Oʻzbekiston delegatsiyasi Qozon shahrida boʻlib oʻtayotgan “Rossiya – Islom dunyosi: KazanForum”ida ishtirok etdi

Oʻzbekiston delegatsiyasi Qozon shahrida boʻlib oʻtayotgan “Rossiya – Islom dunyosi: KazanForum”ida ishtirok etdi


2024-yil 16-17-may kunlari Tatarston Respublikasining Qozon shahrida “Rossiya - Islom dunyosi: KazanForum” XV xalqaro iqtisodiy forumi boʻlib oʻtdi. Navbatdagi forumning asosiy mavzusi – “Ishonch va hamkorlik” bo'ldi. 

Forumda 12 xil yoʻnalishdagi koʻrgazmalar, konferensiyalar tashkil qilindi. Oʻzbekiston delegatsiyasi “Rossiya – Islom dunyosi: koʻpqutbli, adolatli dunyo tuzilishi va xavfsiz taraqqiyot” nomli xalqaro anjumanda ishtirok etdi. Unda 100 dan ortiq xorijlik olimlar, mutaxassislar, davlat va jamoat arboblari, diniy yetakchilar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. 

Anjumanni Tatarston Respublikasi rahbari Rustam Minnixanov ochib berdi. Bundan tashqari Butunjahon musulmon uyushmalari kengashi raisi Ali Rashid an-Naimi (BAA), Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi vakili Muhammad Solih, ICESCO bosh kotibi Solim Molik, shuningdek, Misr, Turkiya, Indoneziya, Pokiston, Bangladesh, Qozogʻiston, Tojikiston va boshqa davlatlarning olim hamda mutaxassislari ishtirok etdilar. 

Soʻzga chiqqanlar oʻz nutqlarida diniy bagʻrikenglik, tinchlik va xavfsizlik, oʻzaro ishonch, hamkorlikda harakat qilish bugungi kunda eng dolzarb masalaga aylangani, dunyo koʻpqutblilik tomon intilayotgani kabilarga toʻxtaldilar.

Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi M.Komilov nutq soʻzlab, diniy bagʻrikenglikka toʻxtaldi, uning davlat va jamiyat taraqqiyoti, kelajak avlod taʼlim-tarbiyasi, kamolotidagi oʻrni va ahamiyati beqiyos ekanligini taʼkidladi. Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglikka hamisha ustuvor ahamiyat qaratilib kelinishi, ushbu sohada prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari va rahnamoliklarida tizimli va tarixiy islohotlar amalga oshirilib kelinayotganiga eʼtibor qaratdi. 
Yangilanayotgan Oʻzbekistonda vijdon va din erkinligi fuqarolarning eng muhim konstitutsiyaviy huquqlaridan biri hisoblanishi, inson manfaatlari va erkinliklarining qadrlanishi yanada ustuvorlik kasb etishi taʼkidlandi.

Tadbir asnosida Rossiya islom instituti, Muhammadiya oʻrta maxsus madrasasi, Bulgʻor islom akademiyasi faoliyati bilan tanishildi. Muloqotlarda ikki mamlakat taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikda maʼruza va seminar treninglar tashkil etish, hamkorliklarni rivojlantirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Din ishlari bo'yicha qo'mita Axborot xizmati


Report Page