Nizom
“Men g‘olibman” loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi munosabati bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablari
9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Konstitutsiya- eng oliy hakam” insholar ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichini o‘tkazish to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutoalasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi PQ-3271-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Men g‘olibman” loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya- eng oliy hakam” mavzusida insholar ko‘rik-tanlovini (keyingi o‘rinda “Tanlov” deb yuritiladi) tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1.1. Tanlov Buxoro viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi.
1.2. Tanlov Buxoro viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Buxoro Viloyat bolalar kutubxonasi, Buxoro viloyat teleradiokompaniyasi, Xalqaro Turon yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkaziladi.
2-bob. Tanlovning maqsad va vazifalari
2.1. Tanlov o‘quvchilarining ma’naviyatini yuksaltirish, madaniy saviyasini rivojlantirish hamda kitob mutoalasiga bo‘lgan qiziqishlarini uyg‘otish hamda ularning intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, maktabdan tashqari faoliyat ko‘rsatayotgan kitobxonlik to‘garaklaridagi o‘quvchilar qamrovini oshirish maqsadida o‘tkaziladi.
Vazifalari:
- Kitobxonlikni targ‘ib qilish orqali o‘quvchilarning ma’naviy dunyosini boyitish;
- O‘quvchi kitobxonlarga davlatimiz ramzlari haqida ma’lumotlar berish va konstitutsiyaviy huquq va bilimlarini oshirish;
- Adabiy muhit shakllanishiga erishish;
- O‘quvchi yoshlarning iste’dodi va ijodiy qobiliyatini namoyon qilish;
3-bob. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi
3.1. Tanlov Buxoro viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi va Buxoro Viloyat bolalar kutubxonasi tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
3.2. Tanlovda viloyatdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilari qatnashishlari mumkin.
3.3. Tanlovda 13 ta tuman (shahar) umumta’lim (9-11-sinf) maktab o‘quvchilari qatnashadi. (Har bir tumandan 1 nafar ishtirokchi)
3.4. Tanlov ishtirokchilarini baholash uchun tegishli ta’lim muassasalaridan iborat hakamlar hay’ati tuziladi.
3.5. Tanlovning viloyat bosqichi joriy yilning 6-dekabr kuni Buxoro Viloyat bolalar kutubxonasida bo‘lib o‘tadi.
4-bob. Tanlov shartlari va baholash mezonlari.
4.1. Tanlov birta shart asosida o‘tkaziladi;
4.2. Ushbu shartda o‘quvchilar “Konstitutsiya- eng oliy hakam” mavzusida insho yozishadi. Insho yozish uchun 60 daqiqa vaqt beriladi;
4.3. Tanlov ishtirokchilari hakamlar hay’ati tomonidan 100 ballik tizimda baholanadi.
4.4. Hakamlar hay’ati tomonidan tanlov ishtirokchilarning yozgan insholarini baholashda:
- inshoning mavzudan chetlashmagan holda ma’no va mazmunga ega ekanligi;
- tanlov ishtirokchisining husnixati, imloviy yoki grammatik xatolari borligi inobatga olinadi.
5-bob. G‘oliblarni taqdirlash.
5.1. Tanlov ishtirokchilari Buxoro Viloyat bolalar kutubxonasi tomonidan 1,2,3-darajali diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlanadilar.