OZARBOYJON

OZARBOYJON


Mirzo Aliakbar SOBIR

https://t.me/ustozlar_uzbekistan


Jadidlar – oʻz xalqlari uchun dunyo xalqlariga integratsiyalashish barobarida milliylikni saqlab qolishi, jahon xalqlari kabi taraqqiyotga erishishi, bedanani sayratib, choyxonada osh yeb oʻtirish barobarida kosmosga uchayotgan xalqlardan ham ilm oʻrganishi, milliy qobiqda qolib ketmasligi, diniy va dunyoviylikni yaxlit anglashi tarafdori sifatida oʻz zamonlarida ham, olamdan oʻtib ketganlaridan soʻng ham, xususan Oʻzbekistonda ham mustaqillikning 27 yili mobaynida taʼqibda boʻldilar. Mutaassiblar dunyoviy bilim istaganlari uchun kofirga chiqardilar, dunyoviylik tarafdorlari taqvolari uchun fanatizmda aybladilar, kosmopolitlar ularni millatchiga chiqardi, millatchilar esa bu millatparvarlarni millat taraqqiysi uchun dunyo bilan hamkorlik qilish talablari tufayli sotqinlikda aybladilar, “bosmachi” ham, “panturkist” ham, “vatan xoini” ham shular boʻldilar, otildilar, osildilar, unutildilar va yana bugunning jadidllari ham bosim ostidalar. Holbuki, ular Turkiston, Kavkaz, Qrim, Oltoy, Tuva, Bulgʻoriston, Majoristongacha bir-birlarini tanirdilar, bir-birlariga madadkor edilar. Oʻzbek qoʻrboshilari va jadidlarini yoritishni rahmatli Begali Qosimov izdoshlariga, xususan birodarimiz Qahramon Rajabovga ishonaman. Jarayondan chetda qolmaslik va millat oldidagi qarzdorlik hissi bilan Ozarboyjon jadidlaridan Mirzo Aliakbar Sobirning ikki tomlik hajviy devonini oʻzbekchaga oʻgirishni boshladim. 

   Mirzo Aliakbar Sobir Ozarboyjonning ming yillik adabiyot tarixi dolgʻali osmonini bezagan, abadiy nur sochadigan noyob yulduzdir. Uning “Hophopnama”si boshidan oxirigacha zulmga, adolatsizlikka eʼtiroz, inson haqlariga va shaxsiyatiga qarshi qilinadigan har qanday tajovuzga isyon va faryodnomadir. Bizning boshimizga “Xoʻp!” deb har bosqinchi va har mansabdorga egilaverishimiz yetishini anglagan shoir “Xoʻp-Xoʻpnoma” satirik sheʼrlari va marshlarini yozgan. U johil va zolimni chetdan qoralamaydi, koʻpincha ilmsiz, dangasa, molparastning oʻz tilidan yozadi.

Fitratiga koʻra millat va xalq shoiri boʻlgan Sobir elning ijtimoiy va ruhiy dardlarini eng yuksak darajadagi daqiqlik va qalb ingrogʻi bilan sezgan, faryodida kulgan va kulgusida faryod qilgan sanʼatkordir. Qudratli soʻz egasi boʻlgan shoir oʻz oʻquvchisini ham bu darlarning oloviga duchor qiladi va uni ham oʻzi singari olovlantiradi.

Sobirning kulguni bu qadar dardga qorishtirgan, yuraklarni larzaga solgan sheʼriyati bugun ham dolzarbdir. 


MILLAT QANCHA TOR-MOR BOʻLSIN, NЕ ISHIM BOR?!


Millat qancha talosh boʻlsin, ne ishim bor?! 

Dushmanlarga muhtoj boʻlsin, ne ishim bor?!

Qoʻy, men toʻq boʻlay, oʻzgalar-la ishim yoʻqdir, 

Dunyo-yu jahon och boʻlsin, ne ishim bor?! 


