OLXO‘RI NАVLАRINING TАVSIFI
Fermerlar Maktabi
Berton navi – АQShda yaratilgan. Respublika bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Nav kechpishar, sentyabrning birinchi o‘n kunligida pishadi. Daraxtining bo‘yi uncha katta emas – 3,8 m, shox-shabbasi keng piramidasimon. Nav ekilgandan so‘ng oltinchi yili hosil bera boshlaydi. Mevasi tuxumsimon, to‘q ko‘k, yirik, o‘rtacha vazni – 52 g bo‘lib, eti oq sariq, sershira, sal tola-tola, xushbo‘y hidi bor. Mevasining pishgan vaqtidagi taʼm bahosi – 4,6 ball.

Vengerka domashnyaya navi – Nav qaerda yaratilgani nomaʼlum. Toshkent viloyati bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Nav kechki, mevasi sentyabrning birinchi o‘n kunligida pishadi. Daraxtning bo‘yi baland, ekilgandan keyin beshinchi yili hosilga kiradi. Hosildorligi – 170,0 s/ga ni tashkil etadi. Mevasi tuxumsimon, to‘q ko‘k, mum g‘uborli, o‘rtacha vazni – 43 g. Eti to‘q sariq, sershira, juda mazali. Mevasining pishgan vaqtidagi taʼm bahosi – 4,8 ball.

Vengerka fioletovaya navi – G‘arbiy Yevropada yaratilgan. Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo, Xorazm, Аndijon, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Nav o‘rtapishar, avgustning ikkinchi o‘n kunligida yetiladi. Olxo‘ri daraxtining bo‘yi baland – 4,9 m bo‘lib, shox-shabbasi dumaloq, tarqoq, daraxti ekilgandan so‘ng beshinchi yilda hosilga kiradi. Hosildorligi – 319,5 s/ga, eng yuqori hosildorligi – 410,7 s/ga ni tashkil etadi. Mevasi vengerkalarga xos shaklli, to‘q ko‘k, qalin mumsimon g‘ubor bilan qoplangan, mevasi yirik, vazni – 4,6 g. Eti to‘q sariq, sershira, juda ham etli, shirin mazali, xushbo‘y. Danagi etidan yaxshi ajraladi, mevasining pishgan vaqtidagi taʼm bahosi – 4,6 ball.

Vashington navi – АQShda yaratilgan. Samarqand viloyati bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Nav ertapishar, mevasi iyulning ikkinchi o‘n kunligida pishadi. Daraxtning bo‘yi baland – 5,1 m, shox-shabbasi dumaloq shaklli, olxo‘ri ko‘chati ekilgandan so‘ng oltinchi yili hosil bera boshlaydi. Hosildorligi – 165,8 s/ga, eng yuqori hosildorligi – 331,7 s/ga ni tashkil etadi. Mevasining rangi to‘q qizil, yirik, vazni – 34 g. Eti oq sariq, sershira, mazasi nordon-shirin. Mevasining pishgan vaqtidagi taʼm bahosi – 4,5 ball.

Ispolinskaya navi – АQShda yaratilgan. Respublika bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Nav kechpishar, mevasi avgustning uchinchi o‘n kunligida pishadi. Daraxtning bo‘yi baland – 5,2 m bo‘lib, shox-shabbasi tuxumsimon, qalin. Ko‘chati ekilgandan so‘ng to‘rtinchi yili hosil bera boshlaydi. Hosildorligi – 95,8 s/ga, eng yuqori hosildorligi – 140,0 s/ga ni tashkil etadi. Mevasi tuxumsimon, rangi to‘q qizil bo‘lib, mumsimon g‘ubori bor, mevasi yirik, o‘rtacha vazni – 44 g. Eti sariq, o‘rtacha sershira, mazasi nordon-shirin. Danagi etidan yaxshi ajraladi. Mevasining pishgan vaqtidagi taʼm bahosi – 4,7 ball.

