Nima uchun O’zbekistonda NNT ochish qiyin? 

Nima uchun O’zbekistonda NNT ochish qiyin? 

t.me/Uchinchi_Sektor

"Byurokratik to'siqlarning haddan ziyod ko’pligi, ro'yxatdan o'tish jarayonining cho’zilib ketishi, tilga bog’liq to'siqlar, huquqiy savodxonlikning pastligi va huquqiy yordam xizmatining yo'qligi bilan bog’liq “ekspertizalar”ning yozilmagan tartib-qoidalari O'zbekistonda haqiqiy fuqarolik jamiyatining shakllanishini qiyinlashtiradi", - deydi inklyuziv rivojlanish bo'yicha mutaxassis Dilmurod Yusupov va O'zbekiston nogironlar uyushmasi raisi Oybek Isaqov, CABAR.asia uchun maxsus maqolada.

2018 yil may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning "Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"[i] gi farmoni qabul qilinganiga bir yarim yildan ko'proq vaqt o'tdi. Hujjatda O'zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlarining samarali faoliyat olib borishiga xalaqit berayotgan bir qator tizimdagi mavjud muammolar va kamchiliklar ko'rsatilgan. Farmonda qayd etilgan muammolardan biri, NNTni ro'yxatdan o'tkazish jarayonida to’sqinlik qilayotgan zamonaviy talablarga javob bermaydigan va eskirgan huquqiy normalar tufayli haddan ziyod ko’p byurokratik talablardir.

2020 yil 1 yanvardan boshlab NNTlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun davlat boji stavkalari sezilarli darajada pasaytirildi[ii]. Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida NNT portali yo’lga qo’yildi, u erda 2019 yil noyabr oyining oxiridan boshlab ta'sis hujjatlari allaqachon sinovtariqasida elektron ko'rinishda topshirilishi mumkin[iii].

Bu ijobiy o’zgarishlarga qaramay, NNTni ro'yxatdan o'tkazish tartibi hanuzgacha juda mushkul bo’lib, ko'p vaqt va harakat talab qiladi. Nima uchun O'zbekistonda NNT ochish bu qadar qiyin, u kimga va nimaga bog'liq? Ushbu savollarning barchasiga javob topish uchun mualliflar ushbu sohada turli yo’nalishda faoliyat olib borayotgan tashabbuskor guruh vakillari bilan suhbat asosida tadqiqot o'tkazdilar.

Tizimli NNTlar va tashabbuskor NNTlar

So'nggi o'n yil ichida O'zbekistondagi jamoat tashkilotlari sonining ijobiy o’sishi nodavlat notijorat tashkilotlarini ro'yxatdan o'tkazishda hech qanday muammo yo’q degan tasavvurni shakllantirishi mumkin. Masalan, 2009 yilga nisbatan, 2018 yilda ularning soni deyarli ikki baravarga ko'paydi va 9235ta NNTni tashkil etdi. Ammo shuni ta'kidlash kerakki, ushbu raqamga siyosiy partiyalarning barcha bo'linmalari, kasaba uyushmalari va NNTning respublika miqyosida faoliyat ko'rsatadigan mintaqaviy filiallari ham kiritilgan.

Masalan, O'zbekiston nogironlar jamiyatining viloyat, tuman va shaharlarda 150 ta filiallari mavjud va ularning har biri alohida NNT hisoblanadi. 2018 yil holatiga ko'ra, O'zbekistonda nogironligi bo'lgan odamlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun 613 ta nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat ko'rsatmoqda va ularning 150tasi nogironlarning bitta tashkilotining mintaqaviy bo'linmalaridir. Asosan jismoniy nogironligi bor shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan shug'ullanadigan nogironlar jamiyati bilan bir qatorda, davlat mintaqalarida o'nlab filiallari bo'lgan Ko'zi Ojiz va Kar-soqovlar jamiyatlari mavjud. Shunday qilib, multiplikativ effekt yaratilib, nodavlat notijorat tashkilotlarining soni yildan-yilga ortib borayotganga o'xshaydi. Aslida, barcha NNTlarning mintaqaviy filiallarini yagona tashkilot deb hisoblash kerak.

