“O‘TKAN KUNLAR” ARAB TILIDA

“O‘TKAN KUNLAR” ARAB TILIDA


Keyingi yillarda milliy adabiyotimizning sara namunalari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilinib, chet ellik kitobxonlar qo‘liga ham yetib bormoqda. Xususan, o‘zbek romanchiligining ilk namunasi hisoblangan “O‘tkan kunlar” asari yaqinda arab tiliga o‘girilib, Qohira shahrida “O‘tkan kunlar: Turkistondagi achchiq sevgi qissasi” nomi bilan nashr etildi.
Qayd etish kerakki, ushbu nashrni amalga oshirishda romanning arab imlosiga asoslangan o‘zbek yozuvidagi ilk nusxasi hamda uning rus va ingliz tillaridagi tarjimalaridan foydalanilgan.
Abdulla Qodiriy tavalludining 130 yilligi keng nishonlana­yotgan kunlarda mamlakatimizning Misr Arab Respublikasidagi elchixonasida arab tilidagi “O‘tkan kunlar” romanining taqdimoti o‘tkazildi. O‘zbekistonning Misr Arab Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Mansurbek Qilichev tadbirda ishtirok etgan ushbu mamlakat ilmiy va adabiy jamoatchiligi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlariga keyingi yillarda yurtimizda kitobxonlikni rivojlantirish, mumtoz va zamo­naviy adabiyotimizning bebaho namunalarini ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berib, atoqli adibimiz Abdulla Qodiriy ijodining o‘zbek xalqi milliy ma’naviyati yuksalishida alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.  
Kitob taqdimotida Abdulla Qodiriy uy-muzeyi rahbari, ulug‘ adibning nabirasi Xondamir Qodiriy, asar tarjimoni, professor Muhammad al-Jibali, Misr-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati raisi Magdi Za’bal “O‘tkan kunlar” romanining fazilatlari haqidagi fikrlarini bayon qilishdi. Jumladan, ushbu bebaho asarning arab tiliga tarjima qilinishi o‘zbek xalqining betakror madaniyati, qadriyat va an’analarini Yaqin Sharq xalqlari orasida keng targ‘ib etishda katta qadam bo‘lishini qayd etishdi. Asar tarjimoni kelgusida ushbu yo‘nalishdagi izlanishlarini davom etti­rib, o‘zbek adabiyo­tining sara namunalarini arab kitobxonlariga yanada kengroq tanishtirish istagida ekanligini ma’lum qildi.
“O‘tkan kunlar”ning arabcha nashri muqovasida uning 1925-yildagi ilk nashriga ishlangan suratdan foydalanilgan. Mintaqadagi eng yirik “Dor ul-maorif” nashriyotida chop etilgan ushbu romanni Misrdagi nufuzli kutubxona va universitetlar, ta’lim-tarbiya va madaniyat muassasalari hamda Qohira shahridagi xorijiy diplomatik korpus vakillariga tarqatish ko‘zda tutilgan. Yaqin vaqtlarda mazkur roman tarjimasini boshqa arab davlatlarida ham nashr etish rejalashtirilmoqda.

“Jadid” gazetasi 2024-yil 26-aprel 18-son




Report Page