Superior navi – Nav Аmerikadan keltirilgan bo‘lib, ekilgandan so‘ng 2-3 yili hosil bera boshlaydi. Muntazam va mo‘l hosil berishi bilan ajralib turadi. Mevalari yirik, 55-65 g atrofida, po‘stining asosiy rangi to‘q sariq, qoplovchi rangi to‘q qizil, po‘stining yuzasini tig‘iz mum g‘ubori qoplab oladi. Meva eti kremsimon-sariq, mayin tolali. Danagi etidan yaxshi ajraladi. Nav o‘zini o‘zi changlay olmaydi, shu bois unga xitoy olxo‘risi navlari yoki tog‘olcha qo‘shib ekiladi. Hosildorligi – 210-220 s/ga ni tashkil etadi. Hosili iyulь oyining ikkinchi yarmida pishib yetiladi.

Chernosliv Samarqandskiy navi – Аkademik M.Mirzaev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Samarqand ilmiy-tajriba stantsiyasida yaratilgan. Respublika bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Nav kechpishar bo‘lib, sentyabrning ikkinchi o‘n kunligida yetiladi. Bir daraxtdan olingan o‘rtacha hosil – 95 kg ni tashkil etadi. Daraxtning bo‘yi baland, kichik yoshida piramidasimon, katta yoshida tarqoq. Daraxti ekilgandan so‘ng to‘rtinchi yili hosilga kiradi, mevasi yirik, o‘rtacha vazni – 43 g. Eti to‘q sariq, o‘rtacha sershira, mazasi nordon-shirin, danagi etidan yaxshi ajraladi, mevasining pishgan vaqtidagi taʼm bahosi – 4,7 ball.

Yarxi navi – O‘zbekiston O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan. 2003 yildan Toshkent viloyati bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Kech yozda pishadi, mevasi avgust oyida yetiladi. Daraxtining bo‘yi o‘rtacha 4,8 m bo‘lib, shox-shabbasi o‘rtacha, piramidasimon shaklda, bargi o‘rtacha tuxumsimon, rangi to‘q yashil, silliq. Olxo‘ri ko‘chati ekilgandan so‘ng hosilga beshinchi yili kiradi. Hosildorligi – 169 s/ga ni tashkil etadi. Mevasi yirik, noksimon, silliq, rangi tillasimon sarg‘ish, mevasining o‘rtacha vazni 145-185 g. Eti oq sarg‘ish, sersuv, mevasi shirin, xushbo‘y. Mevasining pishgan vaqtidagi taʼm bahosi – 4,8 ball. Tarkibida quruq modda – 18,8%, qand miqdori – 10,2% va Vitamin S (askorbin kislotasi) – 2,7% dan iborat
Prezident navi – aʼlo sifatli, yirik mevali, xo‘raki. Quritiladigan olxo‘ri navi. Daraxtlari kuchli o‘sadi. Zararkunanda va kasalliklardan shikastlanmaydi, to‘rt yoshida hosil bera boshlaydi. Har yili hosil olinadi. 10 yoshli bir tup daraxtidan 50-70 kg gacha hosil olish mumkin. Mevasi yirik (60 g), 10-15 sentyabrda pishadi, to‘q zangori, tuxumsimon, eti sariq, tig‘iz, seret, nordon, danagi o‘rtacha yirik, etidan oson ajraladi.

Qora olu navi – jaydari olxo‘ri navi, daraxtlari katta. Sovuqqa, kasalliklarga, qurg‘oqchilikka va zararkunandalarga chidamli, 3-4 yoshida hosilga kiradi. Serhosil, mevasi o‘rtacha yirik, yumaloq-oval shaklda, to‘q binafsha rangda, sentyabrь oyining o‘rtalarida pishadi. Eti tig‘iz, sersuv, yashil sarg‘ish. Mazasi shirin-nordon. Saqlashga va tashishga chidamli. Mevasidan kompot, murabbo tayyorlanadi va qoqi qilinadi.
Ko‘ksulton navi – erta pishar jaydari olxo‘ri navi bo‘lib, mevasi o‘rtacha yirik, iyunь oyining boshida pisha boshlaydi. Eti xira sariq, nordon-chuchuk, o‘rtacha shirin. Аsosan yangiligicha isteʼmol qilinadi hamda kompot va murabbo tayyorlanadi. Daraxtlari baland bo‘ladi, har yili hosil olinadi.