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti (FJShMQMI yoki NIMFOGO rus tilida) O'zbekistondagi NNTlarning bir nechta turlarini aniqlaydi. Hukumat tuzilmalari tomonidan tashkil etilgan va davlat byudjeti tomonidan moliyalashtiriladigan ko’p sonli bo'linmalar tarmog'iga ega bo'lgan kvazi-davlat va "tizimli NNT"lar mavjud.

Boshqacha aytganda, bu tashkilotlar davlat tomonidan tashkil etilgan nodavlat tashkilotlardir (GONGO). Mahalla jamg'armasi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi, O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi, O'zbekiston Qizil yarim oy jamiyati va O'zbekiston nogironlar jamiyati kabi yirik nodavlat notijorat tashkilotlari shunga misol bo'la oladi. Ularning bo’limlar soni respublika bo'yicha 1000tadan oshishi mumkin[iv].

FJShMQMI ma'lumotlariga ko'ra, 6000 dan ortiq NNT (davlatdagi barcha NNTlarning 65 foizi) "tizimli NNT" toifasiga kiradi. Faqat 3000 ga yaqini “tashabbuskor NNTlar” bo'lib, ular “pastdan yuqoriga” tamoyil tashabbusi asosida tashkil etilgan va hududiy bo'linmalar tarmog'isiz mahalliy darajada faoliyat ko'rsatmoqda. Aynan mana shu tashabbuskor guruh va NNT vakillari o'z tashkilotlarini adliya tizimida ro'yxatdan o'tkazish va qayta ro'yxatdan o'tkazishda rasmiy va norasmiy (ko'rinmas) to'siqlarga duch kelmoqdalar.

Byurokratik talablar va to'siqlar

Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibi "Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida"[v] va "Jamoat birlashmalari to'g'risida"[vi], shuningdek,2014 yil 10 mart[vii] da O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 57-sonli qarori bilan tasdiqlangan NNTlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish to'g'risidagi nizomiga muvofiq amalga oshiriladi. Ta'sis hujjatlari adliya organlari tomonidan ko'rib chiqish muddati ariza berilgan kundan boshlab bir oyni tashkil qiladi. Natijada ro'yxatga olish organi tashkilotni ro'yxatdan o'tkazish yoki rad etish to'g'risidagi qarorni qabul qiladi. Rad etilgan taqdirda, adliya organlari bunday qaror qabul qilinganidan keyin 3 kun ichida arizachiga xabar berishlari shart.

Vaholanki, ushbu sohadagi o'nta tashabbuskor guruh vakillari bilan o'tkazilgan suhbatlar tahlili shuni ko'rsatadiki, amalda tashabbuskor NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish tartibi hanuzgacha qiyin bo'lib qolmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlarini ro'yxatdan o'tkazish jarayoni o'rtacha 7 oydan 10 oygacha cho’zilishi mumkin. Tashabbuskor guruhlari adliya organlaridan ko'plab rad javoblari olishadi va bunday rad etish xatlari o'rtacha hisobda eng kami 4ta va eng ko’pi 10 tadan oshiq bo’lishi mumkin.

“Nodavlat notijorat tashkilotlarini ro'yxatdan o'tkazish jarayoni o'rtacha 7 oydan 10 oygacha cho’zilishi mumkin”.

Agar birinchi rad etish xatida ro'yxatga olish organi ta'sis hujjatlaridagi bir nechta kamchiliklarni aniqlasa va ularga tuzatishlarni olgan bo'lsa, ikkinchi marotaba rad etishida ilgari aniqlanmagan kamchiliklar asosida rad etadi. Boshqacha aytganda, adliya organi birinchi rad etishda barcha mavjud kamchiliklarning to'liq ro'yxatini ko'rsatmay, kelgusida takroran rad etish uchun atayin qilgandek ko’rinadi.

