OʻZBEK TILINING DAVLAT TILI SIFATIDAGI NUFUZI VA MAVQEYI O`Z IJROSINI TOPMOQDA
BuxDU Matbuot xizmati2021-yil 6-may kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta-maxsus ta’lim vazirining “Ta’lim muassasalarida davlat tili to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi hamda davlat tilida ish yuritish holatini o’rganish to`g`risida”gi buyrug`i asosida tuzilgan ishchi guruh Buxoro davlat universitetida bo’ldi. Ishchi guruh a’zolari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-sonli hamda 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o’zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6084-sonli Farmonlari, Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2021-yil 10-fevraldagi 61-sonli qarori, Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligining 2021-yil 14-apreldagi 181-sonli buyrugʻi ijrosini ta’minlash, shuningdek, mamlakatda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish hamda “Davlat tili haqida”gi Qonun hujjatlariga so`zsiz rioya etilishini oʻrganish maqsadida tuzilgan ishchi guruh raisi O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri maslahatchisi O.R.Jamoldinova dastlab BuxDU rektori O.X.Xamidov bilan uchrashdi. Uchrashuvda davlat tili – o`zbek tilining mavqeini yanada rivojlantirish bo’yicha universitetda amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama etildi.
Ishchi guruh universitetning normativ-huquqiy hujjatlarining davlat tilida yuritilishi, rahbarlik hujjatlari va blanklaridagi yozuvlarning lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishi, buyruqlar va yuqori tashkilotlarga yuboriladigan xatlarni adabiy til me’yorlariga muvofiq tayyorlanishi devonxona va xodimlar bo`limi misolida organib chiqdi. Universitet hududidagi barcha tashqi yozuvlar, shu jumladan, devoriy lavhalar, e’lonlar, reklama va koʻrgazmali boshqa axborot matnlarining davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida rasmiylashtirilganligi ko‘zdan kechirildi.
O`zbek tili va adabiyoti fanlarining o`qitilish holati, fanlar nomi va soatlar hajmi, o`quv adabiyotlar bilan ta’minlanganligini ko`rish maqsadida Filologiya fakultetida bo`ldi. Fakultetda dars jadvallari, jurnallar va boshqa oʻquv-tarbiya jarayoniga oid hujjatlarning lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi asosida yuritilishi ko`zdan kechirildi. Filologiya fakultetida o`zbek tilshunosligini rivojlantirishga doir olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining qo`llab-quvvatlanishi universitet huzurida ish olib borayotgan ixtisoslik kengashi faoliyati misolida ko‘rildi. Fakultet miqyosida 2021-yilda 5 nafar talabgor himoya qilgani va 10 nafari esa himoyasini kutilayotgan professor-o`qituvchilar universitet salohiyatini oshirga xizmat qilishi, ular tomonidan nashr ettirilgan 4 ta o‘quv qo‘llanma, 5ta darslik, 20dan ortiq monografiyalar oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirishga xizmat qilayotgani ishchi guruh tomonidan tahsinga loyiqligi e'tirof etildi.