Nizom

Nizom


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

qarori

O‘ZBEKISTON IQTIDORLI YoShLARINI TAQDIRLASh VA MODDIY RAG‘BATLANTIRISh TO‘G‘RISIDA

Oldingi tahrirga qarang.

Qobiliyatli yoshlarni rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish, ularni faol yaratuvchilik faoliyatiga keng jalb etish, iqtidorli o‘quvchilarni, talabalar va tayanch doktorantlarni qo‘llab-quvvatlash hamda munosib taqdirlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar yili” davlat dasturi to‘g‘risida” 2008-yil 29-fevraldagi PQ-805-son qarorida qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1993-yil 5-fevraldagi PF-555-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)

Oldingi tahrirga qarang.

1. Quyidagilar:

Tayanch doktoranturada tahsil olayotgan doktorantlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

Magistratura bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;

Bakalavriat bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari hamda ularni tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;

Respublika olimpiadalari, tanlovlari va sport musobaqalarini o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;

Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, professional ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-noyabrdagi 674-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2021-y., 09/21/674/1029-son)

Oldingi tahrirga qarang.

2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihasini tuzishda tasdiqlangan nizomlarga muvofiq iqtidorli yoshlarni taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish uchun zarur budjetdan ajratiladigan mablag‘larni nazarda tutsin.

(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)

3. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida iqtidorli yoshlarning o‘z ma’naviy, kasbiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishdagi yutuqlari keng yoritilishini ta’minlasinlar.

4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 6-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2008-yil 13-oktabr,

226-son

 

Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qaroriga

2-ILOVA

Oldingi tahrirga qarang.

Magistratura bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi to‘g‘risida

NIZOM

(2-ilovaning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-noyabrdagi 674-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2021-y., 09/21/674/1029-son)

Oldingi tahrirga qarang.

1. Magistratura bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga binoan tayinlanadi.

(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-noyabrdagi 674-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2021-y., 09/21/674/1029-son)

Oldingi tahrirga qarang.

2. Talabalarga tayinlash uchun belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi kvotasi (yigirma ikkita) Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga muvofiq har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tanlov yo‘nalishlari bo‘yicha (har bir tanlov yo‘nalishiga bittadan stipendiya hisobidan) taqsimlanadi.

Bunda, oliy ta’lim muassasalari tomonidan nomzodlar har bir tanlov yo‘nalishi bo‘yicha bittadan tavsiya etilishi mumkin.

(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-noyabrdagi 674-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2021-y., 09/21/674/1029-son)

3. Talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash uchun quyidagi mezonlarni bajarish belgilanadi:

umumta’lim tayyorgarligini ilmiy-tadqiqot (ijodiy ishlar) ishlari bilan uyg‘unlashtirish;

yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiya (tanlov)larda qatnashish;

kamida ikkita e’lon qilingan ishlar (asarlar)ning mavjudligi;

Oldingi tahrirga qarang.

tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy chet tilni bilish (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari), magistraturadagi mutaxassislik xorijiy til bo‘lgan taqdirda esa qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish talab qilinadi;

(3-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-noyabrdagi 674-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2021-y., 09/21/674/1029-son)

O‘zbekiston tarixini bilish.

Tillarni, axborot texnologiyalarini, O‘zbekiston tarixini bilish bo‘yicha talab darajalarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi belgilaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga talabgorlar ushbu fanlar bo‘yicha o‘z bilim darajasini aniqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida (mintaqalar bo‘yicha) maxsus test sinovlari topshiradilar. Markaz yakuniy vedomostlarni test sinovlari natijalari bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga nomzodlar ko‘rsatish, talabgorlar nomzodlarining o‘qishdagi va ilmiy (ijodiy) faoliyatdagi muvaffaqiyatlari ommaviy ravishda muhokama qilingandan so‘ng, davlat oliy ta’lim muassasalarining ilmiy kengashlari tomonidan amalga oshiriladi.

