Nodavlat sport-ta’lim muassasalari uchun soliq imtiyozlari 

Nodavlat sport-ta’lim muassasalari uchun soliq imtiyozlari 

MoliyaPress

Nodavlat sport-ta’lim muassasalari Soliq kodeksiga asosan, ijtimoiy sohada faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar uchun belgilangan soliq imtiyozlaridan foydalanishi mumkin.

Imtiyoz 1.07.2022 yildagi PQ–302-son qaror bilan belgilangan.

Imtiyoz quyidagi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xizmatlarni amalga oshiruvchi tashkilotlar uchun nazarda tutilgan:

• sport inshootlarida, maktablarda, sog‘lomlashtirish yo‘nalishidagi klublarda jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini sport turlari bo‘yicha o‘quv guruhlari hamda jamoalarida o‘tkazish xizmatlari, umumjismoniy tayyorgarlik xizmatlari;

• sport musobaqalari yoki bayramlarini, sport-tomosha tadbirlarini o‘tkazish xizmatlari, shuningdek ushbu tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish uchun sport inshootlarini ijaraga berish;

• sport-texnika asbob-uskunalarini, trenajyorlarni, anjomlarni, sport kiyim-boshlarini berib turish bo‘yicha xizmatlar.

Imtiyozni qo‘llash shartlari:

belgilangan faoliyati turlarini ko‘rsatishdan olingan daromadlari tekin olingan mol-mulkni hisobga olingan holda jami yillik daromadining kamida 90%ini tashkil etishi kerak.

Jami daromadda ko‘rsatilgan xizmatlarni ko‘rsatishdan olingan daromadning belgilangan ulushiga rioya qilinmaganda, imtiyoz qo‘llanilmaydi.

Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xizmatlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar quyidagi imtiyozlardan foydalanishi mumkin:

• foyda solig‘i;

• mol-mulk solig‘i;

• yer solig‘i.

Foyda solig‘i bo‘yicha imtiyoz qanday qo‘llaniladi?

Foyda solig‘ini “0” foizlik stavka bo‘yicha qo‘llaydi (SK 337-m.).

Bunday stavkani qo‘llash soliq to‘lovchini foyda solig‘i bo‘yicha hisobot topshirishdan ozod etmaydi.

Mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar qanday qo‘llaniladi?

Jismoniy tarbiya va sport ob’ektlari egallagan yerlarga yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i solinmaydi (SK 414-m va 428-m).

Masalan, Yunusobod tumanining 1-zonasida joylashgan korxonaning 0,5 gektar yer maydoni bo‘lib, shundan 0,1 gektar maydonini sport kompleksi egallagan.

Korxonaning umumiy mol-mulklarining o‘rtacha yillik qoldiq qiymati 10,0 mlrd. so‘mni, shundan sport kompleksining o‘rtacha yillik qoldiq qiymati 3,0 mlrd. so‘mni tashkil qiladi. Mol-mulk solig‘ining bazasi umumiy mol-mulkning qiymatidan sport kompleksining qiymatini chegirib tashlangan holda aniqlanadi va u 7,0 mlrd. so‘mni (10,0 mlrd.-3,0 mlrd.) tashkil etadi. Yuridik shaxslar soliqni 1,5% stavka bo‘yicha to‘laydi. Bunda mol-mulk solig‘ining summasi 105,0 mln so‘mni (7,0 mlrd x 1,5 %) tashkil etmoqda. Binobarin, imtiyoz qo‘llanilmaganda mol-mulk solig‘ining summasi 150,0 mln so‘mni (10,0 mlrd x 1,5 %) tashkil qilgan bo‘lar edi.

Xuddi shuningdek, yer solig‘ini hisoblashda jami 0,5 ga yer maydonidan sport kompleksi egallagan 0,1 gektar yer maydoni chegirib tashlangan holda, qolgan 0,4 gektar yer maydoniga (0,5-0,1) soliq solinadi. Bunda 0,4 gektar yer maydoni yer solig‘ining bazasi bo‘ladi va joylashgan joyi hamda tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan belgilangan stavka bo‘yicha soliq solinadi. 2022 yilda tuman xalq deputatlari Kengashi tomonidan Soliq kodeksida belgilangan bazaviy stavkaga (220,0 mln. so‘m) 1,2 koeffitsent qo‘llanilib, yer solig‘i stavkasining aniq miqdori  264 mln. so‘m (220,0 x 1,2) qilib belgilangan. Yer solig‘ining summasi 105,6 mln so‘mni (0,4 x 264,0) tashkil etmoqda. Binobarin, imtiyoz qo‘llanilmaganda mol-mulk solig‘ining summasi 132,0 mln so‘mni (0,5 x 264,0) tashkil qilgan bo‘lar edi.


Moliya vazirligi

Axborot xizmati


Report Page