Bundan tashqari, FJShMQMI ma'lumotlariga ko'ra, yana bir sun'iy to'siq bu adliya organlari tomonidan hujjatlarni ko'rib chiqish jarayonining maxsus kechiktirilishi hisoblanadi[viii]. Aniqlangan kamchiliklar katta ahamiyatga ega bolmasada, (nizomni ikki nusxaning o'rniga bitta nusxada taqdim etish, tikilmagan nizom va hokazo), adliya organlari belgilangan ko'rib chiqish muddati tugashini kutishadi va shundan keyingina rad javobini berishadi. Shunday qilib, NNTni ro'yxatga olish jarayoni cho’ziladi. Har bir rad qilish xatining oxirida adliya organlari xatolar bartaraf etilgandan so’ng qayta murojaat qilish huquqiga ega ekanliklarini va agar ular adliya qaroriga rozi bo'lishmasa, yuqori organ yoki sudga murojaat qilishlari mumkinligini yozishadi, bunga qaramay, arizachilar kamdan-kam hollarda sudga murojaat qilishadi. Ko'pincha, norozi shaxslar o’z shikoyatlari bo’yicha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga murojaat qilishadi.

Notijorat Xalqaro Huquq Markazi (ICNL) tashabbuskor guruhlarga O'zbekistonning uchinchi sektoriga kirishida oltita asosiy to'siqlar borligini ta’kidlaydi[ix]. Ular orasida: ro'yxatga olishni rad etish uchun aniq bo’lmagan asoslar; ro'yxatga olish organiga "arizani ko'rib chiqmasdan qoldirishga" ruxsat beruvchi normalar, bu aslida qonunga zid xolat va sudga rad javobi bo’yicha shikoyat qilishga yoki hujjatlarni qayta topshirishga to’sqinlik qiladi; arizani ko’rib chiqishni cho’zish va boshqa to'siqlar. Bunga qo’shimcha, ICNL, ro’yxatga qayd qilish organining xohishiga ko'ra, ro'yxatdan o'tish uchun ariza boshqa davlat organlariga "ekspertiza" uchun yuborilishi mumkinligini ta'kidlaydi. Bu xolat ro'yxatga olish jarayonini bir oydan ko'proq vaqtga cho’zadi.

Masalan, agar bir guruh yoshlar o'zlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashabbuskor NNTni ro'yxatdan o'tkazmoqchi bo'lishsa, ularning arizalari tizimdagi tashkil etilgan NNTga - O'zbekiston Yoshlar ittifoqiga "ekspertiza" ga yuborilishi mumkin. Nodavlat notijorat tashkilotlarini to'g'ridan-to'g'ri subsidiyalash va qo'llab-quvvatlash orqali, “yuqoridan pastga” tamoyili asosida hukumat, ba'zi kvazi-davlat NNTlarning muayyan sohalarda faoliyat yuritish huquqini monopollashtiradi. Bundan tashqari, davlat organlarining o'zlari ham, tegishli vazirlik va idoralar yangi tashabbuskor NNTni ochish maqsadga muvofiqligi borasida o'z fikrlarini bildirish uchun, bunday “ekspertiza”da ishtirok etishlari mumkin. Natijada, bu “pastdan-yuqoriga” tamoyili asosida shakllangan NNTlarni ro'yxatdan o'tkazishda qo'shimcha ko'rinmas to'siqni hosil qiladi.

“Nodavlat notijorat tashkilotlarini to'g'ridan-to'g'ri subsidiyalash va qo'llab-quvvatlash orqali, “yuqoridan pastga” tamoyili asosida hukumat, ba'zi kvazi-davlat NNTlarning muayyan sohalarda faoliyat yuritish huquqini monopollashtiradi.”

