Oʻzgartirish uchun oʻzgarish kerak

Oʻzgartirish uchun oʻzgarish kerak


Bugun har sohada taraqqiyot, har jabhada oʻzgarishlar shiddat bilan kechayotgan davrda yashayapmiz. Bunday paytda har bir idora va tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ezgu maqsadlar yoʻnaltirilishi bilan birga, birinchidan xalqchil boʻlishi, ikkinchidan esa xalqimizni ham ergashtira olishi maqsadga muvofiqdir. 

Bu jihatdan olib qaraganda ayni paytda dunyo miqyosida global masalaga aylangan oziq-ovqat xavfsizligi va bunga erishishi borasida tinimsiz izlanishlar olib borayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ham birinchidan xalqqa tushunarli boʻlishi, ikkinchidan esa xalqona yechimlarga ega boʻlishi lozim.

Vazirlik huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar Milliy Markazi (AKIS)ga Toshkent viloyatida joy ajratib berilgan. Biroq bugun bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar umuman talab darajasida emas.

Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov markazda tizim tashkilotlari va vazirlik tasarrufidagi 12 ta ilmiy tadqiqot institutlari rahbarlari bilan oʻtkazgan ochiq muloqotda bunga alohida eʼtibor qaratdi.

Samimiy va ishchan ruhda kechgan tadbirda Vazir bugun Davlatimiz rahbari tomonidan vazirlik va uning tizim tashkilotlari zimmasiga qoʻygan talablarni amalga oshirishda har bir xodim sohada ijobiy oʻzgarishlar yasashi uchun eng avvalo oʻzi oʻzgarishi kerakligi, sohada tub turilish va ijobiy oʻzgarishlar yasay oladigan kadrlar yetarliligi, biroq ularni tanlab joyiga qoʻyish lozimligiga eʼtibor qaratdi.

Jumladan markaz hududiga kirib kelishdagi holatning oʻzi agrar sohaga bilim va innovatsiyalarni joriy etishga masʼul boʻlgan tashkilotning ish faoliyatiga monand emasligini anglatishi, yoʻl yoqalari va dala chetlaridagi boʻsh yerlardan unumli foydalanish maqsadida mamlakat miqyosida keng qamrovdagi saʼy harakatlar amalga oshirilayotgan bir paytda  markaz hududi va unga yondosh yerlardan samarali foydalanilmayotgani, bu esa xalqimizda notoʻgʻri tasavvur uygʻotishini taʼkidladi.

Ariq va zovurlarni betonlashtirish va muqobil energetikadan keng foydalanish masalalariga yetarli eʼtibor berilmagani qayd etildi.

Koʻpni koʻrgan keksalarimiz “Yaxshidan bogʻ qolar” deb bejizga aytishmagan. Aslida bu dunyoda koʻz ochib voyaga yetgan har bir insonning oʻz missiyasi bor. Yurt ravnaqi, xalq farovonligi uchun oʻz hissasini qoʻshish. Ochiq muloqotda taʼkidlanganidek, Prezidentimiz ilm vafan rivoji uchun keng zamin yaratib berayotgan bir paytda, soha taraqqiyotiga masʼul boʻlgan yetakchilarning tashabbus koʻrsata olmayotgani hamda oʻzlari bosh boʻlib islohotlar mohiyatini tushuntirib bera olmayotganini aslo kechirib boʻlmaydi. Bugun nafaqat markaz balki uning tizimidagi ilmiy tadqiqot institutlarining faoliyati ham talab darajasida emasligi ilm va innovatsiyalar markazi hududi oʻz ismiga monand ravishda agrar sohadagi ilm va izlanishlar natijalari hamda innovatsiyalarga boy boʻlishi lozim. Bu birgina markaz emas, tizim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot institutlarida bugungi kunda koʻzimizga tashalanadigan real voqeʼlikdir. Garchand, hammamiz qaror va farmonlarni oʻqiymiz, islogʻotlar toʻgʻrisida toʻlqinlanib gapiramiz. Amalda esa oddiy gigena t alablari va xonalarni ozoda tutish masalasiga ham yetarli eʼtibor bermaymiz. Soliq toʻlovchilar mablagʻlari evaziga bunyod etilgan bino va inshootlarning ish samaradorligi hamda maqsadli ishlatilishi ustidan yetarli nazorat oʻrnata olmayammiz. Bu borada hali qiladigan ishlarimiz, tizimli oʻzgartishilar amalga oshirishimiz bisyor. 

-Ahvolimiz yaxshi emas, qogʻozdagi hisobotlar mavjud vaziyatni oʻnglamaydi. Tizimda faqat oylik uchun ishlab yurgan xodimlar bilan sohada oʻzgarish yasab boʻlmaydi,-dedi vazir Ibrohim Abdurahmonov.

Shu oʻrinda har bir xodim, mutasaddi va rahbar bitta tamoyilni oʻz hayotiy shioriga aylantirishi lozim. Bu ham boʻlsa soha rivoji uchun qalban yonish, vujudan intilish, ilman taalluqlilik hamda oʻzidan nom qoldirishga intilish. Mana shunda oldimizga qoʻyilgan ulkan maqsadlarga albatta yetamiz. Rahbar avvalo yetakchi. Bugungi kunda roʻy berayotgan oʻzgarishlarga dastavval oʻzi –labbay, deb javob bermogʻi, shaxsiy namuna va tashabbus koʻrsata olishi darkor. Oʻz ishining ustasidan biron yumush qochmaydi. Chetda qancha yangilik va innovatsiyalar qila olganlar ham oddiy odamlar, Bizchi? Qila olmaymizmi? Aynan barcha ishlarni amalga oshirishga salohiyat va bilimimiz yetarli. Mana shu jihatlarga ishtiyoq va talabchanlikni qoʻsha olsak, ayni muddao boʻlar edi.  

Report Page