Nizom
“Kitobxonlik festivali” doirasida “Ijodkor bolalar” tanlovini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagiMazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 30-sentabrdagi PQ-4467-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Ijodkor bolalar” ko‘rik-tanlovini (keyingi o‘rinlarda “Tanlov” deb yuritiladi) tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
Tanlov Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi. Tanlov Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi va viloyat Bolalar kutubxonasi tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi. Hamkor tashkilotlar: Xalqaro adabiyot akademiyasining Buxoro viloyati vakili, Butunjahon xalq ijodkorlari uyushmasining Buxoro viloyat bo‘limi, Buxoro Davlat Pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi. Osiyo Xalqaro universiteti, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, Buxoro teleradiokompaniyasi.
2-bob. Tanlovning maqsad va vazifalari
Tanlov o‘quvchilarning ma’naviyatini yuksaltirish, madaniy saviyasini rivojlantirish va hamda kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishlarini uyg‘otish hamda ularning intelektual va ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirish, maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va darsdan tashqari faoliyat ko‘rsatayotgan kitobxonlik to‘garaklaridagi o‘quvchilar qamrovini oshirish maqsadida o‘tkaziladi.
Vazifalari:
-kitobxonlikni targ‘ib qilish orqali o‘quvchilarning ma’naviy dunyosini boyitish, ularda mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikma va malakalarini shakllantirish, ma’naviy tahdidlarga nisbatan sog‘lom immunitetni rivojlantirish;
-o‘quvchilarga milliy va jahon adabiyotini tizimli targ‘ib qilish orqali ularning qalbida vatanparvarlik, ezgulik insonparvarlik singari yuksak insoniy fazilatlarga nisbatan mehr va muhabbat uyg‘otish hamda axborot olish madaniyatini shakllantirish;
-o‘quvchi yoshlarning iste’dodi va ijodiy qobiliyatini namoyon qilish;
3-bob. Tanlovni o‘tkazish tartibi
Tanlov 3 bosqichda o'tkaziladi
1. Maktab bosqichi
2.Tuman( shahar) bosqichi
3. Viloyat bosqichi- 2-aprel kuni viloyat Bolalar kutubxonasida o'tkaziladi.
Ko‘rik-tanlov 3 bosqichda quyidagi tartibda o‘tkaziladi:
1-bosqich: Tanlovning birinchi bosqichi umumta’lim maktablarining ijodkor o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi. Unda ijodkor o‘quvchilar o‘zlarining ijod namunalari, nashr etilgan she’riy to‘plamlari (qo‘lyozma shakldagisini ham taqdim qilishlari mumkin) tanlovga taqdim etadilar. Ijodiy ishlarni baholash maqsadida maktabda Ma’naviy va marifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari, kutubxonachilardan tuzilgan hakamlar hay’ati shakllantiriladi. Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra eng yaxshi ijodkor o‘quvchi tanlovning tuman bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.
2-bosqich: Tanlovning tuman bosqichida umumta’lim maktablaridan I-o‘rinni egallagan o‘quvchilar qatnashadi. Tanlovning ikkinchi tuman(shahar) bosqichi Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi. Tanlovda eng yaxshi natijani ko‘rsatgan tuman(shahar)lardan 1 nafardan o‘quvchi 3-bosqichda ishtirok etish uchun joriy yilning 1-apreliga qadar g‘olib o‘quvchining hujjatlari (yo‘llanma, bayonnoma) viloyat bolalar kutubxonasi tomonidan tuzilgan Tashkiliy qo‘mitaga taqdim etiladi. Oxirgi uch yil davomida viloyat bolalar kutubxonasi tomonidan tashkil etilgan viloyat tanlovlarida ishtirok etgan o‘quvchilar tanlovda ishtirok etish uchun ruxsat berilmaydi.
Tanlovning tuman va viloyat bosqichi 2 ta shart asosida o‘tkaziladi va 100 ballik tizimda baholanadi
1-shart. Tanlov ishtirokchilarining ijodiy ishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholab chiqiladi.
2-shart. Tanlov ishtirokchilari uchun hakamlar hay’ati tomonidan 4 ta kalit so‘zlar beriladi. Ishtirokchilar 30 daqiqa vaqt ichida berilgan kalit so‘zlar asosida she’r yozishadi. Ushbu bosqichda eng yaxshi natijaga erishgan ijodkor o‘quvchi tanlovning viloyat bosqichida qatnashish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
3-bosqich:Tanlovning viloyat bosqichida eng yaxshi natijaga erishgan 3 ta ishtirokchi 1-, 2-, 3-o‘rinlar bilan taqdirlanadi hamda ularning ijodiy ishlari ommaviy axborot vositalari orqali yoritiladi.
4-bob. G‘oliblarni taqdirlash
Ko‘rik–tanlovning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar hamda hamkor tashkilotlar tomonidan I, II, III darajali diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
Davlat va nodavlat tashkilotlari ko‘rik-tanlovni o‘tkazish va g‘oliblarni rag‘batlantirishda homiy sifatida ishtirok etishlari mumkin. Ko‘rik-tanlov natijasi bo‘yicha berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun uch kishidan iborat apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi. Apellyatsiya komissiyasi tarkibi tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlanadi. Ko‘rik-tanlov natijalaridan norozi bo‘lgan ishtirokchilar ko‘riktanlov yakunidan so‘ng 15 daqiqa ichida apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishi shart. Shikoyatlar taqdim etilgandan so‘ng apellyatsiya komissiyasi tomonidan bir soat ichida ko‘rib chiqilib asoslangan tarzda o‘rganish natijasi shikoyatchiga e’lon qilinadi.