2018 yilgi FJShMQMI tahliliy hisobotida tashabbuskor guruhlarining adliya organlari tomonidan "o'z nizomlarini ro'yxatdan o'tkazish o'rniga faoliyat yuritmay qolgan NNTlarga rahbarlik qilishlari" taklifiga noroziliklari qayd etilgan[x].

Ro'yxatga olish organlari, shuningdek, tashabbuskor guruhlarga mavjud tizimli NNTga a'zo bo'lishni norasmiy ravishda imo qilishlari mumkin. O'z navbatida, bu holat O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi[xi]ning 34-moddasiga va boshqa tan olingan xalqaro shartnomalarga zid bo'lib, fuqarolarning jamoat birlashmalariga a’zo bo’lish huquqlari va erkinliklari buzilishiga olib kelishi mumkin va hech kim bu huquqini buzishga haqli emas.


Ta'sischilarning shaxsiy omillari

Taxmin qilinayotgan yana bir to'siq - bu tashabbuskor guruhlar vakillarining shaxsiy omillari. Suhbat ishtirokchilarimizning ko’pchiligini ta'kidlashicha, adliya organlari ularning, shu jumladan ularning qarindoshlarining ham avval sudlanganlik bor-yo’qligi holatini tekshirgan. Masalan, O'zbekiston hukumat vakillari “Adolatni tiklash” sobiq siyosiy mahkumlarning inson huquqlarini himoya qilish tashkilotini ro'yxatdan o'tkazishni rad etdi. Ularning arizasi o'tgan yilning 29 martida “ro’yxatga olish jarayoniga bog’liq rasmiy asoslarga ko’ra” deb aniq bo’lmagan sabab asosida rad etilgan edi[xii].

NNTlarning faoliyat sohalari bo'yicha taqsimlash diagrammasidan ko'rinib turibdiki, ularning ko'pchiligi ijtimoiy-madaniy masalalarga ixtisoslashgan. Bu diagrammadagi beshta siyosiy partiya va ularga qarashli 839 ta hududiy bo'linmalari hamda demokratik institutlarni rivojlantirish bo'yicha 830 ta hududiy bo’linmalarini hisobga olmagan holda berilgan – bu ko’rsatkichga "Mahalla" jamg'armasi va uning barcha hududiy filiallari ham kiradi. Taxmin qilish mumkinki, adliya organlari siyosiy mahbuslar huquqlarini himoya qilish va ularning jamiyatga qayta integratsia qilish kabi siyosiy jihatdan nozik masalalarni hal etishni istagan tashabbuskor NNTlarni ro'yxatdan o'tkazishga to'sqinlik qilmoqda. Boshqa so’zlar bilan aytganda, yangi NNTlarni ro'yxatga olish jarayoni tashabbus guruhning faoliyat doirasiga ham bog'liq bo'lishi mumkin. Tashabbuskor NNT ochmoqchi bo’lgan ta'sischilarning chet elda uzoq vaqt turgani (masalan, doimiy yashash uchun) ham tashkilotni ro'yxatdan o'tkazish jarayoniga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Suhbat ishtirokchilari adliya organlari uchun mahalliy NNT ta'sischisining mukammal portreti bu - O'zbekistonda doimiy ravishda yashaydigan, qonun oldida "toza" bo'lgan va hukumatning siyosiy va turli nuqtai nazarlariga tarafkash shaxs degan xulosaga hamfikrlik bildirishdi.