Talabgorlar dastlabki ko‘rib chiqish uchun ilmiy kengashga quyidagilarni topshiradilar:

sinov daftarchasidan ko‘chirma;

dekanat, kafedra tavsiyanomasi;

ilmiy (ijodiy) ish annotatsiyasi;

rahbarning fikr-mulohazalari;

ilmiy (ijodiy) ishga taqriz;

ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning bosma nusxalari.

Barcha hujjatlar ikki nusxada taqdim qilinadi. Hujjatlarning har bir to‘plami jildga joylanadi, har bir jild muqovasida ishni taqdim qilgan muassasaning nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, ishning nomi ko‘rsatiladi.

5. Ilmiy kengashlar yashirin ovoz berish orqali, oddiy ko‘pchilik ovoz bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyalarini tayinlash uchun stipendiatlar nomzodlarini ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qiladilar.

Ilmiy kengashlar qarorlari vazirliklar va muassasalarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga tavsiyanoma yuborishi uchun asos hisoblanadi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi stipendiyalar tayinlash haqidagi tavsiyanomalarni yiliga bir marta ko‘rib chiqadi. Hujjatlarni qabul qilish muddati — 1—15-avgust, ko‘rib chiqish muddati — 10—25-sentabr.

7. Davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’ati qarori bilan amalga oshiriladi.

Stipendiyalar tayinlanishidan avval talabgorlarning belgilangan mezonlarga muvofiq bilim va ilmiy (ijodiy) tayyorgarlik darajasi puxta ekspertizadan o‘tkaziladi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:

zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalariga talabgorlar orasidan tanlab olish yuklanadigan maxsus tanlov komissiyasi tuzadi;

talabgorlarning ta’lim va ilmiy (ijodiy) tayyorgarligi darajasini baholash maqsadida ishlarni ko‘rib chiqish uchun yo‘nalishlar bo‘yicha ekspertlar guruhlari tuzadi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi, xorijiy tillar bo‘yicha imtihon komissiyalarini tashkil etadi, test topshiriqlarini ishlab chiqadi;

tanlov komissiyasi va ekspert guruhlarining ish tartibini belgilaydi;

tanlov komissiyasi majlislarini o‘tkazish muddatlarini belgilaydi.

8. Tanlov komissiyasi talabgorlarning yakuniy tanlovini yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazadi hamda talabgor va uning ishi uchun ovoz berishda ishtirok etgan komissiya a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ovoz berganda talabalar nomzodini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash uchun tavsiya qiladi.

Agar ovoz berishdan so‘ng talabgorlar soni belgilangan kvotadan ko‘p bo‘lsa, ustunlik eng ko‘p ovoz olgan talabgorlarga beriladi.

Tanlov komissiyasining qarori O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’ati tasdiqlagandan so‘ng kuchga kiradi.

Oldingi tahrirga qarang.

(8-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-noyabrdagi 674-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2021-y., 09/21/674/1029-son)

9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’atining qarori davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash va to‘lash haqida buyruq tayyorlashi uchun asos bo‘ladi.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari talabalarga har yili, bir o‘quv yili uchun, 1-sentabrdan boshlab, belgilangan miqdorlarga qat’iy rioya qilingan holda tayinlanadi.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalarga “Prezident stipendiyasining sohibi” guvohnomasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’ati majlisida tantanali ravishda topshiriladi.

Oldingi tahrirga qarang.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari sohiblari bo‘lgan magistratura bosqichi talabalari oliy ta’lim muassasasini bitirgach, ikki yil davomida tayanch doktoranturaga kirish imtihonlarisiz O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga qabul qilinadi.

(12-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-noyabrdagi 674-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2021-y., 09/21/674/1029-son)

Oldingi tahrirga qarang.