Sas berma, yotganlar bidatda, qoʻy yana yotsin, 

Yotganiga rozi boʻlmasa, kimsa uygʻotsin,

Bitta-bitta botsa-da, haq dodimga yetsin, 

Man omon boʻlay, jumla jahon botsa-da botsin;


Millat qancha tor-mor boʻlsin, ne ishim bor?! 

Dushmanlarga muhtoj boʻlsin, ne ishim bor?!


Solma yodimga suhbati tarixi jahonni, 

Ayyomi salafdin dema soʻz bir-da falonni, 

Bor boʻlsa, keltir, olayin doʻlmani, nonni, 

Istiqbolni koʻrmoq ne kerak, umr, axir, foniy;


Millat qancha tor-mor boʻlsin, ne ishim bor?! 

Dushmanlarga muhtoj boʻlsin, ne ishim bor?!


Vatanu avlodni qoʻy holiga, ovora toʻlgʻonsin, 

Chirkin razolatda qoʻli, boshi bulgʻonsin, 

Til avrat boʻlsa, badtar boʻlsin, oʻtda yonsin,

Faqat mening ovoza-yu shonim yuksalsin;


Millat qancha tor-mor boʻlsin, ne ishim bor?! 

Dushmanlarga muhtoj boʻlsin, ne ishim bor?!


Har millat etar dunyo sahnida taraqqiy, 

Aylar har bir manzilu maʼvoda taraqqiy, 

Yurgan-yotganimda tushar yodga taraqqiy, 

Biz ham etaylik olami roʻyoda taraqqiy;


Millat qancha tor-mor boʻlsin, ne ishim bor?! 

Dushmanlarga muhtoj boʻlsin, ne ishim bor?!

1906 


BILMAM NЕ KOʻRIBDUR BIZNING OʻGʻLON OʻQIMOQDAN?!


Bilmam ne koʻribdur bizning oʻgʻlon oʻqimoqdan?! 

Ding boʻldi qulogʻim!

Jurnal, gazeta, har neni hayron oʻqimoqdan 

Qiynaldi ushogʻim!

Aqlini ishlatmoq bas ki, boqsin bir olamga, 

Yo rab, ne hamoqat!

Soʻz etmas asar, chora qoldi faqat duodan, 

Tadbir ayla, oʻrgat!

Laʼnat senga, ey iblis, seningdir bu jaholat,

Etding ne xiyonat!

Sendan tarqalibdir bizning uyda bidʼat,

Ey moyai hiylat!

Tutsin, koʻrayin, koʻzlaringning oqu qarosin,

Ey hamsari badxoh!

Suvda choʻkmas, oʻtda yonmas balosan, 

Yoqsin seni Alloh!

Bu bola oʻqitmoqqa etding meni targʻib, 

Xoʻp aylading igʻvo.

Endi nedir fikring? Ishimiz boʻldi bu tartib, 

Yoʻq chorasi aslo.

Hayhot ki, tadbir shu boʻldi holi xarobga, 

Zoil boʻldi aqli.

Darsga, gazetga, maktabga, jurnalga, kitobga 

Moyil boʻldi aqli.

Yiqding oʻyimni, aylading avlodimni zoye, 

Ish oʻtdi mahaldan.

Men anglamadim ilm nadir yoki sanoye, 

Kechdim bu amaldan!

Istadimki u ham men kabi bir hurmatga yetsin, 

Dunyoga belansin;

To qoʻl kuchiga molik boʻlib shuhratga yetsin, 

Ozodga aylansin;

Bir vaqtidir bugun, boʻlsin Rustami davron, 

Bir ot qozonsin;

Gʻoratlar etib toki topsin saru somon, 

Bir neni-da topsin.

Puch aylading, iblis, bu goʻzal, sodda javonni! 

Tilbilmas oʻgʻil, voy!

Rangi sargʻaydi, qolmadi aslo yarim joni, 

Bir kulmas oʻgʻil, voy!