Bundan tashqari, NNTlarning ta'sis hujjatlarini tayyorlash jarayonida O'zbekistonning rusiyzabon aholisi uchun qo'shimcha qiyinchiliklar paydo bo'lishi mumkin. Agar ilgari adliya organlari nizomni rus tilida qabul qilgan va tarjimalarida muammolar bo'lmagan bo'lsa, endilikda hujjatlar faqat davlat tilida - o'zbek tilida qabul qilinadi. So'nggi paytlarda tarjimonlik agentliklarining soni ko'payib bormoqda va tarjima sifati tarjimonning malakasiga qarab o'zgarishi mumkin. Qonuniy hujjatlarning professional atamalari NNT qonunchiligi sohasida ma'lum bilimlarni talab qiladi. Masalan, bitta tashabbus guruhiga "Ustav" ruscha so'zining o'rniga "Nizom" so'zini ishlatilganligi sababli xato deb rad etildi. Tarjimaning bunday nozik farqlarini bilmaslik, boshqa safar yana rad javobini olish holatlariga zamin yaratadi.

Suhbatda ishtirok etgan tashabbuskor guruhlarning vakillari, qonuniy hujjatlardagi kamchiliklarga sabab bo'lishi mumkin bo'lgan huquqiy bilimlarning yo'qligini ta'kidlab o’tishdi. Ayni vaqtda, malakali yuristlarning xizmatlari qo'shimcha moliyaviy resurslarni talab qiladi. O'zbekiston Adliya vazirligi huzurida fuqarolar bilan ishlash bo'yicha maxsus bo'lim faoliyat ko'rsatayotganiga va yuridik maslahatlar uning bevosita mas’uliyatlariga kiritilganiga qaramay, NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish jarayonida huquqiy qo’llab-quvvatlash xizmati ko'rsatilmaydi. 2019 yil sentyabr oyida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan davlatning barcha mintaqalarida aholiga bepul yuridik yordam ko'rsatadigan keng qamrovli yuridik maslahat byurolari tarmog'iga ega bo'lgan "Madad" NNTsi tashkil etildi[xiii]. Ammo, byuro faqat jismoniy shaxslarga ularning shaxsiy muammolari va muammolari bo'yicha onlayn va yuzma-yuz yuridik yordam ko'rsatadi.

Shu bilan birga, byuroda yuridik shaxslarga yordam ko'rsatish rejalashtirilgan. Ammo tizimli NNT hisoblangan "Madad" tashkiloti adliya organlarida ro'yxatdan o'tishni istagan tashabbuskor guruhlarga huquqiy yordam ko'rsatadimi yoki yo'qmi hozircha aniq emas. Nodavlat notijorat tashkilotlarining nizom namunalari, ularning tashkiliy-huquqiy shakllaridan kelib chiqqan holda(masalan jamoat birlashmalari, jamg'armalari va boshqa, qonun hujjatlari nazarda tutilgan shakllari) mavjudligi muhim omil hisoblanadi. Bunday namunalarni na Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida, na «Advice.uz» huquqiy axborot portalida yoki yangi «E-NGO.uz» NNT portalida topish mumkin.

O'zbekistonda mahalliy NNTlarning maqomiga asosan ularning faoliyatida hududiy cheklovlar belgilangan. Masalan, agar tashkilot Toshkent shahar adliya boshqarmasida ro'yxatdan o'tgan bo'lsa, ro'yxatdan o'tish guvohnomasida "faoliyat ko'rsatadigan hudud": Toshkent shahri ko'rsatiladi. Shu munosabat bilan nafaqat yangi nodavlat notijorat tashkilotlarini ro'yxatga olishda, balki NNTlarni shahardan respublika miqyosida qayta ro'yxatdan o'tkazishda ham muammolar mavjud. Qayta ro'yxatdan o'tkazish ro'yxatdan o'tishdan osonroq, ammo shunga qaramay bu yerda ham qog’ozbozliksiz bo’lmaydi. Tizimli NNTlarning respublika bo'ylab faoliyat yuritadigan monopol mavqei to'siq bo'lib xizmat qilishi mumkin.

Tadbirkorlikka yashil chiroq, NNTgachi?