(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-noyabrdagi 674-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2021-y., 09/21/674/1029-son)

14. Kundalik darslarni o‘zlashtirmaydigan, o‘quv intizomini va ilmiy odob-axloqni buzgan talabalarni o‘quv yili mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalaridan mahrum qilish tasarrufida talaba o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’ati qarori bilan amalga oshirilishi mumkin.

Oldingi tahrirga qarang.

15. Talabalarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash bo‘yicha ariza va shikoyatlari qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)

Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qaroriga

3-ILOVA

Oldingi tahrirga qarang.

Bakalavriat bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari hamda ularni tayinlash tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash tartibini belgilaydi.

Ushbu Nizom Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini tayinlash tartibiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

2. Oliy ta’lim muassasalari bakalavriat bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari O‘zbekiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarida butun o‘qishi davomida faqat a’lo baholarga o‘qiyotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan oxirgi kurs talabalariga tayinlanadi va to‘lanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyalari har bir oliy ta’lim muassasasining bakalavriat bosqichidagi bir nafar bitiruvchi kurs talabasiga tayinlanadi va to‘lanadi.

Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomli davlat stipendiyalari (keyingi o‘rinlarda — nomli davlat stipendiyalari) O‘zbekiston Respublikasidagi davlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarining oxirgi ikki kursida o‘qiyotgan talabalarga tayinlanadi va to‘lanadi.

To‘lepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarining oxirgi ikki kursida o‘qiyotgan talabalarga tayinlanadi va to‘lanadi. Bunda, ushbu nomli davlat stipendiyalari soni Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi har bir oliy ta’lim muassasasi uchun To‘lepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari bo‘yicha alohida bittadan belgilanadi.

3. Kelgusi o‘quv yili uchun nomli davlat stipendiyalari soni joriy o‘quv yili oxirida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Bunda, O‘zbekiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ularning filiallari bo‘yicha davlat stipendiyalari soni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga muvofiq har yili tasdiqlanadigan tanlov yo‘nalishlari va talabalar sonidan kelib chiqib taqsimlanadi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida ishtirok etuvchi nomzodlarga quyidagi talablar belgilanadi:

a) nomli davlat stipendiyalari uchun:

a’lo o‘qish va ilmiy (ijodiy) ishlarda ishtirok etish;

yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiya (tanlov)larda qatnashish;

O‘zbekiston tarixini bilish;

tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) tilni bilish, bakalavriatdagi ta’lim yo‘nalishi xorijiy til hisoblangan alohida hollarda qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish. Bunda, talabgorlar ushbu tillar bo‘yicha o‘z bilimlari darajasini aniqlash uchun o‘qish joyidagi til kafedralarida maxsus suhbatdan o‘tadilar;

b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi uchun mazkur bandning “a” kichik bandida belgilangan talablarga qo‘shimcha ravishda o‘qiyotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos mavzuda kamida ikkita e’lon qilingan ishlar (maqola, tezis yoki asarlar)ning mavjudligi talab etiladi.

2-bob. Tanlovlarni o‘tkazish

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash uchun nomzodlarni ko‘rsatish oliy ta’lim muassasalari kengashlari tomonidan, talabgorlarning o‘quv va ilmiy faoliyatini ommaviy muhokama qilish asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga talabgorlar dastlabki ko‘rib chiqish uchun oliy ta’lim muassasasi kengashiga quyidagilarni taqdim qiladilar:

sinov daftarchasidan ko‘chirma;

dekanat va kafedraning tavsiyanomasi;

ilmiy (ijodiy) ish rahbarining tavsiyanomasi;

ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning bosma nusxalari;

tillar kafedrasi, tarix kafedrasining suhbat natijalari haqidagi ma’lumotnomalari.

Barcha hujjatlar jildga (papkaga) joylangan holda taqdim etiladi. Muqovada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki nomli davlat stipendiyasi nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, fakulteti, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, kursi, guruhi ko‘rsatiladi.

