Nursadan offer oldim.

Nursadan offer oldim.

Donishmand Dasturchi

Bismillah. Yaqinda Amerikadagi sog'liqni saqlash sohasidagi Nursa kompaniyasidan Senior Backend Engineer pozitsiyasi uchun offer oldim. Ushbu maqolada suhbat jarayoni qanday kechganligi haqida yozishga harakat qilaman.

Kompaniya haqida.

Nursa — AQSh bo'ylab faoliyat yurituvchi sog'liqni saqlash sohasidagi kadrlar bilan ta'minlash platformasi bo'lib, hamshiralarga moslashuvchan ish topish va tibbiyot muassasalariga kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etishda yordam beradi. Platforma tibbiyot muassasalariga qisqa muddatli (PRN) ish smenalarini joylashtirish imkonini beradi, bu esa malakali hamshiralar, litsenziyaga ega amaliyotchi hamshiralar (LPN) va sertifikatlangan hamshira yordamchilari (CNA) tomonidan ko'rinadi. Shu tariqa, hamshiralar o'z malakalari va mavjudligiga mos keladigan smenalarni tanlashlari mumkin, bu esa har ikkala tomon uchun ham kadrlar bilan ta'minlash jarayonini soddalashtiradi. 

Rekruter bilan suhbat.

LinkedIn'da 3-fevral kuni ushbu kompaniyada ishlovchi rekruter menga murojaat qildi. U ish o'rni va loyiha haqida qisqacha ma'lumot berib, birinchi rekruter suhbati uchun taklif qildi. Birinchi kuni suhbatda uning kompyuteri mikrofoni ishlamay qoldi, shuning uchun suhbatni keyingi kunga ko'chirdik. Suhbat o'tgach, meni intervyuning keyingi bosqichlariga taklif qildi.

Odatda, ko'plab kompaniyalarda haqiqiy intervyu boshlanishidan avval, kandidatlardan rekruterlar bilan suhbatlashish talab qilinadi. Bu suhbat davomida sizning kompaniyaning texnik bo'lmagan talablariga mos kelishingiz yoki kelmasligingiz tekshiriladi. Bunday talablar qatoriga quyidagilar kiradi:

  • suhbatlashuv tiliga bo'lgan talab (masalan, ingliz tili);
  • doimiy masofaviy ishlashga yoki ofisga borishga tayyorlik;
  • kompaniya joylashgan hududda yashash huquqining mavjudligi;
  • kompaniya joylashgan shaharga ko'chib o'tish istagi;
  • qanchalik oylik maosh istalishi.

Bundan tashqari, sizga kompaniya va loyiha haqida ham ko'proq ma'lumot beriladi.

Xulq-atvor suhbati (Behavioral interview)

Bunday suhbatlarda odatda xulq-atvor (behavioral) intervyu savollari beriladi. Bunday suhbatlardan muvaffaqiyatli o'tish uchun yaxshi hikoya aytib beruvchi bo'lish muhim. Chunki suhbat davomida siz avvalgi ish tajribangizda hamkasblar bilan bo'lgan turli voqea va hodisalardan misollar keltirishingiz kerak bo'ladi. Agar shunday voqealar bo'lgan bo'lsa, ularni suhbatdan avval miyyangizda tartiblab, chiroyli ko'rinishga keltirib oling. Bu o'sha voqeani ravon aytib berish uchun foyda beradi. Shuningdek, STAR (Vaziyat, Vazifa, Harakat, Natija) usulidan foydalanish tavsiya etiladi, bu usul hikoyalaringizni aniq va izchil tarzda taqdim etishga yordam beradi.

Quyida bunday suhbatlarda berilishi mumkin bo'lgan savollarga ba'zi misollar keltirilgan:

  • Murakkab xarakterga ega insonlar bilan qanday ishlagansiz? Ular bilan bo'lgan qiyin vaziyatlardan qanday chiqib ketgansiz?
  • Qanday qilib qiyin qaror qabul qilganingiz haqida misol keltira olasizmi? Bu qarorni qanday hal qildingiz?
  • Jamoangizdagi a'zolarning natijalarini qanday boshqarasiz?
  • Ishdagi eng yaxshi va eng yomon kunlaringiz haqida gapirib bera olasizmi?
  • So'nggi marta ishda qanday katta mojaroni hal qilganingiz haqida tasvirlab bera olasizmi?
  • O'zingizga qo'ygan kasbiy maqsadingiz haqida misol keltira olasizmi? Uni amalga oshirish uchun qanday qadamlar qo'ydingiz?
  • Qanday qilib yangi, noma'lum vazifani bajargansiz?
  • Ishdagi muhim muammolarni hal qilish jarayonini qanday amalga oshirasiz?

Ushbu savollarga tayyorlanish orqali siz xulq-atvor intervyularida muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin.

Suhbat yakunlandi. Men ham yuqoridagi kabi bir nechta savollarga javob berdim. Kelasi kuni rekruter suhbat yaxshi o'tganligini va keyingi bosqichga o'tganligimni aytib xabar yubordi.

