Oʼquvchi yoshlar Forish togʼ poligonida jangovar quroldan amaliy oʼq otishdi

Oʼquvchi yoshlar Forish togʼ poligonida jangovar quroldan amaliy oʼq otishdi

Markaziy harbiy okrug

Markaziy harbiy okrugning Forish togʼ poligonida Jizzax viloyatidagi umumtaʼlim maktablarining 10-11 sinf oʼquvchilari jangovar quroldan amaliy oʼq otish mashqlarini bajardi.

Forish togʼ poligonida dastlab oʼquvchi yoshlarning saf tayyorgarligi Markaziy harbiy okrug qoʼmondonligi, Mudofaa ishlar boshqarmasi, O'zbekiston Yoshlar Ittifoqi Jizzax viloyat kengashi va jamoatchilik vakillari ishtirokida sinovdan oʼtkazildi.

500 nafardan ortiq ishtirok etgan Jizzaxlik yoshlar oʼzlarining bor mahoratini koʼrsatishdi.

Tadbirda soʼz olganlar maktabda o‘qitilayotgan Chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani bilan birga yo‘lga qo‘yilgan ushbu amaliy mashg‘ulotlar yoshlarimizda vatanparvarlik tuygʼularini shakllantirish bilan birga ularni sadoqatli inson boʼlishga xizmat qilishi haqida soʼz yuritishdi.

Poligonning oʼq otish nuqtasida okrug qoʼmondonligi, ofitser va serjantlar rahbarligida yuqori sinf oʼquvchilarining jangovar qurollar bilan muomala qilish, ulardan foydalanishi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etishi boʼyicha mashgʼulotlar tashkil etildi.

Jumladan, avtomat oʼqdonini patron bilan oʼqlash, aniq moʼljalga olishni oʼrganish, avtomatni notoʼliq qismlarga ajratish va yigʼish kabi mashqlar yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan bajarildi.

Otish qoidalari va xavfsizlik talablari boʼyicha berilgan yoʼriqnomalardan keyin yoshlar oʼq otish maydoniga yoʼl oldi.

Birinchi marotaba quroldan amaliy oʼq otish mashqlarini bajarayotgan yoshlarning xatti-harakatlarini tajribali mashgʼulot rahbarlari nazorat qilib borishdi. Har bir oʼquvchi 100 metr uzoqlikda turgan nishonga qarata 3 dona oʼq uzib, maktabda oʼtilgan chaqiriqqa qadar boshlangʼich tayyorgarlikdan olgan nazariy bilimlarini amalda mustahkamlashga imkon imkon yaratdi.

Oʼq otish mashgʼulotlari davomida jangovar texnika va oʼqotar qurol namunalari koʼrgazmasi ham tashkil etildi. Haqiqiy qurollar bilan tanishuv, ularning jangovar imkoniyatlari va texnik tasnifi haqidagi maʼlumotlar yoshlarning eʼtiboridan chetda qolmadi.

Mashgʼulot yakunida, harbiy intizom va mohir merganlik borasida yuqori natija koʼrsatgan yoshlar okrug qoʼmondonligi va O'zbekiston Yoshlar Ittifoqi Jizzax viloyat kengashining esdalik sovgʼalari sohibi boʼlishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati



Report Page