OTAM – hayot maktabim

OTAM – hayot maktabim


Har tong yangi kunni tinchlik-xotirjamlikda qarshi olarkanman, yurtimizda hukm surayotgan osudalik uchun shukrona keltiraman. Zero, bu oldimga qo‘ygan ulkan maqsadlarimga yetishishim uchun yaratilgan katta imkoniyatdir. Ana shu baxtli onlarning tuhfa etilishida otamning ham munosib hissasi borligi menga alohida iftixor bag‘ishlaydi.

Otam, podpolkovnik Hamidullo Hayitboyev ayni paytda Izboskan tumanidagi «Shinam» mahalla fuqarolar yig‘inida profilaktika katta inspektori lavozimida faoliyat olib bormoqda. U mas’ul bo‘lgan hududda 3161 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallada 748 ta xonadon, 1007 ta oila mavjud. Bu raqamlar xizmat jarayonida deyarli har kuni tilga olingani sababli menga yod bo‘lib ketgan. Otam esa ushbu ko‘rsatkichlar ortida qanchadan-qancha oilalar tinchligi, inson taqdiri va bolalar kelajagi mujassam ekanini har kuni chuqur his etgan holda ish tutadi.

U mahalladagi ijtimoiy muammolarni hal etish jarayonida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, o‘tgan yili 37 nafar ishsiz fuqaroni ishga joylashtirishga, 13 nafar aholiga kredit olishda amaliy yordam berdi.

– Har bir profilaktika inspektorining xalq orasida bo‘lishi, odamlar bilan bevosita muloqot qilishi huquqbuzarliklarning oldi olinishida muhim omil hisoblanadi, – deydi otam bizga har doim. – Ana shu tamoyil asosida oilaviy kelishmovchiliklarni bartaraf etish, aholini ehtimoliy xavf-xatarlardan ogohlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga, tinchlik va osoyishtalikka chorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Otam ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 1996-yilda Andijon tumani IIBda uchastka noziri lavozimida boshlagan. Unga qadar Toshkent o‘rta maxsus militsiya maktabida tahsil olgan. Shu yilning o‘zida Izboskan tumani IIBning voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘limida nozir sifatida xizmat qila boshlagan. Keyingi yillarda asosan hududlarda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida samarali xizmat qildi. 2022-yilda «Ichki ishlar organlaridagi benuqson xizmati uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi xizmatlarining munosib e’tirofi bo‘ldi.

Bugun padari buzrukvorim to‘rt nafar farzandning mehribon otasi, besh nafar nabiraning e’zozli bobosidir. Uning hayot yo‘li men uchun haqiqiy maktab vazifasini o‘tamoqda. Kelgusida Vatanga sidqidildan xizmat qiladigan, shaxsiy manfaatdan ko‘ra jamiyat manfaatini ustun qo‘yadigan inson bo‘lishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman. Chunki el-yurt tinchligi uchun halol xizmat qilish eng ulug‘ baxt va sharaf ekanini ana shu hayot namunasi orqali anglab yetdim.

Quvonchbek MIRABDULLAYEV,

Andijon davlat universiteti talabasi.

Report Page