OLCHA KIMDAN XAFA?

OLCHA KIMDAN XAFA?

(Hikoya)

Xosiyat buvi uzun tayoq bilan sarg‘aya boshlagan olcha barglarini qoqayotgan Lobarni to‘xtatdi. 

– Hay-hay, qizim, bu nima qilganing?

– Ee, har kuni ikki mahal hovli supurish jonimga tegdi. Bu barglar bir kunda to‘kilib qo‘ya qolsa ekan.

– Har narsaning o‘z vaqti bor, qizim. Hali yetilmagan bargni majburlab qoqsang, kelasi yil daraxt hosil bermaydi.

– Hosilga bargning nima aloqasi bor, buvijon? – Lobar ko‘zini katta-katta ochib, Xosiyat buvi yerdan avaylab terayotgan barglarga qaradi.

– Mana, qara, qizim, – Xosiyat buvi olcha shoxini egib, yashil barg ostidagi mayda kurtakchalarni ko‘rsatdi. 

– Mana shu kurtaklar bahorda gullaydi. Gullardan meva paydo bo‘ladi. Lobar buvisi eggan shoxga sinchiklab qaradi.

– Endi olchaning shu shoxi meva solmaydimi?

– Olcha sendan xafa bo‘ldi. Meva berish-bermasligini esa bahor kelsa bilamiz.

Lobar birdan g‘amgin bo‘lib qoldi.

Kelasi yil bahorda olcha judayam kam gulladi. Hosiliyam sanoqli edi. Lobar o‘zining aybini his qildi. Bundan buyon daraxtlarning barglarini qoqib, ularga ozor bermaslikka ahd qildi.

Muhayyo O‘ROQOVA,

Toshkent viloyati, Bekobod tumanidagi 2-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi




Report Page