O‘zbekiston Respublikasi ilk bor 3 ta valyutada suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirdi

O‘zbekiston Respublikasi ilk bor 3 ta valyutada suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirdi

EconomyMoliyaPress

O‘zbekiston Respublikasining umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrd AQSh dollariga teng navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalari 2024-yil 21-may kuni ilk bor 3 ta valyutada jahon moliya bozorlarida joylashtirildi.

Joriy yilning 17-may kuni AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlardan 76 nafar investor bilan vidiokonferensiya (Global Investor Call) hamda 20–21-may kunlari 40 nafar yirik investor bilan yakkama-yakka formatda uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlarda xalqaro investorlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida olib borilayotgan tarkibiy islohotlar va makroiqtisodiy holat yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Xalqaro investorlar tomonidan dunyoda davom etayotgan murakkab vaziyatga qaramay, O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik saqlanayotgani, energiya tariflari, xususiylashtirish va boshqa tarkibiy islohotlarning amaliy jihatdan jadallashgani ijobiy baholandi. 

Uchrashuvlardan so‘ng 21-may kuni 3 ta valyutada, jumladan, AQSh dollarida 7 yillik, yevroda “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ni moliyalashtirish uchun 3 yillik hamda O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinishi e’lon qilindi. 

Kun davomida O‘zbekiston Respublikasining suveren xalqaro obligatsiyalarini sotib olish uchun jami 5,5 mlrd dollar miqdoridagi buyurtmalar kelib tushdi, jumladan:

AQSh dollaridagi (7 yillik) obligatsiyalarga — 3 mlrd dollar;

yevrodagi (3 yillik) obligatsiyalarga — 2 mlrd yevro;

so‘mdagi (3 yillik) obligatsiyalarga — 4 trln so‘m. 

Qabul qilib olingan buyurtmalar natijasida quyidagilarga erishildi:

600 mln dollar miqdoridagi 7 yillik obligatsiyalar boʻyicha kupon stavkasi 6,9 foiz; 

600 mln yevro miqdoridagi 3 yillik obligatsiyalar boʻyicha 5,375 foiz;

3 trln soʻm miqdoridagi 3 yillik obligatsiyalar boʻyicha 16,625 foiz.  

Ma’lumot uchun: ichki moliya bozorlarida chiqarilgan 3 yillik davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha foiz stavkasi 17,9 foizni tashkil etmoqda.

Qayd etish lozimki, yevrodagi suveren xalqaro obligatsiyalar O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi BRM obligatsiyalari dasturi doirasida chiqarildi.

Mazkur dastur “Mablag‘larni taqsimlash” va “Loyihalarning O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga ta’siri” bo‘yicha hisobotlarini tayyorlash va e’lon qilishni ham ko‘zda tutadi. 

Mazkur xalqaro obligatsiyalardan tushgan mablag‘lar Davlat budjeti taqchilligini qoplash va Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page