Nukusda koronavirusga qarshi immunli sut mahsulotlari sotuvga chiqarildi

Nukusda koronavirusga qarshi immunli sut mahsulotlari sotuvga chiqarildi


Nukus shahrida faoliyat yuritayotgan “Panayev Farms” chorvachilik korxonasi joriy yildan boshlab immun suti va undan olinadigan mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda SARS-CoV-2, ya'ni o‘tgan bir necha yillar davomida dunyoni larzaga keltirgan kasallik – koronavirusga qarshi immunli sut mahsulotlari sotuvi yo‘lga qo‘yildi. Bu sutning tarixi ham aynan o‘sha yillarga bori taqaladi.


2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (hozirgi Innovatsion rivojlanish agentligi) huzuridagi Xalqaro molekulyar allergologiya markazi hamda Avstriyaning Vena tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda SARS-CoV-2 virusiga qarshi immun sutini olish loyihasi ustida ishlarni boshladi.


2022-yilda Xalqaro molekulyar allergologiya markazining Biotexnologiyalar va komparativ tibbiyot sohasidagi olimlar jamoasi ZF-UZ-VAC2001 O‘zbekiston-Xitoy vaksinasi bilan emlangan sigirlarning immun sutidan tajriba namunalari oldi. Xalqaro molekulyar allergologiya markazi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan “PanayevFarms” kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasiga ko‘ra, nasldor sigirlar hamda Avstriya va Germaniyadan olib kelingan Golshtin zotli sigirlar xavfsiz va samarali bo‘lgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3 dozasi bilan to‘liq emlandi. Bo‘g‘ozlik davrida ZF-UZ-VAC2001 o‘zbek-xitoy vaksinasi bilan emlangan sigirlarning og‘iz sutida SARS-CoV-2 virusiga qarshi tanachalar maksimal darajada bo‘lishi olimlar tomonidan tasdiqlandi. 2022-yil yanvar oyining oxirida sigirlar bolalay boshladi. Og‘iz suti va sutdan olingan tajriba namunalari ustida keyingi klinik-laboratoriya tadqiqotlari davom ettirildi.


Koronavirus infeksiyasiga qarshi yangi avlod immun sutini olish ustidagi tadqiqotlar natijasi bo‘yicha tayyorlangan ilmiy maqola xorijning nufuzli “Frontiers in Nutrition” (IF=6.7) jurnalida (https://www.frontiersin.org/articles/10.3389/fnut.2022.901871/full) nashr qilinib, birinchi marta koronavirusga qarshi immun suti olish imkoniyati amaliyotda isbotlab berildi.


2022-yilning oktabr oylaridan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Panayev Farms” chorvachilik korxonasida koronavirusga qarshi faol neytrallovchi immun suti (“IMMUNE MILK” brendi ostida) pasterizatsiyalangan sut holida kichik hajmda ishlab chiqarish uchun texnologik liniyalar sinovdan o‘tkazildi va shu yilning oktabr oyida “InnoWeek.uz-2022" Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida SARS-CoV-2 ga qarshi immunli sut mahsulotlari degustatsiyasi o‘tkazildi.


O‘zR davlat standartlariga rioya etgan holda uzoq muddatli pasterizasiya jarayoni sutning barcha xususiyatlari, jumladan, antitanachalarning neytrallashtiruvchi faolligini saqlab qoldi.

Report Page