi-muallimlar, ayrim joylarda o‘quvchilar ham, uch-to‘rt oylab paxta yig‘im-terimi, chopiq va yagonaga chiqarilgan, natijada o‘qituvchi bir oyda o‘rtacha 80 soat dars o‘tishi kerak bo‘lsa, to‘rt oyda 320 soat yo‘qotadigan vaziyat vujudga keldi. Achinarli tomoni shundaki bunday holat minglab yoshlarni savodsiz qilish, nomiga diplomli qilish, har xil kasallik orttirish kabi ko‘plab ayanchli holatlarni yuzaga keltirdi.
Yurtimiz Rahbarining shaxsiy irodasi bilan amalga oshirilgan islohotlar natijasida mana shunday salbiy holatlarga chek qo‘yildi. O‘zi bekorga “Uch avlod” uchrashuvi muhimligi haqida gapirilmas emas ekan! Ya’ni birinchi va ikkinchi avlod vakillari bilan suhbatlashsak kechagi xotiralarni gapirib, shu kunlarga ularning shukronasini eshitamiz. Talaba uchun ham unga dars beradigan ustoz-muallimlar uchun ham betakror davr bo‘lganiga ishonch hosil qilamiz. Agar hayot g‘ildiragiga qo‘ysang, go‘yoki kecha bo‘lmagandek alanib ketaveradi. Ma’rifatparvar Abdulla Qodiriyning “Mozeyga qarab ish tutmoq xayrlidur”, degan ibratli so‘zlari fikrimizning yorqin misolidir.
Bugun yoshlar sifatli ta’lim olishi uchun barcha qulayliklarga ega zamonaviy binolar, o‘quv xonalari, yashash uchun talabalar turar joylari, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari, iqtidor va qiziqishlarini yuzaga chiqarishlari uchun barcha yo‘nalishlarda ko‘plab klublar, to‘garaklar, sport majmualari yo‘lga qo‘yilgan.
Fikrimizni yorqin namunasi sifatida ko‘pgina oliy ta’lim muassasalarni e’tirof etgan holda Buxoro davlat universitetidagi ta’lim sifati va imkoniyatlarining ayrim nuqtalariga e’tiboringizni qaratamiz. Bugungi kunda Buxoro davlat universitetida 25 mingdan ortiq talabalar tahsil oladi va ularga 1000 yaqin nafar professor-o‘qituvchilar dars berib kelmoqda. Oliygoh ilmiy salohiyat esa 43 foizga yetdi.
Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlagan, “Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘laman!”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga munosib hissa qo‘shaman!”, degan yuksak maqsadlar farzandlarimiz qalbidan chuqur joy olib, ularning hayoti va faoliyati mazmuniga aylanib borayotgani bilan har qancha faxrlansak, arziydi ”, degan ulkan ishonchlarini Buxoro davlat universiteti yoshlari davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlar tufayli o‘tgan o‘quv yilining o‘zida yuzlab yutuqlarni qo‘lga kiritib qaysidur ma’noda oqladi. Bir o‘quv yilining o‘zida universitetning bir nafar talabasi Prezident stipendiyasi, sakkiz nafar talaba Navoiy nomidagi, bir nafar talaba Islom Karimov nomidagi, ikki nafar talaba Mirzo Ulug‘bek nomidagi, bir nafar talaba Kamoliddin Behzod nomidagi, bir nafar talaba Beruniy nomidagi, to‘rt nafar talaba rektor stipendiyalari hamda bir nafar talaba Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori bo‘lishdi. Shuningdek, bir nafar talaba Ulug‘bek vorislari tanlovi Respublika bosqichi g‘olibi va 400dan ortiq talaba-yoshlar Xalqaro, Respublika va viloyat miqyosidagi intellektual, ilmi-fan, musiqa, san’at, sport, turizm, IT soha va yo‘nalishlarida o‘tkazilgan olimpiadalar, tanlovlar, musobaqalarda ishtirok etib nufuzli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Mamlakatimiz Rahbarining yoshlarni ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ilgari surgan besh muhim tashabbus yo‘nalishlaridagi “Besh tashabbus olimpiadalari” tom ma’noda bugungi kunda yurtimiz yoshlarining iqtidorini yuzaga chiqarishning asosiy drayveriga aylangan. Bugun universitetda mavjud “Kovorking”, “Bandlik”, “Volontyorlar” markazlari, “Zakovat”, “Quvnoqlar va zukkolar (QVZ)”, “Munozara”, “Talabalar teatr studiyasi”, “Talabalar sporti” kabi o‘nlab klublar, ellikdan ortiq fan, madaniyat, san’at, sport, intellektual to‘garaklar talaba-yoshlarning sevimli manziliga aylangan.
Aytish o‘rinliki, bu borada Buxoro viloyatining shahar va tumanlari kesimida ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!”, "Bilim va tafakkurimiz shu el uchun, shu yurt uchun!”, “Biz kelajak bunyodkorimiz!” kabi shiorlar ostida o‘tkazilgan yoshlar oyligi doirasidagi tadbirlar soni va salmog‘i juda keng bo‘ldi. Ushbu tadbirlarda Buxoro davlat universiteti talaba-yoshlari ishtirokida 500ga yaqin tadbirlar viloyatdagi shahar va tumanlar, mahalla, korxona, tashkilot va muassasalar hamkorligida yuqori saviya, kayfiyatda o‘tkazilganini e’tirif etish o‘rinlidir.
Bugun Buxoro davlat universiteti yoshlarining har biri jonajon yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan mamnun, o‘ziga, kelajagiga ishonadi. Maqsadi oliy – kelajagi porliq yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun bor kuch g‘ayrati, shijoatini safarbar etishga tayyor.
Xulosa qilib aytganda, yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning eng cho‘qqisida doim yoshlar masalasi birinchi darajali vazifa qilib qo‘yilgan. Buning isbotini yangi tahrirdagi Konstitusiyamizning 79-moddasida “Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”, deb belgilab qo‘yilganida ham ko‘rish mumkin. Bu esa davlatning yoshlar oldidagi mas’uliyatini yanada kuchaytiradi, yangi loyihalar, yangi vazifalarni amalga oshirish uchun asos va turtki bo‘ladi.
Har bir yurtning ertasi yoshlar, qaysiki davlat yoshlariga e’tibor berib mehr ko‘rsatib to‘g‘ri yo‘lga boshlasa, ertasi ishonchli qo‘llarda bo‘ladi. Yurtimizda esa yoshlar masalasi doimo birinchi o‘rinda turadi.

Azizbek AMONOV,
Buxoro davlat universiteti Yoshlar masalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha Birinchi prorektori