«OLTI DONA YONG‘OQ» BIZGA YOQDI

«OLTI DONA YONG‘OQ» BIZGA YOQDI

– deydi 6-«B» sinf o‘quvchilari
Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 274-umumta’lim maktabida Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Feruza Soyibjon qizining «Olti dona yong‘oq» kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

«Kitob – hayot ko‘zgusi» deb nomlangan bu taqdimotda 6-«B» sinf o‘quvchilari kitobdan olgan taassurotlari haqida o‘z fikrlarini bildirdilar. Shuningdek, o‘quvchilar «Ada, hormang», «Kim ko‘proq uyaldi?», «Mo‘jiza daraxti», «Bosh va kalla» hikoyalari asosida tayyorlagan sahna ko‘rinishlarini namoyish etishdi. Gazeta Bosh muharriri, kitob muallifi Feruza Soyibjon qizi va bo‘lim muharriri Nodira Nazarova o‘quvchilarning savollariga javob berar ekan, gazeta faoliyati, undagi tanlovlar haqida ma’lumot berib, o‘quvchilarning kitob mutolaasi taassurotlarini tinglashdi.

– Menga kitob juda yoqdi. Undagi hikoya va ertaklarni zavq bilan o‘qib, ko‘p foydali o‘gitlarni angladim, – deydi Mohira Zokirova. – Ayniqsa, «Kim ko‘proq uyaldi?» hikoyasida otasi betobligi sababli «Tez yordam»da kelgan shifokorlarning oyoq kiyimini yechmasdan kirib ketishgani, qizaloqni ranjitadi. U onasiga nega uyga oyoq kiyimni yechmay kirishdi, deb jahl qiladi. Buni eshitgan hamshira orqasiga qaytib, oyoq kiyimini yechib, xonaga shoshilib kirganidan xijolat ekanini aytadi. Va qizaloqning kayfiyati tezda ko‘tariladi. Demak, doim xonaga ko‘chada kiyib kelgan oyoq kiyimlarni yechib kirish, ozodalikka rioya qilish, boshqalarni mehnatini qadrlash kerakligini angladim. Tadbirda faol ishtirok etgan Muslima Ismog‘ilova, Sarvinoz G‘afforova, Zulfiya Ahmedova, Shohjahon Nabixo‘jayev, Asliddin Alovuddinov, Ravshan Akbarov kabi o‘quvchilar ham o‘qigan hikoya va ertaklari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdilar. 

Taqdimot so‘ngida maktab direktori Shahnoza Rasulova ustozlar Mahmuda Valiyeva va Gulnora Ibragimovaga alohida minnatdorlik bildirdi. Faol o‘quvchilardan Maryam Husanova, Odil Esonov, Muslima Tursunova kitobxonlikni targ‘ib qilishdagi faolligi uchun «Tong yulduzi» gazetasining faxriy yorliqlari bilan taqdirlanishdi. Tadbir mehmonlari shuningdek, maktab kutubxonasi va o‘quvchilar uchun badiiy kitoblar tuhfa etishdi.


Report Page