ONA TILIM — MILLATIM G‘URURI, ILMIMNING IFTIXORI!

ONA TILIM — MILLATIM G‘URURI, ILMIMNING IFTIXORI!

TToshDavTU matbuot xizmati

Ona tilim — yuragimning eng muqaddas navosi,

Ajdodlardan meros qolgan millatimning sadosi.

Sen-la dunyo sari yuzlanar ilmim, tafakkurim,

Sen bor ekan, yuksalaver, O‘zbekiston ziyosi!

21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun!

Dunyoda tillar ko‘p. Har birining o‘z tarovati, o‘z sehri, o‘z qudrati bor. Ammo inson uchun eng aziz til — ona allasi bilan qalbiga singgan, ilk bor dunyoni tanitgan, Vatan tuyg‘usini yuragiga jo qilgan ona tilidir.

O‘zbek tili — buyuk mutafakkirlar, allomalar, shoirlar va olimlar tili. Bu tilda insoniyat tafakkurini boyitgan asarlar yaratilgan, ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shilgan. Bugun esa bu til zamonaviy tibbiyot, innovatsiya va xalqaro ilmiy hamkorlik maydonlarida ham o‘zining munosib o‘rniga ega.

Toshkent davlat tibbiyot universiteti olimlari bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi nufuzli ilmiy anjumanlar minbarlaridan turib, turli tillarda ma’ruzalar qilmoqda. Ilmiy izlanishlarimiz xalqaro maydonda e’tirof etilib, tibbiyotimiz yutuqlari dunyo bo‘ylab qanot yozmoqda.

Bizning eng katta faxrimiz shundaki, ana shu xalqaro minbarlarda insoniyat salomatligi yo‘lida xizmat qilayotgan olimlarimizning qalbida avvalo o‘zbekona mehr, o‘zbekona samimiyat yashaydi.

Ular dunyoning qaysi mamlakatida, qaysi tilda ilmiy ma’ruza qilmasin, so‘z avvalida o‘z ona tilida barchaga tinchlik, omonlik va ezgulik tilashni sharaf deb biladilar.

Zero, ilmning millati yo‘q, ammo olimning Vatani, ona tili va milliy g‘ururi bor!

Bugun o‘zbek tilida o‘rganilgan bilim, ustozlardan olingan saboq, milliy ilmiy maktablarimizda shakllangan tafakkur irqidan, millatidan, dinidan qat’i nazar, butun bashariyat salomatligiga xizmat qilmoqda.

Bu — ona tilimizning qudrati!

Bu — milliy ilm-fanimizning xalqaro e’tirofi!

Bu — o‘zbek olimining dunyo oldidagi sharafli missiyasi!

Ayniqsa, tibbiyot ta’limida ona tilining o‘rni beqiyos. Chunki bo‘lajak shifokor o‘z ona tilida bilim oladi, murakkab ilmiy tushunchalarni anglaydi, ustozidan kasb sirlarini o‘rganadi. Ertaga esa o‘sha bilim bilan inson hayotini asrashga kirishadi.

Shifokorning bemorga ona tilida aytgan bir og‘iz samimiy so‘zi ham ba’zan uning qalbiga taskin, dardiga malham bo‘ladi.

Shu bois ona tilimizni asrash, uning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, tibbiy atamalarni boyitish, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini o‘zbek tilida keng targ‘ib etish har birimizning sharafli burchimizdir.

Aziz ustozlar, muhtaram professor-o‘qituvchilar, olimlar, ilmiy-pedagogik jamoamiz va qadrli talabalar!

Sizlarni O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!

Sizning ilmiy izlanishlaringiz, yaratgan darsliklaringiz, tarbiyalayotgan shogirdlaringiz, xalqaro minbarlardagi ma’ruzalaringiz nafaqat tibbiyotimiz, balki ona tilimiz va millatimiz nufuzini ham yuksaltirmoqda.

Ona tilimizda aytilgan har bir ezgu so‘z, yozilgan har bir ilmiy asar, berilgan har bir saboq kelajak avlodga qoldirilayotgan bebaho ma’naviy merosdir.

Ona tilimiz hamisha qalbimizning iftixori, ilmimizning qanoti, millatimizning boqiy ovozi bo‘lib yangrasin!

Bayram muborak, aziz yurtdoshlar. 

Shuhrat Boymuradov. ToshDavTU rektori.

Report Page