O‘RQ-785-son Qonuni bilan Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar yuzasidan
Maktab va maktabgacha ta'lim tashkilotlarida o‘qishga to‘lov soliq solishdan ozod qilingan
Ushbu imtiyoz qanday ishlaydi?
Nodavlat maktabgacha yoki maktab ta'lim tashkilotida o‘qish pullik hisoblanadi. Endi ota-ona (farzandlikka oluvchi)ning buning uchun har bir farzandga oyiga 3 mln so‘m doirasidagi xarajatlari soliq solishdan ozod qilinadi.
Masalan, ota (ona)ga uning ish joyi bo‘yicha har oyda 720 ming so‘m (6 000 x 12%) JShDS ushlab qolingan holda 6 mln so‘m ish haqi hisoblanadi. U buxgalteriyaga o‘z farzandining ta'minoti uchun maktabgacha ta'lim tashkilotiga har oyda 2,5 mln so‘m o‘tkazish haqida ariza taqdim etdi.
2,5 mln so‘mga soliq solinmaydi. Buxgalteriya faqat 3,5 mln so‘m (6000 – 2500) farqdan soliq ushlab qoladi. Soliq 420 ming so‘mni (3500 x 12%) tashkil qiladi. Ota (ona) soliqdan oyiga 300 ming so‘m tejaydi.
Imtiyoz qanday qo‘llaniladi?
Ota (ona) imtiyozni:
• o‘z korxonangizning buxgalteriyasiga mablag‘larni nodavlat maktabgacha yoki maktab ta'lim tashkilotiga o‘tkazish haqida ariza va to‘lovga schyot (shartnoma) taqdim etgan holda ish joyi bo‘yicha;
• soliq xizmatiga yil yakunlari bo‘yicha daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya va o‘qish uchun to‘lov amalga oshirilganligi to‘g‘risida hujjatlarni taqdim etgan holda qo‘llashi mumkin.
Imtiyoz qaysi sanadan amal qiladi?
Imtiyoz 2022 yil 1 apreldan amal qiladi.
Norezident jismoniy shaxslarning O‘zbekistondagi manbalardan oladigan daromadlari bo‘yicha soliq solish stavkasi pasaytirildi
Soliq stavkasi 20%dan 12%gacha pasaytirildi. Masalan, agar norezidentning bir oyda daromadi 1000 shartli birlikni tashkil etgan bo‘lsa, budjetga ushbu summadan 200 shartli birlik to‘langan. Hozir ushlab qolish summasi 120 shartli birlikni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 12% – rezident jismoniy shaxslar uchun ham JShDS stavkasi.
Soliq stavkasini pasaytirish qaysi paytdan e'tiboran amal qiladi?
O‘RQ-785-son Qonunga asosan 12% stavka 2022 yil 1 maydan boshlab hisoblangan daromadlarga qo‘llaniladi.
Qaysi daromadlarga 12% stavka qo‘llaniladi?
12% stavka mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar bo‘yicha olingan daromadlarga, shuningdek boshqa daromadlarga qo‘llaniladi, bundan dividendlar, foizlar va fraxtdan olinadigan daromadlar mustasno.
Oldingi darajada saqlanib qolgan soliq stavkalari:
- dividendlar va foizlar bo‘yicha – 10%;
- xalqaro tashishlarda transport xizmatlarini taqdim etishdan olinadigan daromadlar bo‘yicha (fraxtdan olinadigan daromadlar) – 6%.
May-iyunь uchun JShDS bo‘yicha hisobotni qayta topshirish zarurmi?
Yo‘q, qayta topshirmasa bo‘ladi. Hisobot yil boshidan o‘sib boruvchi yakun bilan taqdim etilishi bois, iyulь hisobotida tuzatishlarni aks ettirish yetarli.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj iqtidorli farzandlarni bepul o‘qitish soliq solishdan ozod qilingan
Kim bepul o‘qishi mumkin?
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlari maktabgacha va umumiy o‘rta ta'lim nodavlat tashkilotlarida bepul o‘qishga haqli. Ta'lim tashkilotlari ularni tanlov asosida jami o‘quvchilar yillik umumiy sonining 10%idan kam bo‘lmagan miqdorda bepul o‘qishga qabul qilishi shart (Prezidentning 15.09.2017 yildagi PQ-3276-son qarori).
Soliq solishdan ozod qilishning mohiyati nimada?
