OAV xodimlari badminton boʻyicha musobaqalashdi, gʻoliblar uylariga velosipedda qaytishdi

OAV xodimlari badminton boʻyicha musobaqalashdi, gʻoliblar uylariga velosipedda qaytishdi


Xabar berganimizdek, bugun mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari oʻrtasida badminton musobaqasi oʻtkazildi.

Turizm va sport vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur musobaqa jurnalistlar va shu sohada xizmat qilayotgan xodimlarni sogʻlom turmush tarziga jalb etish, ularni jismoniy faollikka chaqirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Musobaqada televideniye, radio, gazeta, axborot agentligi, internet jurnalistikasi, turli korxona-tashkilotlarning matbuot xizmati vakillari, hattoki Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi va xodimlaridan iborat jami 70 nafarga yaqin ishtirokchi “Yangi yilga sport bilan!” shiori ostida tashkil etilgan musobaqada oʻz omadini sinab koʻrishdi.

Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov ishtirok etdi hamda nutq soʻzladi. Vazir oʻz nutqida OAV xodimlarini ushbu musobaqada koʻrib turganidan mamnun ekanligini taʼkidlab, kelgusida ham ijod ahlini sport bilan shugʻullanib turishga daʼvat etdi. Bu borada salomatlik uchun eng foydali sport turlaridan biri badminton bilan shugʻullanib turishni tavsiya qildi.

Shundan soʻng Turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov hamda Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarovlar oʻrtasidagi ramziy oʻyin bilan musobaqaga start berildi.

Taʼkidlash joiz, bu yilgi bahslarning oldingilardan farqli jihati, unda ishtirokchilar yosh toifasi boʻyicha musobaqalashdi, yaʼni 40 yoshgacha boʻlgan va undan katta yoshlilar. Bu esa musobaqaning har jihatdan adolatli va shaffof oʻtishini taʼminladi.

Quyida musobaqa gʻoliblari bilan tanishing:

Yakkalik, ayollar

-40 yosh

1. Malika Ermatova – “Sport” telekanali,

2. L.Zakirova – “Sport” telekanali,

3. Sh.Tolibjonova – “Sport” telekanali,

+40 yosh

1. H.Mannapova – “Sport” telekanali,

2. D.Ikromova – “Sport” telekanali,

3. D.Umarova – “Sport” telekanali,

Yakkalik, erkaklar

-40 yosh

1. S.Niyozov – “Yoshlar” telekanali,

2. S.Rasulov – “Sport” telekanali,

3. S.Ergashev – “Sport” telekanali,

+40 yosh

1. B.Maqsudov – “Sport” telekanali,

2. D.Nazarov – “Sport” telekanali,

3. O.Eshmamatov – Turizm va sport vazirligi Matbuot xizmati

Mikst (aralash juftlik)

1. A.Murodjonov (Respublika teleradiomarkazi)/M.Ermatova (“Sport” telekanali),

2. S.Rasulov/D.Umarova (“Sport” telekanali),

3. S.Niyozov (“Yoshlar” telekanali)/Sh.Tolibjonova (“Sport” telekanali).

Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindorlar medal, diplom hamda sport anjomlari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, yakkalik bahslarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ishtirokchilarga turizm va sport vazirining Yangi yil sovgʻasi – “Tibet” dam olish maskaniga vaucherlar taqdim etildi.


Report Page