Oh, noqobil oʻgʻlim, ne ogʻir mashqqa tushibsan,

Koshki, kechsayding!

Foydasi yoʻq, olma talab ishqqa tushibsan, 

Bu gʻamni ichsayding!

Ey, ikki koʻzim nuri, oʻqimoqdan hazar etgin, 

Solih valad boʻl, kel!

Ot uni, hunar oʻrgan, sen meni baxtiyor etgin, 

Ishda poʻlot boʻl, kel!

Basdir, oʻqiding, oz qoldiki joning ado boʻldi, 

Bu ishdan qoʻl tort!

Yozmoq, oʻqimoq boshingga badtar balo boʻldi, 

Yozishdan qoʻl tort!

Ming ilm oʻqirsan, soʻz bilarsan – hurmating boʻlmas 

Bu dorul jahonda;

Soʻz bahrida gavhar boʻlarsan – kimmating boʻlmas 

Bul xasta zamonda.

Yoʻq, yoʻq, boqdim fikringga, sendan oʻgʻil chiqmas, 

Joyingmi jahannam!

Milt-milt oʻqimoqdan, inson, bir tanga pul chiqmas!

Mingʻirla damodam, 

Ilml olgin har dam,

Boʻl qissaga hamdam; 

Umring boʻladir kam, 

Dushman senga olam!..

1906


[UL KUNKI, SЕNGA XOLIQ ETAR LUTF BIR AVLOD]


Ul kunki, senga xoliq etar lutf bir avlod,

Boʻlsin yuraging shod!

Folbinga olib borki uni, aylasin imdod, 

Koʻz tegmasin, hayhot;

Sogʻdan soʻlga, soʻldan sogʻga sol boʻyniga xantal, 

Qoʻy shinni maattal;

Isiriq tutatib ming bor ayla muqaffal, 

Qizdir uni ol-ol;

Gar tegsa sovuq, isitmada boʻlsa-da bemor, 

Dorisiga oʻtu oʻlan bor;

Koʻrsatma tabibga u jigargoʻshangni zinhor, 

Ketsin u murdor;

Yigʻlasa goʻdak dardiga axtarma davosin, 

Chaqirgin onasin;

Qoʻqitsin u ham qargʻab bola-chaqasin, 

Boʻgʻsin sadosin;

Oʻrgat unga, albatta, oʻzing bir necha mavhum, 

Maxdud ila maʼsum;

Shu holda yashab oʻtar dunyoda u mazlum, 

Har holati mazmum;

Bir-bir til ochganda unga taʼlim ayla ravon, 

Hech boʻlma pushaymon;

Bildir unga ming turli qabhatlarni har on, 

Olsin shunday unvon;

Oʻn yoshga yetguncha oʻgʻloning aylama gʻaflat, 

Yoʻlla necha bidʼat;

To oʻn beshga yetguncha topar ishda mahorat, 

Ham aylayur odat;

Yuborma uni maktabga, qotirmagil boshin, 

Oqizma koʻz yoshin;

Pandu nasihat birlar kasb etar maoshin, 

Saqlar oʻzi boshin;

Rohat neligin oʻrgat, u qilsin-da maishat, 

Kazzoblikni oʻrgat;

Vatan avlodini qoʻygil, ovora toʻlgʻonsin, 

Chirkin safolat-la, mudom boshi bulgʻonsin,

Millat qancha tor-mor boʻlsin, ne ishim bor?! 

Dushmanlarga muhtoj boʻlsin, ne ishim bor?!

Ul kunki, senga xoliq etar lutf bir avlod,

Boʻlsin yuraging shod!

Isiriq tutatib ming bor ayla muqaffal, 

Qizdir uni ol-ol;

Sen unga qimor oʻrgat, qatl etmoqqa qarat, 

Xushdir bundoq sanʼat;

Mol-dunyo sevib aylasin har kun seni xursand, 

Sogʻ boʻl, aziz farzand!