Ilgari bunday bepul o‘qish qiymati o‘quvchining ota-onasining moddiy naf tarzidagi daromadi sifatida hisoblangan va 12% stavka bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lanishi lozim edi.
Soliq kodeksiga yangi norma kiritilishi bilan bepul o‘qish soliq solishdan ozod qilindi.
Ushbu imtiyoz yana kimga tatbiq etiladi?
Mazkur imtiyoz davlat–xususiy sheriklik asosida faoliyat ko‘rsatadigan maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan (o‘qiyotgan) maxsus kontingentdagi tarbiyalanuvchilarni bepul o‘qitishga ham tatbiq etiladi.
Davlat talabalarning oliy ta'lim tashkilotlari hududidagi mehnatini rag‘batlantiradi
Ushbu norma qaysi vaqtdan boshlab ishlamoqda?
Imtiyoz 26.07.2022 yildagi O‘RQ-785-son Qonun bilan Soliq kodeksiga kiritilgan va Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan kuchga kiradi.
Qanday faoliyat turlari rag‘batlantiriladi?
Oliy ta'lim tashkilotlari hududida:
• pullik o‘quv kurslari;
• sport to‘garaklari;
• boshqa ta'lim xizmatlarini tashkil etish.
Rag‘batlantirishlarning mohiyati nimada?
Talabalarning ushbu faoliyat turlaridan olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Masalan, talaba o‘zi o‘qiydigan universitet hududida sport to‘garagi tashkil qildi va 5 mln so‘m ishlab topdi. 5 mln so‘mning hammasi – bu talabaning daromadi va ushbu summadan soliq to‘lanmaydi.
Imtiyozdan foydalanish uchun bunday faoliyatni qanday tashkil qilish kerak?
Buning uchun talaba quyidagi tarzda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi kerak:
• maxsus mobilь ilova orqali;
• soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali;
• soliq xizmatida.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun nimalar kerak bo‘ladi?
Quyidagilarni ko‘rsatgan holda so‘rovnomani to‘ldirish:
• JShShIR;
• amalga oshirmoqchi bo‘lgan faoliyat turi;
• mehnat faoliyatini amalga oshirish nazarda tutilgan manzil;
• mobilь telefon raqami.
FIO, pasport yoki ID-kartasi ma'lumotlari, yashash joyi DSQ va IIV ma'lumotlar bazasidagi ma'lumotlar asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar faoliyatni amalga oshirish joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishni qanday hujjat tasdiqlaydi?
Belgilangan shakl bo‘yicha QR-kod bergan holda O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risida ma'lumotnoma. Uni o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning xohishiga ko‘ra maxsus mobilь ilova, soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yoxud qog‘oz shaklida soliq xizmatida olish mumkin.
Tashkilotlar o‘z xodimlari va ularning oila a'zolari uchun madaniy tadbirlarga soliqlarsiz haq to‘lashlari mumkin
Tashkilotlar qaysi soliqlardan va qanday miqdorda soliq solishdan ozod qilinadi?
To‘lanayotgan soliq turiga qarab, tashkilotlar foyda solig‘i yoki aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilinadi.
Imtiyoz summasi tashkilotning tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromadining 0,5%ini tashkil qiladi.
Masalan, tadbirkorlik sub'ektining realizatsiya qilishdan olingan daromadlari 1 mlrd so‘mni tashkil etsa, ushbu summaning 0,5%i – 5 mln so‘m bo‘ladi. Agar tashkilot ushbu summa doirasidagi mablag‘larni o‘z xodimlari va ularning oila a'zolari uchun madaniy tadbirlarga biletlar xarid qilish uchun yo‘naltirgan bo‘lsa, ushbu mablag‘lar summasiga foyda solig‘i yoki aylanmadan olinadigan soliqning soliq bazasini kamaytirish orqali soliq solinmaydi.
Xarajatlarning qaysi turlari ushbu imtiyoz ostiga tushadi?
Tashkilotlarning o‘z xodimlari va ularning oila a'zolari uchun ommaviy-madaniy va kontsert-tomosha tadbirlariga biletlar xarid qilishi bilan bog‘liq xarajatlari.
Ushbu norma qaysi vaqtdan boshlab ishlamoqda?
Imtiyoz 26.07.2022 yildagi O‘RQ-785-son Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.
Mazkur Qonun bilan Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar yuzasidan tushuntirishlar berilishi davom ettiriladi.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati