Nukus garnizonida MMA bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionati arafasida matbuot anjumani o‘tkazildi

Nukus garnizonida MMA bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionati arafasida matbuot anjumani o‘tkazildi

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Xabaringiz bor, 9-10 oktabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukus shahrida aralash jang san’atlari bo‘yicha havaskorlar o‘rtasida Markaziy Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli musobaqa Markaziy Osiyo aralash jang san’atlari Konfederatsiyasi (CAMMAC) hamda O‘zbekiston aralash jang san’ati assotsiatsiyasi tomonidan tashkil qilingani Markaziy Osiyo sport olamida tarixiy voqea sifatida muxrlanib qolishi tabiiy.

Chempionatda “CAMMAC”ga a’zo bo‘lgan 5 ta mamlakat vakillari ya’ni, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjonlik aralash jang san’ati ustalari g‘oliblik uchun bellashadi.

Bugun, 8 oktabr kuni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugga qarashli Nukus garnizonidagi muhtasham Ma’naviyat va ma’rifat markazining tantanalar zalida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Xalqaro aralash jang san’atlari (MMA) federatsiyasi prezidenti Kerrit Braun, O‘zbekiston mudofaa vaziri o‘rinbosari – O‘zbekiston MMA federatsiyasi vitse-prezidenti Alisher Norboev, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari – Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Rasul Zarekeev ommaviy axborot vositalari, sportchilar va yoshlarning savollariga javob berishdi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo chempionatining ilk bahslariga 9 oktabr kuni Nukus shahridagi muhtasham “Manej” sport majmuasida start beriladi. Chempionatda sportchilar 52.2 kg, 56.6 kg, 61.2kg, 65.8kg, 70.3kg, 77.1kg, 83.9 kg, 93 kg, 120 kg, va +120.2 kg vazn toifalarida kurash olib borishadi. Janglar 3 raunddan iborat bo‘lib, har bir raund 3 daqiqa davom etadi. Chempionat dasturiga binoan 9 oktabr soat 10:00 saralash janglari, 18:00 Markaziy Osiyo chemiponatining tantanali ochilish marosimi, 19:00 yarim final janglari, 10 oktabr soat 10:30 da esa final janglari va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. 

Markaziy Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidan tajribali sportchilar bilan bir qatorda 20 nafar yosh va umidli havaskor sportchilar ishtirok etadi.

Matbuot anjumani yakunida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan mehmonlarga Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida yaratilgan sharoitlar, harbiy xizmatchilar oilalari uchun faoliyat yuritayotgan sport, raqs, shaxmat-shashka va fan to‘garaklari hamda harbiy okrug tarixi muzeyiga ekskursiya tashkil etildi. Xalqaro aralash jang san’atlari (MMA) federatsiyasi prezidenti Kerrit Braun ekskursiyadan judayam ruhlangani, bu yerda ajoyib sharoitlar muhayyo etilganini ta’kidlab, harbiy okrug qo‘mondonligigao‘z tashakkurini bildirdi.



Report Page