Uyda topilur endi, axir, choy, palov, qand, 

Kimdir senga monand?

Nogoh hibsga olinsa, tutsa seni vahshat, 

Qoziga ber pora-yu rishvat;

Sot bor-yoʻgʻingni, pullaringni olsin advokat, 

Bechora oqibat;

Oxirda qolursan hasratda,tansiq jamoli, 

Choʻntak ham puldan xoli;

Qoldingda oʻgʻilsiz, endi bir boshla savolni, 

Nasihat senga havola;

Top rizqning halolin, 

Ey, boshi baloli, 

Yigʻ kechmishni, qolni,

Mahol oʻqimoqdan 

Topmoq bu jalolni!..

1906


XASISNING HAYFI – VORISINING KAYFI


Ey pul! Ey dilning zavqi, tanning ruhi, quvvati jon! 

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!


Olam ahli tinimsiz axtarar, ey jon, seni, 

Bir yoʻlin topib, aylar dardiga darmon seni, 

Biri pora qilib, aylar moyai ehson seni. 

Qadringni bilmas etar millatga qurbon seni;


Oshiqman senga, pul, shundoq boʻlarsan munisi jon, 

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!


Moyilman, barcha bilar, davlatu puldoringga men

Ki, boqdim subhu shom shavq ila diydoringga men, 

Dinimni, mazhabimni sarf etdim uzoringga men, 

Toʻymasman toʻlsa jahon, dirhamu dinoringga men,


Mustahaqlar turar sandigʻiga yaksar nigoron, 

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!


Istarman – seni har kunda ziyorat aylasam, 

Aqcham, amring vojib, shundoq senga toat aylasam,

Nozingga chidarman, taqsiringga xizmat aylasam, 

Shoʻr tuzu nonu patir bilan qanoat aylasam,


Boshimga goʻyo tosh tushar, agar choʻntakka boʻlsa ziyon, 

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!


Saqlarman jon kabi, ey sevgili sarmoya, seni,

Sarf etmasman abas masjidu mulloga seni,

Qarz ola bilmas kimsa bir-ikki oyga seni, 

Bermasman och-yalangʻoch ahli tamannoga meni, 


Koʻra bilmas yuzingni aslo, gar qussa ham qon, 

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!


Pul, topmay bir kunim oʻtsa, ming afgʻon aylarman, 

Sendan boshqa butun avlodimni giryon aylarman, 

Gʻayratu shaʼnimni hifzingda nigohbon aylarman,

Pul, bir kun jonimni senga qurbon aylarman,


Shod boʻlur vorisim, ammo ketarman nigoron, 

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!


Oh, yuz oh, ketar ruhu ravonim koʻkka, 

Mullolar hozir boʻlar dafnimni qilmakka, 

Pulimni vorislarga aylarlar sadaqa, 

Eshitgan boʻlsa, koʻrar kim, chiqar ohim falakka,


Boqarman qabrimga hasrat-la, alm-la, voy-omon! 

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!


Menga rahmat aytmas-u, pulimni hayf qilar, 

Seni taqsim qilarkan, har biri bir ayb qilar, 

Unda-bunda, ne bilay, rohat etib etib, sarf qilar, 

Necha bir Annani, Sonyani tutib, kayf qilar,


Deydi: ey sarv qad-u lola ruhu gʻuncha dahon, 

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!..

1907


LAʼNAT SЕNGA, EY JOHIL, NЕGA BЕDOD ETARSAN!


Laʼnat senga, ey johil, nega bedod etarsan! 

Har kun yana ming bora laʼnat ijod etarsan! 

Sarmashq etding Qobilu Hobilning harakatin, 

Qardoshlarni qardoshlarga qayrab, jallod etarsan!

Nokaslarga imdodu kaslarga etding bedod –

Bir koʻr, kimga yordamu kimga bedod etarsan?!


