Oʻzbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar adliya vazirlari Kengashining birinchi yigʻilishida ishtirok etdi
@adliyangiliklariJoriy yil 9-sentabr kuni Oʻzbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov Qozogʻistonning Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) aʼzo davlatlar adliya vazirlari Kengashining birinchi yigʻilishida ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda Ozarbayjon adliya vaziri Farid Axmadov, Qozogʻiston adliya vaziri Azamat Yeskarayev, Qirgʻiziston adliya vaziri Ayaz Bayetov, Turkiya adliya vaziri Yilmaz Tundj hamda Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyevlar ishtirok etdilar.
Ishtirokchilar TDTga aʼzo davlatlarda huquq sohasidagi hamkorlikning dolzarb yoʻnalishlarini belgilab, shuningdek, adliya tizimi organlarida raqamlashtirishni rivojlantirish hamda turkiy davlatlarning adliya sohasidagi hamkorligining dolzarb jihatlarini muhokama qildilar.
Ishtirokchilarning fikrlariga koʻra, adliya vazirlari Kengashining tashkil qilinishi TDTga aʼzo davlatlar adliya va huquq tizimlarini rivojlantirish, oʻzaro tajriba almashish amaliyotini kengaytirish, hamkorlikni yanada kuchaytirish hamda tashkilot faoliyatining yanada mustahkamlanishida juda muhim oʻrin tutadi.
Tomonlar TDTga aʼzo davlatlarning sud ekspertiza sohasi faoliyati boʻyicha Ishchi guruhini tuzish hamda fuqarolik masalalari yuzasidan huquqiy yordam koʻrsatish boʻyicha koʻp tomonlama hamkorlik bitimini ishlab chiqish kabi tashabbuslarni ilgari surdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar TDTga aʼzo davlatlar adliya vazirlari Kengashi birinchi yigʻilishining Ostona Deklaratsiyasini imzoladilar. Shuningdek, adliya vazirlari Kengashining ikkinchi yigʻilishini 2025-yilda Ozarbayjonda oʻtkazish boʻyicha taklif ishtirokchilar tomonidan maʼqullandi.
Adliya vazirligi
Axborot xizmati