Jahon Bankining «Doing Business 2020» reytingida O'zbekiston 7- pog'onaga ko'tarilib, dunyoning eng yaxshi 20 davlatlari qatoriga kirdi[xiv]. Korxonalarni ro'yxatdan o'tkazish ko'rsatkichi ayniqsa taassurot qoldiradi - O'zbekiston global reytingda 8-o'rinda va bu boshqa to'qqizta ko'rsatkichga nisbatan eng yaxshi ko'rsatkichdir. Nima uchun tadbirkorlik subyekti "Yagona darcha" markazi orqali ariza topshirilgan vaqtdan 30 daqiqa o'tgandan so'ng onlayn tarzda ro'yxatdan o'tishi kerak lekin ijtimoiy faollar NNTsini ro'yxatdan o'tkazishga yillar sarflaydi? Agar "Nodavlat notijorat tashkilotini qo'llab-quvvatlash 2020" global reytingi mavjud bo'lganda, O'zbekiston NNTlarni ro'yxatga olish ko'rsatkichi bo'yicha eng oxirgi o'rinlarda turishi mumkin edi. Ta'kidlash joizki, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, shuningdek, biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun NNTlarni ro'yxatga olish va tashkil etishda ko'maklashish juda muhimdir. Aks holda, byurokratiya, rasmiyatchilik va qog’ozbozlik allaqachon qo’l bilan sanash mumkin bo’lgan ishtiyoqmandlarning barcha shijoatini so’ndiradi.

Agar "Nodavlat notijorat tashkilotini qo'llab-quvvatlash 2020" global reytingi mavjud bo'lganda, O'zbekiston NNTlarni ro'yxatga olish ko'rsatkichi bo'yicha eng oxirgi o'rinlarda turishi mumkin edi.

Haddan ziyod byurokratik talablar va to'siqlar, adliya organlari tomonidan NNTni ro'yxatga olish jarayonini atayin kechiktirish, kvazi-davlat nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat idoralarining "ekspertizasi" zarurati bilan bog'liq noaniq sabablarga ko'ra bir necha bor ro’yxatga olishni rad etish O'zbekistondagi ijtimoiy faol va befarq bo’lmagan fuqarolarining istaklarini so’ndiradi.

Ta'sis hujjatlarining navbatdagi qayta topshirish jarayoni huddi shamol tegirmoni qarshi foydasiz kurashga o’xshaydi, tashabbuskor fuqarolarning sa'y-harakatlari jamiyat uchun foydali ishlarga sarflanishi mumkin bo'lgan paytda behuda qog'oz ishlariga sarflanadi. Amaldagi "NNTlarning mintaqaviylashishi" tamoyili hududlarning ijtimoiy rivojlanishiga to'sqinlik qilishi va kvazi-davlat va tizimli NNTlarning yanada ko'proq monopollashishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish va qayta ro'yxatdan o'tkazishning mashaqqatli jarayonlari norasmiy (adliya organlarida ro'yxatdan o'tmagan) tashkilotlar faoliyatini rivojlanishiga sabab bo’ladi va ko'plab tashabbuskor guruhlar soyada qolib ketadi. Bunday norasmiy tashkilotlar NNTlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun byurokratik jarayonlarga pul, vaqt va kuch sarflashdan ko'ra ijtimoiy tarmoqlar va Internetda o'z loyihalari orqali ishlashni afzal ko'radi. O'z navbatida, FJShMQMI[xv] hisobotida ta'kidlanganidek, ijtimoiy faoliyatning bunday norasmiy shakllari qonun bilan tartibga solinmaydi va ularning faoliyati nazoratga olinmaydi. Salbiy tarafi esa, tashabbuskor guruhlar tarqab ketadi va O'zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy rivojlanishga va haqiqiy fuqarolik jamiyatini shakllantirishga noyob hissa qo'shish istagini yo'qotadi.

NNTlarni ro’yxatga olish jarayonini qanday soddalashtirish mumkin?

