O‘ZBEKISTON EKOLOGIK PARTIYASINING IV SYEZDI BO‘LIB O‘TDI

O‘ZBEKISTON EKOLOGIK PARTIYASINING IV SYEZDI BO‘LIB O‘TDI


2023-yilning 30-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Ekologik partiyasining navbatdan tashqari IV Syezdi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda hududlardan saylangan delegatlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari va Senati a’zolari, partiyaning Markaziy Kengashi a’zolari, partiya faollari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi mamlakatimiz siyosiy sahnasiga chiqqaniga hali ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lishiga qaramasdan, qisqa muddat ichida o‘zining o‘rinli g‘oyalari va asosli takliflari bilan jamiyatda munosib o‘ringa ega bo‘ldi. Bugungi kunda partiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 15 nafar, xalq deputatlari mahalliy kengashlarida 600 nafardan ziyod deputatlik o‘rni egallangani, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 14 ta, tuman va shaharlarda 200 dan ziyod hududiy partiya tashkilotlari, shuningdek, 4 mingga yaqin boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyat yuritayotganligi ham partiyaning siyosiy kuch sifatida o‘ziga xos nufuzga egaligidan dalolat beradi.

Syezdda 2023-yil 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish hamda Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Syezd delegatlari tomonidan mamlakatimizda barcha siyosiy partiyalar va ular tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovlarda ishtirok etishi uchun sog‘lom muhit va sharoitlar yaratilganligi, Prezident saylovi Saylov kodeksiga muvofiq umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida ochiq va shaffof o‘tkazilishi alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston Ekologik partiyasi saylovlarda o‘z oldiga yuksak maqsad va vazifalarni qo‘yganligi e’tirof etildi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning ishtirok etishiga ijozat berilgani qayd etildi.

Joriy yilning 11-may kuni bo‘lib o‘tgan partiya Markaziy Kengashining plenumida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod etib partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Xamzayev Abdushukur Xudoyqulovichni ko‘rsatish taklifi ko‘rib chiqilgan edi.

Syezdda delegatlar e’tiboriga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod etib partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Xamzayev Abdushukur Xudoyqulovich nomzodi tavsiya etildi.


Xamzayev Abdushukur Xudoykulovich 1973-yil 10-dekabrda Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor. Oilali, uch nafar farzandi bor. O‘zbekiston Ekologik partiyasi a’zosi.

Abdushukur Xudoyqulovich o‘z faoliyati davomida davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda katta tajriba to‘plagan, ekologiya va atrof muhit muhofazasi yo‘nalishida fidoyilik ko‘rsatgan tajribali siyosatchi va tashabbuskor rahbar sifatida partiyaning ko‘p ming sonli a’zolari va xalq o‘rtasida katta hurmat va e’tiborga ega shaxsdir.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Xamzayev Abdushukur Xudoyqulovich o‘zining saylovoldi dasturi asosiy yo‘nalishlarini syezd delegatlari e’tiboriga havola qildi.

Nomzodning Saylovoldi dasturida mamlakatimizda iqtisodiyotni isloh qilishga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, pestitsidlardan foydalanishdan voz kechishga yo‘naltirilgan “Yashil O‘zbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqish, “Yashil viza” dasturini joriy etish, tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish, yuk tashishni yirik mashinalardan temir yo‘llarga o‘zgartirishga qaratilgan choralar alohida e’tirof etildi.

Ijtimoiy sohada davlat stomatologik klinikalarini rivojlantirish, shaharlar Bosh rejalarini tuzishda kamida 30 foizli yashil maydonlar yaratish talabini mustahkamlash, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, normativ hujjatlarni qabul qilishda atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish, bir martalik ishlatiladigan plastik va polietilen tarkibli idishlardan foydalanishdan bosqichma-bosqich voz kechish, elektron sigaretlarni mamlakatga olib kirishni ta’qiqlash, 2030-yildan boshlab mamlakatda ichki yonuv dvigatelli yengil avtomobillarni sotishni hamda chetda olib kirishni ta’qiqlash kabi e’tiborga molik tashabbuslar ilgari surildi.

Dastur muhokamasi jarayonida, shuningdek, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq sohasini isloh qilishga qaratilgan takliflarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, ekologik qonunchilikni kodifikatsiya qilish orqali Ekologiya, Suv, O‘rmon kodekslarni qabul qilish, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi Qonunni hamda “Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish to‘g‘risida”gi dasturni qabul qilish, ekologik sug‘urtalash tizimini rivojlantirish, malakali yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ekolog-huquqshunoslarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, barcha tizimdagi davlat idoralari faoliyatida, tenderlarda, davlat xaridlarida ochiqlik va shaffoflikni kengaytirish choralarini kuchaytirish, ma’muriy organlar tomonidan jarima qo‘llashni qisqartirib, sudlarga kengroq vakolat berish, yo‘l harakati xavfsizligini faqat qonun asosida tartibga solishni yo‘lga qo‘yish va b.

Davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi takliflar ham alohida e’tirof etildi. Jumladan, davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish Strategiyasi“ni qabul qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish istiqbollarini belgilashga qaratilgan “Yashil energetika Strategiyasi”ni qabul qilish, suvdan samarali foydalanish va uning mahsuldorligini oshirishga qaratilgan Milliy dasturni ishlab chiqish, qator xalqaro hujjatlarga a’zo bo‘lish kabi takliflar shular jumlasidandir.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Xamzayev Abdushukur Xudoyqulovich nomzodi va uning Saylovoldi dasturi delegatlar tomonidan atroflicha muhokama qilindi.

Delegatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Xamzayevning ko‘p yillardan buyon mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi faol ishtiroki, olim sifatida olib borayotgan ilmiy izlanish hamda ixtirolariga yuqori baho berishdi.  Nomzodning Saylovoldi dasturidan o‘rin olgan ustuvor vazifalar aholining qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish, xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda farovon jamiyat barpo etish maqsadi ko‘zlagani alohida qayd etildi.

Syezd delegatlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatilgan Xamzayev Abdushukur Xudoyqulovich va uning Saylovoldi dasturi bir ovozdan ma’qullandi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Partiya Markaziy Kengashi, hududiy partiya tashkilotlari hamda faollari oldiga partiyaning saylov kampaniyasini uyushqoqlik bilan o‘tkazishni ta’minlash borasida bir qator vazifalar belgilandi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Markaziy Kengashi Axborot xizmati

 

Report Page