6. Oliy ta’lim muassasalari kengashlari talabgorlarni tanlovlarning navbatdagi bosqichiga tavsiya etish bo‘yicha yashirin ovoz berish orqali oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qaror qabul qiladilar.

Ovoz berish jarayonida oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari va talabalari ham ishtirok etishi mumkin.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga eng ko‘p ovoz olgan uch nafardan (bunda nomzodlar turli tanlov yo‘nalishlari bo‘yicha aniqlanishiga urg‘u beriladi);

nomli davlat stipendiyalariga ajratilgan har bir kvotaga eng ko‘p ovoz olgan uch nafargacha nomzod tanlovning navbatdagi bosqichiga tavsiya etiladi.

7. Oliy ta’lim muassasasi kengashi qaroriga asosan tanlovlarning navbatdagi bosqichiga tavsiya etilgan nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va tegishli hujjatlar oliy ta’lim muassasasining mas’ul xodimi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “stipendiya.edu.uz” elektron tizimiga har yili 1 — 15-avgust kunlari kiritiladi.

Bunda, nomzodlarning hujjatlarining asliga to‘g‘ri ekanligi hamda “stipendiya.edu.uz” elektron tizimiga o‘z vaqtida va to‘g‘ri kiritilishi bo‘yicha mas’uliyat oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) zimmasiga yuklatiladi.

8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi stipendiyalar tayinlash haqidagi tavsiyanomalarni yiliga bir marta, har yili 10 — 30-sentabr kunlari ko‘rib chiqadi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga talabgorlar chet tillari, axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha bilim darajasini aniqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida (hududlar bo‘yicha) maxsus test sinovlari topshiradilar. Davlat test markazi test sinovlari natijalari qaydnomalarini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari talabgorlarning ilmiy ishlari, erishgan yutuqlari hamda o‘tkazilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida tanlov yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilgan tanlov komissiyalari qaroriga asosan aniqlanadi.

11. Tanlov komissiyalarining qabul qilingan qarorlariga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari sovrindori bo‘lgan talabalar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

3-bob. Stipendiyalarni tayinlash va ularga beriladigan imtiyozlar

12. O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori, ijrochi direktori)ning talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash va to‘lash haqidagi buyruqlarni rasmiylashtirishi uchun asos hisoblanadi.

Stipendiyalar 1-sentabrdan boshlab, bir yil muddatga, belgilangan miqdorga qat’iy rioya qilgan holda tayinlanadi.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida g‘olib bo‘lgan talabalarga O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tomonidan tasdiqlangan quyidagi guvohnomalardan biri beriladi:

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi sohibi”;

“Beruniy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;

“Ibn Sino nomli davlat stipendiyasining sohibi”;

“Navoiy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;

“Ulug‘bek nomli davlat stipendiyasining sohibi”;

“Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;

“Islom Karimov nomli davlat stipendiyasining sohibi”;

“To‘lepbergen Qaipbergenov nomli davlat stipendiyasining sohibi”;

“Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyasining sohibi”.

Guvohnomalar talabalarning o‘qish joyida tantanali vaziyatda topshiriladi.

14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalar bakalavriatni tugatgandan so‘ng ikki yil mobaynida, nomli davlat stipendiyalari sohibi bo‘lgan talabalar bakalavriatni tugatganidan so‘ng bir yil mobaynida tegishli mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadilar.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

15. Talabalarni kundalik darslarni o‘zlashtirmaganlik, o‘quv intizomini va odob-axloqni buzganlik uchun o‘quv yili mobaynida davlat stipendiyalaridan mahrum qilish oliy ta’lim muassasalari taqdimnomalariga binoan tegishli vazirliklar va idoralar buyruqlari bilan amalga oshirilishi mumkin.

16. Talabalarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga tayinlash bo‘yicha ariza va shikoyatlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

17. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.

(3-ilovaning matni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-noyabrdagi 674-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2021-y., 09/21/674/1029-son)

Report Page