OBODONLASHTIRISH BOSHQARMALARI QAYSI HUDUDLARNI CHIQINDILARDAN TOZALAYDI?

OBODONLASHTIRISH BOSHQARMALARI QAYSI HUDUDLARNI CHIQINDILARDAN TOZALAYDI?

 


SAVOL

Yon-atrofda, ko‘chalarga chiqsak hamma yoqqa chiqindiga to‘lib yotadi, men o‘zim tuman markazida yashayman, aytingchi obodonlashtirish bo‘limlari xodimlari chiqindilarni tozalashi kerakmi, ular qaysi hududlardagi chiqindilarni olishi kerak, umuman ularda majburiyat bormi?

 

JAVOB

Savol to‘g‘ri qo‘yilgan, haqiqatdan ham atrofga qarasak, dilni xira qiladigan chiqindilarga ko‘zimiz tushar ekan, ushbu chiqindilarni yig‘ib olishga va o‘sha hududlarni chiqindilardan tozalashga kim masʼul ekanligini bilib olishimiz kerak.

Bilasizmi, sanitariya jihatidan tozalash ishlari degan tushuncha bor, bunda biz hududlarni (obodonlashtirish obyektlari, turar joy va tashkilotlar hududini) tozalash, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish ishlarini tushunamiz. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi 787-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish qoidalari” (4-5-bandlari)ga binoan:

 

SHAHAR VA TUMANLARDAGI OBODONLASHTIRISH BOSHQARMALARI aynan obodonlashtirish obyektlaridagi tozalash, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish ishlarini tashkil qilishga masʼuldir.

Mazkur Qoidalarning 2-bandiga asosan obodonlashtirish obyektlarining maishiy chiqindilardan tozalanishi kerak bo‘lgan hududlar va joylariga quyidagilar kiradi:

ko‘chalar;

aylanma ko‘chalar;

yo‘llar;

markaziy maydonlar,;

yo‘lkalar;

ko‘priklar;

tunnellar;

yo‘lovchilar o‘tadigan yer osti yo‘llari;

favvoralar;

ariqlar, kanallar, daryolar, ko‘llar va boshqa suv havzalarining qirg‘oqlari;

aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini va hordiq chiqarishini qondirish uchun foydalaniladigan obyektlar (madaniyat va istirohat bog‘lari, o‘rmon massivlari, bog‘lar, bulvarlar, xiyobonlar);

drenaj (drenajning vertikal, yopiq va ochiq gorizontal, yopiq kollektori), irrigatsiya novlari tarmoqlari.

Demak, yuqoridagi hudud va joylarni maishiy chiqindilardan tozalashga masʼullar – BULAR TUMAN (SHAHAR) OBODONLASHTIRISH BOSHQARMALARI HISOBLANADI.

 

Biroq, do‘stlar, obodonlashtirish boshqarmalarining mehnatkash xodimlariga bo‘lgan hurmat va eʼtiborimiz, yuqoridagi hududlarga qo‘limizdagi chiqindini tashlash va tashlamaslik bilan ifodalanadi.

Sizu-biz tashlagan har bir chiqindini, sigareta qutisini, energetik ichimlik idishini, pista po‘choqlarini birma-bir yig‘ib olar ekan, obodonlashtirish xodimi huqqimizga yaxshilab "duo qilib qo‘yayotganligi”ni, to‘g‘rirog‘i, qarg‘ab qo‘yayotganini unutmang!

 

 

 




Report Page