1911


GʻOFIL YASHAMOQDAN ZOʻR KORDIR OʻLMOQ


Gʻofil yashamoqdan zoʻr kordir oʻlmoq, 

Harchandki, gʻaflat-la bir ordir oʻlmoq; 

Jaholat zanjirida olchoqday yashamoqdan,

Johil, senga dor uzra sazovordir oʻlmoq!


1911


OVROʻPODA MAMDALINING ISHQBOZLIGI


Mamdali


Rahm et menga, jon madmuazel! 

Koʻnglim boʻldi qon, madmuazel! 

Birbosh Adasdan kelganman 

Oldinga, jonon madmuazell!

Koʻr holi beoromimni,

Til besukundir, kel menga! 

Ishqim fuzundir, kel menga!


Madmuazel 


Yoʻqol, ey zolim Mamdali!

Shohi serzulum Mamdali! 

Sen hayosizni koʻrmoqqa 

Yoʻqdir majolim, Mamdali! 

Ket, ket ki, zulmingdan vatan 

Bir daryo qondir, kelmasman!

Boʻyning yoʻgʻondir, kelmasman!


Mamdali


Men oʻz yerimda shoh edim, 

Shohi falak dargoh edim, 

Shonim, jalolim bor edi, 

Axir, ne zilulloh edim; 

Eron koʻp yerda yana

Shonim mahzundir, kel menga! 

Ishqim fuzundir, kel menga!


Madmuazel


Senki, bir dona mardudsan, 

Har shondan matrudsan, 

Bir mustabid Shaddodsan1,

Bir mustaqil Namroʻdsan2, 

Ming marta ulardan yana 

Zulming yomondir, kelmasman! 

Boʻyning yoʻgʻondir, kelmasman!


Mamdali


Noz etma, Eron sarbasar 

Boʻlmish manim-la shu qadar; 

Axir, Eronda bor yana

Navkarlarim ming-ming nafar; 

Ular butun qirgʻin-ajal, 

Millat qoʻydaydir, kel menga! 

Ishqim fuzundir, kel menga!


Madmuazel


Bu rostdir, lekin ahli kor, 

Oz boʻlsa-da, Eronda bor; 

Taqdir bu xoin niyating 

Etmas ijobat zinhor; 

Chunki sening holu kuning,

Shaxsing zabundir, kelmasman! 

Baxting nigundir, kelmasman! 

Fikring bu dundir, kelmasman! 

Ishing oʻyindir, kelmasman! 

Soʻz muxtasardir dafʼatan:

Boʻyining yoʻgʻondir, kelmasman!..

1911


QURBON BAYRAMI


Bayram qilar shavkatlilar shonlilar, 

Davlatlilar, pullilar, milyonlilar, 

Toʻqboʻyinlar, shishqorinlar, jonlilar 

Qurbon qilur Xalilulloq ishqi deb, 

Fisqu fujur qilar Alloh ishqi deb.


Ikki qoʻshni – birdir asli millati,

Har ikkisi bir paygʻambar ummati, 

Biri qurbon qilar, pishirar etni, 

Bayram qilar Xilulloh ishqi deb, 

Boshqasi ham boqar Alloh ishqi deb.


Bu qoʻshnining oʻgʻli gʻayur, sollanar, 

Boʻyinbogʻin taqar, jim tannozlanar, 

Ota-ona boqar-u behollanar,

Faxr etarlar Xalilulloh ishqi deb, 

Qoʻllarin uzatar Alloh ishqi deb.


Koʻrarmisan yurtning Hoji Pirini, 

Yeyolmaydir goʻshtning oʻndan birini, 

Qoʻshnisi och, soʻrar barmoq kirini, 

Hoji yeydi Xalilulloh ishqi deb, 

Yotar, turar, shishar Alloh ishqi deb,


Dedim, hoji, koʻzla ishning birisin, 

Diqqat ayla narisin va berisin, 

Maktabga ber bolalaring barisin, 

Ilm oʻqisin Xalilulloh ishqi deb, 

Bolalarni shod et Alloh ishqi deb.


