Oʻzbekiston-Fransiya: oʻzaro ishonchga asoslangan manfaatli hamkorlik yoʻlida

Oʻzbekiston-Fransiya: oʻzaro ishonchga asoslangan manfaatli hamkorlik yoʻlida


Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalari tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. Bugungi kunda ham oʻzaro manfaatdorlik va hurmatga asoslangan doʻstona munosabatlar jadal rivojlanmoqda. Fransiya Oʻzbekistonning iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy-texnikaviy sohalardagi muhim hamkoridir. Mamlakatlarimiz oʻrtasida turli sohalarda aloqalar faollashmoqda.

Xususan, joriy yilning 1-2 noyabr kunlari Fransiya Respublikasi prezidenti Emmanuel Makronning mamlakatimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ham bunga yaqqol misol boʻla oladi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston — Fransiya munosabatlarida faol, ochiq va ishonchli muloqot kuzatilayapti.

Jumaladan, qishloq xoʻjaligi sohasida ham hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda.

Mana shunday amaliy hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan muloqot Qishloq xoʻjaligi vazirligida boʻlib oʻtdi. Unda vazir Ibrohim Abdurahmonov va “zoom” platformasi orqali Fransiyaning “Rungis-Semmaris” kompaniyasi vakillari, loyihaga aloqador mutasaddilar ishtirok etdi. Muloqot asosini Fransuz kompaniyasi hamkorligida Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida agrologistika komplekslarini tashkil etish masalalari tashkil qildi. 

Suhbat davomida Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligining Fransiya Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat suvereniteti vazirligi hamda boshqa ixtisoslashtirilgan kompaniyalari bilan hamkorlikda ish olib borayotgani alohida taʼkidlab oʻtildi.

“Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat zanjiri infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi haqida toʻxtalib oʻtsak. Yangi meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saralash, qadoqlash va saqlash, ushbu mahsulotlarni mavsumdan qatiy nazar isteʼmolchilarga yetkazib berish maqsadida joylarda tashkil etilayotgan quvvatlar zamonaviy hamda soʻnggi ishlanmalar tadbigʻidir. Loyihaning umumiy qiymati: 244,75 mln dollar boʻlib, uning ishga tushirilishi-dedi Ibrohim Abdurahmonov, nafaqat eksport faollashuvini taʼminlaydi, balki, mazkur yoʻnalishga ilgʻor innovatsion yechimlar, texnologiya va ilmiy yondoshuv kirib kelishini jadallashtiradi. Qolaversa, Oʻzbekiston iqlim sharoitiga mos meva-sabzavot va dukkakli mahsulotlarni yetishtirish hamda ularni Fransiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilish fikri ilgari surdi.

Tomonlar “Rungis-Semmaris” kompaniyasining Andijon va Samarqand viloyatlarida agrologistika komplekslarni tashkil etish, shu bilan birga, Toshkent viloyatida rejalashtirilgan agrologistika majmuasini barpo qilishga doir ishlarni jadallashtirish masalalarini muhokama qilishdi.

Konstruktiv ruhda oʻtgan muloqot, samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylandi.


Report Page