ODAMNING 3TA "MEN"I

ODAMNING 3TA "MEN"I



Erik Byornning tranzaksion analiz yondashuviga ko'ra odamning 3ta "men"i – 3ta ego-holati bo'ladi. Ular odamning o'zini atrofidagilar bilan qanday tutishini belgilab beradi. 


⏺️Ota-ona


⏺️Yetuk odam


⏺️Bolakay


Byornning fikricha, biz har lahza mana shu holatlardan birida bo'lamiz. Bu holatlar istalgancha almashinib turishi mumkin. Masalan, tashkilot boshlig'i o'z xodimiga Yetuk odamday muomala qilib turib, birozdan so'ng Bolakayga o'xshab undan xafa bo'lishi, bir daqiqa o'tib esa Ota-ona singari dakki berishni boshlashi mumkin.


"Ota-ona" holati bizning yoshligimizda ota-onamizni kuzatib, ulardan o'zlashtirgan xulq-atvor, gaplar, fikrlar, xatti-harakatlarni qamrab oladi. Ushbu holatdagi odam ota-onasining o'zini tutishidan nusxa oladi. Kishi o'z bolalarini tarbiyalayotganda ko'pincha ushbu holat faollashadi. Ammo bu holat ichimizdagi vijdon funksiyasini ham bajaradi va buni sezmasligimiz mumkin.


Odamning Meni Yetuk odam holatida bo'lganida, u vaziyatni to'g'ri baholaydi, imkoniyatlar va o'tmish tajribasiga tayanib qaror qabul qiladi, "shu yerda va hozir" tamoyili asosida yashaydi. U mas'uliyatli va aqllidir.


Har bir odamda yosh bolakayning xususiyatlari bo'ladi. Ba'zida o'zini yosh bolaligida qanday tutgan bo'lsa, shunday tutadi: bolaligidagi kabi fikrlaydi, his qiladi, harakat qiladi, gapiradi va reaksiya bildiradi. Bu holat "Bolakay" pozitsiyasidir. Bolakay pozitsiyasida bo'lganimizda biz boshqarilishga va tarbiyalanishga moyil bo'lamiz, mehr va e'tiborga muhtoj bo'lamiz. 


Qaysi bir holat yaxshiroq?

Erik Byornning fikricha, odam uchala holatning ham muvozanatini ushlab, iloji boricha ko'proq Yetuk odam holatida bo'lgani maqul. 


Ota-ona yoki Bolakay holatlari nega unchalik maqullanmaydi?

Chunki Bolakay holatida odam boshqalarning ta'siriga tushib qolishi oson bo'ladi, shuningdek, o'z xatti-harakatlariga mas'uliyatni olgisi kelmaydi. Ota-ona pozitsiyasida esa kishi boshqaruv funksiyasi va perfeksionizmga moyil bo'ladi. Bular ham u qadar yaxshi emas. 

Misolda ko'raylik

Odam biror ayb ish qilib qo'ydi, deylik. Agar Ota-ona pozitsiyasida bo'lsa, o'zini tergaydi, ichini it tirnaydi, miyasida ahmoqligi haqidagi xayollar tinimsiz aylanaveradi. Hatto o'n yillab o'zini qiynab yurishi mumkin. Oxir-oqibat bunaqa holatda odam kasallik orttirib olishi mumkin. 


Bolakay holatidagi odam ayb ish qilib qo'ysa, mas'uliyatni bo'yniga olmaydi. Hammasiga boshqalarni aybdor qilib ko'rsatadi. Nimadir xato ketsa, demak onasi, do'sti, boshlig'i yana kimlardir aybdor bo'ladi, aslo o'zi emas. Natijada odam boshqalardan o'ch olishga va nafratlanishga o'tadi. Bu esa shaxslararo munosabatlarning taranglashuvi va buzilishiga olib kelishi mumkin. Ichida alam va nafrat yig'ib yurish ham kasallikka yetaklaydi. 


Yetuk odam xato qilganda o'zini qanday tutadi? "Ha, men hozir xato qildim. Buni tuzatishga harakat qilaman. Kelasi safar shu tajribamga tayanib, bunday natijada bo'lmasligini ta'minlayman. Men – oddiy odamman, avliyo emas, demak xato qilib turishim oddiy hol" – Yetuk odam holatidagi kishi o'zi bilan shunday gaplashadi. Yetuk odam muammoni to'g'ri ko'rish va yechimini topish orqali oldinga harakat qilib ketaveradi. Yana shu holatda nima qilishni biladi. Uning o'y-fikrlari, xatti-harakatlari vaziyatga mos. 


Shunday qilib, Erik Byorn Ota-ona yoki Bolakay holatlari ustimizdan hukmron bo'lmasligi kerakligini ta'kidlaydi. Ammo hayotimizning ma'lum bir davrida ular namoyon bo'lsa, zarar qilmaydi. Masalan, ba'zida odam bola kabi o'zini o'yinqaroq tutsa, hissiyotlariga erkinlik bersa, ruhiyati yengil bo'ladi. Ammo buning uchun joy tanlashni bilish kerak. Ishxonadagi majlis vaqti, masalan, bu rol uchun to'g'ri kelmaydi.


Ota-ona pozitsiyasi ham kerak. O'qituvchi, ma'ruzachi, tarbiyachi, ota-ona, shifokorlar bu rolda vaziyatni boshqargani maquldir.


Sarvinoz Omonova tayyorladi.

@psixologningqaydlari

Kanalga ulanish:

https://t.me/joinchat/AAAAAEiiIkK6mlRkls568g


Report Page