Dedi, bizda yoʻqdir bermoq firogʻi, 

Bersam, xotin dodlab solar qiynogʻin, 

Goʻshni yermiz xamir oʻrab tun chogʻi, 

Barokatdir, Xalilulloh ishqi deb, 

Uyda tursin, bu ham Alloh ishqi deb.


1910


YoSHSAN, QASHSHOQLIKDAN SHIKOYAT QILMA


Yoshsan, qashshoqlikdan shikoyat qilma, 

Yoshlikdan-da buyuk bir sarvat boʻlmas! 

Keksaning toʻrt yoni toʻla pul boʻlsa, 

Belinda goʻdakcha bir quvvat boʻlmas!


1910


DЕR EDIK BIR ZAMONLAR BIZ KAMOLI FAXRU HIMMAT-LA...


Der edik bir zamonlar biz kamoli faxru himmat-la: 

“Jahongirona bir turkiy davlat chiqarsak bu yurtdan!” 

Bu kun-da iftixor etsak sazodir qaygʻu, hasrat-la: 

Karamkorona besh davlat etishdi bir raiyatdan!


1910


ORIF KIMDIR? – DЕYA SOʻRDIM, DЕDILAR BUL ZAMONADA...


Orif kimdir? – deya soʻrdim, dedilar bul zamonada: 

Orifning endi na dini va na ilm, iymoni bordir.

Buni bildim, tanidim men. “Zohid kim” deb soʻrdim. Derlar: 

Zohidning ilmi yoʻqsa-da, xoʻp tubsiz jigʻildoni bor.


1910


BIR DASTA GUL


Eronli derki, mudom adl ila tot boʻlsin; 

Usmonli derki, Alloh, millat ozod boʻlsin;

Zohid ne deydi? – Deydiki, qornim toʻlsin, 

Eronli ham, Usmonli ham barbod boʻlsin!


Savdogar chopar – bir tijorat qilsin, 

Omi chopar – shunga bir xizmat qilsin, 

Ish mullolarniki – el chopsin, topsin, 

Yotsin, tursin, qush goʻshtli ovqat qilsin.


Jurnal, gazeta chiqar ki, millat oʻqisin, 

Har bir asarindan olsin ibrat, qoʻisin; 

Oʻrischa oʻqiganga bu ish malol kelar, 

Derlar, buni qoʻy, qora jamoat oʻqisin.


Shoshgin zikru sajdaga bosh qoʻymoq uchun, 

Zohid yugurar masjidga ajr yulmoq uchun, 

Dunyo berganini oldi-da yedi, 

Endi yugurar mavlodan ham olmoq uchun.


1910


BOSHQA MILLATDIN HUQUQIN OLMOQ UCHUN HAR ZAMON...


Boshqa millatdin huquqin olmoq uchun har zamon 

Inqilobiyun, salohiyun, rashodiyun chiqar!

Bizdan esa sotmoqqa nomusi orzui millatin

Sotqiniyun, xumoriyun, fasodiyun chiqar!


1910


ORIF YUGURAR KI, MILLAT OZOD BOʻLSIN


Zohid yugurar ki, masjid obod boʻlsin.

Orif yugurar ki, millat ozod boʻlsin, 

Soʻz boʻyinbogʻi silliqlarga berildi:

Bir madmuazel boʻlsin ki, parizod boʻlsin!


1910


TINDIRAR ASR BIZNI – TINMAGAYMIZ...


Tindirar asr bizni – tinmagaymiz,

Toʻkilgan el uchun oʻksinmagaymiz; 

Ajnabiy sayrga havo sharida chiqar, 

Biz haligacha avtomobil minmagaymiz; 

Qushday koʻkda uchar ul yerlardagilar,

Bizni yerga koʻmdi minbardagilar!

1910

Karim BAHRIYEV tarjimalari 





Report Page