OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi bilan barqaror rivojlanish uchun hamkorlikni mustahkamlash muhokama qilindi

OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi bilan barqaror rivojlanish uchun hamkorlikni mustahkamlash muhokama qilindi

EconomyMoliyaPress

O‘zbekiston va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasidagi strategik sheriklik doirasida joriy yilning 2-may kuni Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi prezidenti Abdulhamid Al-Xalifa o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvning asosiy mavzulari sifatida uzoq muddatli hamkorlikni muhokama qilish va xususiy sektorni davlat banklarini xususiylashtirish jarayoniga jalb etishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ipoteka kreditlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash masalalari, jumladan, aholi uchun ipoteka kreditlari mavjudligi holatini yaxshilash va O‘zbekiston ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish kompaniyasi orqali investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yig‘ilish doirasida O‘zbekistonda “Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish maqsadida 20 million AQSh dollari miqdoridagi bitim imzolandi. Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da belgilangan maqsadlarga erishish borasidagi sa’y-harakatlarning bir qismi bo‘ldi. Loyiha xususiy sektorga maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish uchun imtiyozli kreditlardan foydalanish imkoniyatlarini taqdim etadi.

Loyiha bir qator yangi maktabgacha ta’lim muassasalar qurish va modernizatsiya qilish, shu bilan birga maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar uchun o‘rinlar sonini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Ushbu bitim O‘zbekistonda nafaqat maktabgacha ta’limni rivojlantirishga yordam beradi, balki xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish va mamlakatda ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim qadamdir.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kelishib oldi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page