Texnik suhbat (System design)

Bir kunda ketma-ketin ikkita texnik intervyu belgiladik. Birinchi intervyu ko‘proq “System Design”, ya’ni sistema dizayni bo‘ldi. Unda mendan https://tinyurl.com/ saytining arxitekturasi qilib berishimni so'radi. Talablar quyidagicha edi:

  • frontend va backend qismlarni aniq komponentlarga ajratib ko‘rsatish;
  • sekundiga 1000 ta URL yarata oladigan yukni ko‘tara olish;
  • har bir yaratilgan URL-ga sekundiga kelishi mumkin bo‘lgan 10,000 ta redirect so‘roviga dosh bera olish.

Ular asosan bulutli texnologiyalardan foydalanishlari sababli, yechimni ham aynan shu texnologiya doirasidagi servislardan foydalanib ishlab chiqishni so‘radi.

Suhbat yaxshi o'tdi. Unga asosan AWS servislaridan foydalanib, ikki xil arxitekturani qilib ko'ratishga ulgurdim. Suhbat oxirida yana ozgina vaqt ortib qoldi va shu vaqt ichida suhbat oluvchi bilan Nursa loyihasi arxitekturasi, unda ishlatiladigan texnologiyalar haqida biroz gaplashdik.

Texnik suhbat (DSA problem)

Texnik suhbatning ikkinchi qismida, data-strukturalar va algoritmlarga asoslangan bir muammoni hal qilishimni so'radi. Masalani coderpad platformasida suhbat oluvchi kuzatib turgan holda, u bilan diskussiya qilib ishlash kerak edi.

Masala sharti taxminan quyidagicha:

Xodimning bir haftada jami ishlagan soatlari, qaysi kunlari ishlaganligi va qaysi kunlari ishlamaganligi string pattern ko'rinishida beriladi. Bundan tashqari xodim kuniga maksimum necha soat ishlashi mumkinligi ham beriladi. Siz xodim haftasiga jami maksimum 20 soatgina ishlay olishini hisobga olgan holda, yana necha soat ishlashi kerak ekanligi va bu soatlar ishlanmagan kunlarga qanday ko'rinishda to'g'ri kelishini yuqoridagi kabi string pattern array sifatida qaytarishingiz kerak.

Savolni avvalida tushunib olishga juda qiynaldim. Savol izohini qayta qayta bir necha marta o'qidim va oxiri suhbat oluvchidan ham kengroq tushuntirib berishini so'radim. Taxminan 15 daqiqalardan keyin masalani yechishga kirishdim. Imkon boricha yechimni ovoz chiqarib izohlab, berishga harakat qildim.

Bir soat vaqt o'tgandan yechimni qo'limdan kelgancha taqdim qildim. Yechim ba'zi holatlarda (test case) to'g'ri ishlab, ba'zi holatlarda to'g'ri ishlamadi. Suhbat oxirida suhbat oluvchiga muammo nimada ekanligini bilishimni va yechimni to'laqonli tugata olishimni, lekin bunga endi vaqt qolmaganligini aytdim. Oxirgi daqiqalarda shuni og'zaki tushuntirib berdim.

U suhbat yakunlanganligini aytdi lekin menga yechimni yakunlab qo'yishim uchun yana yarim soat qo'shib berdi va o'zi video qo'ng'iroqdan chiqib ketdi. Men qo'shimcha vaqt ichida yechimni yakunlab, coderpad platformasida yuborib qo'ydim.

Ertasi kuni suhbatdan o'tganligimni va oxirgi bosqichga yetib kelganligimni aytishdi.

Oxirgi suhbat.

Bunday turdagi suhbatlarni odatda uchratmasdim. Bu suhbat davomida asosan "developer culture"ni gaplashdik. Men qanday tartibda ishlashni yoqtirishim, PR(pull request)'larni ko'rib chiqishga mening munosabatim, production'da chiqqan jiddiy muammoni qanday samarali bartaraf qilish va shu kabi dasturchi kundalik hayotidagi turli ishlardagi muammolar, va ularni qanday effektiv hal qilish mumkinligi haqida gaplashdik.

Suhbatda u ular "Mob Programming" usulidan ishda juda ko'p foydalanishlarini va men ham shunday tartibda ishlay olish yoki olmasligimni so'radi.

Mob Programming – bu jamoaviy dasturlash usulidir, unda butun jamoa birgalikda, odatda bitta ish stantsiyasida yoki onlayn muhitda, kod yozish ustida ishlaydi. Bunda bitta dasturchi "driver" (haydovchi) rolini bajarib, klaviaturani boshqaradi, qolgan jamoa a'zolari esa "navigator" (yo‘lboshchi) sifatida fikr bildiradi, kodni nazorat qiladi va muammolarni hal qilish bo‘yicha maslahatlar beradi. Rol va vazifalar muntazam ravishda almashiladi.

Taklif.

Suhbatlar yakunlangach menga ish taklifini yuborishdi. Oylik maoshni kelishish uchun (negotiation) yana bir necha qo'ng'iroqlar bo'ldi oxiri ikki tomon so'rayotgan maosh o'rtasiga kelishildi.

Men bilan "contractor" sifatida shartnoma imzolashga va oylik maoshni O'zbekiston bank hisobiga yuborishga rozi bo'lishdi.






Report Page