OAV va ijtimoiy tarmoqlarda 28-Xalqaro Matematika musobaqasi g‘oliblarini taqdirlash yuzasidan tarqalgan ma’lumotlar bo‘yicha rasmiy munosabat

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda 28-Xalqaro Matematika musobaqasi g‘oliblarini taqdirlash yuzasidan tarqalgan ma’lumotlar bo‘yicha rasmiy munosabat

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati

2021-yilning 2–8-avgust kunlari universitet talabalari o‘rtasidagi 28-Xalqaro matematika musobaqasi (IMC – International Mathematics Competition) onlayn formatda bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqada 55 dan ortiq davlatdan 592 nafar talaba ishtirok etdi.

O‘zbekiston terma jamoasi nomidan saralangan 17 nafar talaba ham ushbu musobaqada munosib ishtirok etib, 5 ta oltin, 6 ta kumush, 4 ta bronza medal va 2 ta faxriy yorliq qo‘lga kiritishdi.

Oltin medal sohiblari:
O‘zbekiston milliy universiteti talabalari – Abdushukur AHADOV; Jasurbek IMOMOV; Maftuna SAMATBOYEVA;
Urganch davlat universiteti talabasi — Islombek ISMOILOV;
Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi — Kamal SADIKOV.

Kumush medal sohiblari:
O‘zbekiston milliy universiteti talabalari — Shahzod QUROQBOYEV; Doniyor YAZDONOV; Jahongir TURAYEV; Jahongir NORBOYEV; Davrbek OLTIBOYEV;
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi — Abdumalik ABDUQAYUMOV.

Bronza medal sohiblari:
O‘zbekiston milliy universiteti talabalari — Laziz ABDULLAYEV; Nilufar RAJABOVA; Jahongir TURSUNBOYEV.
Guliston davlat universiteti talabasi — Olimjon JALILOV.

Shuningdek, O‘zbekiston milliy universiteti talabalari — Javohir ISKANDAROV va Nodirbek G‘AFFOROVlar faxriy yorliqqa sazovor bo‘lishdi. Bundan tashqari, Qarshi davlat universiteti talabalari ham yakka tartibda mustaqil ishtirok etib, Asror JABBOROV bronza medal, Jahongir XOLMONOV va Sardor SAIDOVlar maxsus sertifikatga ega bo‘lishdi.

So‘nggi kunlarda ushbu musobaqada g‘olib bo‘lgan talabalar e’tibordan chetda qolgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda asossiz ma’lumotlar tarqalib bormoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda “olimpiada” deb atalgan bu tadbir aslida fan musobaqasi bo‘lib, olimpiada maqomiga ega emas (International Mathematics Competition). Bu tadbirning veb-sayti o‘rganilganida, shunday xulosaga kelindiki, bu ko‘plab davlatlardan ishtirokchilarni jalb qilgan mahalliy tadbir. U lokal xarakterga ega bo‘lib, xalqaro ilmiy akademik doiralarda yuqori reytingga ega emas.

Shunga qaramay, g‘olib talabalarni taqdirlash masalasiga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida eng yuqori darajada e’tibor qaratildi. G‘oliblarning aksariyati O‘zbekiston milliy universitetining talabalari bo‘lgani uchun ularni taqdirlash marosimi aynan shu oliygohda bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, vazir o‘rinbosari Rahimjon Xakimov, O‘zbekiston milliy universiteti rektori Inom Madjidov, Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov ishtirok etdilar. G‘oliblar tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar (monoblok kompyuter, planshet va kitob jamlanmalari) bilan taqdirlandi.

Ushbu musobaqada oltin medal olgan g‘oliblar qatoridan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Matematika fakultetining bitiruvchi talabasi Sadikov Kamal Oktabr o‘g‘li ham joy egalladi.

Kamal Sadikovning yashash joyi (Ellikqal’a tumani) hokimi S.Avezov tomonidan uning g‘alabasi munosabati bilan konsert dasturi tashkil qilinib, unga minnatdorchilik xati bilan birga qimmatbaho sovg‘alar berildi.

Shuningdek, Qoraqalpoq davlat universitetida Kamal Sadikovning g‘alabasi munosabati bilan yig‘ilish bo‘lib, unga ko‘ra Kamal Sadikovga bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobariga teng stipendiya berilib, uning ustoziga mukofot puli ajratildi.

Report Page