Nimadir xato...

Nimadir xato...

Future Dreams
Pythonga aloqasi bo'lmagan, demotivatsion (motivatsiyani o'ldiradigan?) maqola. To'laligicha shaxsiy fikrim asosiga qurildi va uni boshqa birovning shaxsiy fikri bilan buzib qo'yishsayam bo'ladi.
Maqola bo'yicha fikrlar bo'lsa offtop guruhda qoldirish mumkin.
Quyosh chiqishimi yo botishi? Maqolani tugatib, yana bir marta qarang.

PyFAQ kanali ochilishidan asl maqsad ko'pchilik duch keladigan savollarga javoblarni bir joyda jamlash edi. Shu an'anani buzmagan holda bugungi maqolani to'liq savol-javoblar shaklida o'tkazamiz.

  • Pythonni qancha paytda o'rgansa bo'ladi?

Bu o'rganuvchining qobiliyatiga, harakatiga va "Pythonni o'rganish" deganda aynan qaysi qismlar nazarda tutilganiga bog'liq.

Sizni o'rtacha qobiliyatli deb hisoblaymizda, shunga qarab raqamlarga o'tamiz.

Python asoslarini o'rganish uchun, deylik, 3 oy yetarli. Pythonni biror ish qilish uchun sal (ko'pmas, salgina) jiddiyroq o'rganish uchun 1+ yil.

3-4 kunda Python sintaksisini o'rganvolib "Pythonni bilaman" deganlarga: sizni mahalladagi hamma yomon ko'radi, dadam, oyim, qishlodagi odamla, magazinchi G'aybulla...

Ishga kirish uchun Python bo'yicha bilimlardan tashqari loyihalardan olingan tajribalar ham kerak bo'ladi (ko'p hollarda shunaqa, deylik, kamida 1-2 yillik ish tajribasi so'raladi).

Tavsiya: Pythonni qaysidir darajada o'rganib, birdan ish topilmasa, shaxsiy loyihalar qiling. Shunchaki biror Telegram botmi, kichkina saytmi, oddiy CMD/Terminalda ishlaydigan foydali dasturmi... farqi yo'q. Shular ustida ishlang, doim yangi bilim va tajriba yig'ib borasiz. Data Structures, Algorithms, Design Patterns, umumiy Computer Science, Databases kabi bilimlar - ishga kirish uchun kerak. Bularni o'rganing.

  • Pythonni o'rganish menga nima beradi?

Bilim. Pythonni o'rganish sizga bilim beradi. Ish emas, pul emas, bilim. Bilimni pulgayam boshqa narsagayam aylantirish mumkin. Pythonni o'rgansam bo'ldi, ish tayyor, degan fikrni xayoldan chiqaring. Chunki ishga kirish uchun "Pythonni bilish"dan ko'ra ko'proq narsalar kerak (odatda). Sizga faqat pul kerak bo'lsa, biznes qiling ('Abu Saxiy'dan do'kon ochvolibam yaxshi pul topsa bo'ladi, masalan).

Tavsiya: bilimni kuchaytirishga ko'proq vaqt investitsiya qiling, o'yin-kulgu, choyxonalarni minimalga tushiring (butun umr emas, 3-4 yil). Qizlar bilan "gaplashish"ni to'xtating (qizlargayam shu tavsiya - yigitlar bo'yicha).

  • Pythonni o'rganishni nimadan boshlash kerak?

Ingliz tilini o'rganishdan. O'zbek tilida kurslar bormi? Yaxshi, borib o'rganing. Lekin esdan chiqarmang: real ishga kirganingizda o'zbek tili sizga deyarli hech narsa qilib bermaydi - qo'llanmalar, savollaringizga javoblar, darslar, kitoblar... hammasi ingliz tilida. Yo hozir, yo keyinroq - baribir ingliz tilini o'rganishga majbur bo'lasiz, unutmang, MAJBUR bo'lasiz. Kattaroq (chet eldagi) kompaniyaga ishga kirish uchun esa ingliz tilini bilish majburiy, busiz hatto intervyuga ham qabul qilishmaydi.

Tavsiya: o'zbekcha manba/darslarga bog'lanib qolmang. Ingliz/rus tillarini jiddiy o'rganing.

  • Bir kunda dasturlashni o'rganishga qancha vaqt sarflashim kerak?

Qancha sarflay olasiz? Hammasini sarf qiling (orada kichkina tanaffuslar qilib turish foydali va zarur).

Tavsiya: PUBG, TikTok, Instagram - vaqtingizni eng ko'p o'girlaydigan dasturlar. Hammasini o'chiring (butun umrga emas, 3-4 yilga).

  • Nima xato?

Tepadagi 4 ta savol - hamma biladigan, bu maqolada yozmasam ham, kimlardandir eshitib bo'lingan savollar. Javoblariyam shunaqa, buni hamma biladi. Har bir javobda tavsiya bor va bularniyam deyarli hamma eshitgan, biladi.

Xato shunda - bularni hamma biladi, amal qilmaydi.

Aynan o'zim qilgan ishlarimdan tavsiyalar yozdim. Natijasi hozircha (07.2021) yomonmas - ayni paytda kattagina xalqaro kompaniyada dasturchiman. Bu judayam yaxshi natija emas, lekin noliydigan darajada yomon ham emas. Maqolaning demotivatsion qismi shundaki - bu 4 ta tavsiyaga amal qilmaydiganlar va bu maqoladan keyin ham ularga amal qilmoqchi bo'lmaganlar toifasidan bo'lib chiqishingiz ehtimoli yuqori. Albatta, hech kim aynan bu tavsiyalarga amal qilishga majbur emas, sal boshqacharoq usullar qo'llash ham mumkin. Lekin vaqt ketyapti. Siz nima haqida o'ylayapsiz? "Zo'r dasturchi bo'lish" orzusi unga bog'langan maqsadlardan voz keching. Yoki... bu maqsadga yetish uchun boshqa narsalardan keching. Nimadandir kechish kerak...

Report Page