Nufuzli xalqaro QS reyting tashkiloti 2023-yil uchun reyting natijalarini e’lon qildi

Nufuzli xalqaro QS reyting tashkiloti 2023-yil uchun reyting natijalarini e’lon qildi

@eduuz

2023-yil uchun QS Osiyo Universitetlar reytingi (QS Asia University Rankings 2023) da ilk bor respublikamizning 8 ta oliy ta’lim muassasasi TOP 1 000 talikdagi Osiyoning eng kuchli universitetlari qatoridan joy oldi.

Xalqaro reyting tuzuvchi tashkilot Quacquarelli Symondsning bu yilgi reytingi bugungi kunga qadar eng kattasi hisoblanib, o‘z ichiga 760 ta eng kuchli Osiyo universitetlarini qamrab olgan. Shuningdek, reytingni shakllantirishdagi asosiy koʻrsatkichlar sifatida akademik va ish beruvchining obroʻsi, PhD darajasiga ega boʻlgan xodimlar soni hamda xalqaro talabalar ulushi kabi me’zonlar birinchi marotaba kiritildi.

Qolaversa, QS Asia University 2023 reytingida Osiyo qit’asidagi universitetlar joylashuviga qarab mintaqaviy o‘rinlari ham belgilangan bo‘lib, mamlakatimizning yuqoridagi 8 ta oliy ta’lim muassasasi QS Markaziy Osiyo Universitetlar Reytingida ham munosib o‘rinlarni egalladi.

QS Asia University Rankings reytingini tuzishda OTMning quyidagi 11 ta koʻrsatkichi baholanadi:

  • ilmiy (akademik) obro‘ (professor-o‘qituvchilarning ovozi) - 30%;
  • ish beruvchining bahosi - 20%;
  • professor-o‘qituvchilar/talabalar nisbati - 10%;
  • xalqaro tadqiqot tarmog‘i (Scopusdagi maqolalar soni) - 10%;
  • bitta maqolaga berilgan iqtiboslar - 10%;
  • har bir professor-o‘qituvchi hissasiga to‘g‘ri keladigan maqolalar soni - 5%;
  • PhD darajasiga ega xodimlar soni - 5%;
  • xalqaro professor-o‘qituvchilarning ulushi - 2,5%;
  • chet ellik talabalarning ulushi - 2,5%;
  • almashinuv dasturlari doirasida xorijdan kelgan talabalarning ulushi - 2,5%;
  • va xorijga borgan talabalarining ulushi - 2,5%.

Oliy ta’lim muassasalarining bu kabi xalqaro nufuzli reytinglardagi o‘rni, ularning jozibadorligini oshirib, dunyo universitetlari qatorida raqobatbardoshligini ta’minlaydi.

Report Page