Tashabbuskor guruhlar bilan suhbat asosida o'tkazilgan sifatli tadqiqot natijalariga ko'ra, NNTni ro'yxatdan o'tkazish muammosi muayyan tashabbuskor guruhlar yoki fuqarolarga tegishli emas, lekin tizimli xarakterga ega. Adliya organlarining tashabbuskor NNTlarni ro'yxatdan o'tkazishda bir necha bor muvaffaqiyatsizlikka uchrashi tabiiy va odatiy holga aylandi. Haddan ziyod byurokratik to'siqlar va talablar, uzoq vaqt ro'yxatdan o'tish jarayoni, til to'siqlari, past huquqiy savodxonlik va adliya organlarining huquqiy yordam xizmatini ko’rsatmasligi, davlat idoralari va kvazi-davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining norasmiy "ekspertiza" qoidalari - bularning barchasi davlat tomonidan tashkil etilgan va boshqariladigan NNTlardan farqli o’laroq, aholi orasidan o’z tashabbusi bilan chiqqan faol fuqarolar asos solgan NNTlarning ochilishini qiyinlashtiradi.

Shuningdek, NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish va qayta ro'yxatdan o'tkazishni soddalashtirish borasida tadbiq etilgan bir qator yutuqlarni ta'kidlab o’tish joiz. Demak, Prezidentning oktyabr oyidagi farmoniga binoan, 2020 yil 1 yanvardan boshlab NNTlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun olinadigan davlat boji stavkalari ularning respublika, viloyat, tuman, shahar yoki boshqa darajadagi faoliyat qamroviga qarab kamaytirildi. Bundan tashqari, 2019 yil noyabr oyining oxirida NNTlarning "E-NGO.uz" portali tashkilotlarni ro'yxatga olish va qayta ro'yxatdan o'tkazish uchun hujjatlarni elektron tarzda topshirishni ta'minlaydigan sinov tariqasida ish boshladi. Shunga qaramay, Prezidentning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish to'g'risidagi barcha farmonlari, NNTlarni ro'yxatga olish tizimi hali ham tubdan o'zgarmadi. Tashqi ko'rinishi o'z qiyofasini o'zgartirgan bo'lishi mumkin - ta'sis hujjatlarini ro'yxatga olish to'lovlarining kamaytirilgan stavkalari bo'yicha onlayn tarzda topshirish imkoniyati paydo bo'ldi, ammo tashabbuskor fuqarolarning omadsiz tajribasiga ko'ra, byurokratik to'siqlar hali ham “pastdan-yuqoriga” tamoyili asosida yangi jamoat tashkilotlarining shakllanishiga to'sqinlik qilmoqda.

Tashqi ko'rinishi o'z qiyofasini o'zgartirgan bo'lishi mumkin - ta'sis hujjatlarini ro'yxatga olish to'lovlarining pasaytirilgan stavkalari bo'yicha onlayn tarzda topshirish imkoniyati paydo bo'ldi, ammo tashabbuskor fuqarolarning omadsiz tajribasiga ko'ra, byurokratik to'siqlar hali ham “pastdan-yuqoriga” tamoyili asosida yangi jamoat tashkilotlarining shakllanishiga to'sqinlik qilmoqda..

2018 yil may oyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha maslahat kengashi tuzildi, uning vazifasi NNTlarning tashkiliy, huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish bo'yicha takliflar kiritishdir. Maslahat kengashida O'zbekistondagi NNT faoliyati to'g'risidagi qonunchilikni takomillashtirish va optimallashtirish masalasi bir necha bor ko'tarilgan. 2020 yil 1 fevralgacha Adliya vazirligi NNT vakillarining ekspert guruhi bilan birgalikda “Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida”gi Kodeksni ishlab chiqadi.

Shunga qaramay, nodavlat notijorat tashkilotlar to'g'risidagi Kodeks loyihasiga ko'ra, NNTni ro'yxatga olishni soddalashtirish borasida sezilarli o’zgarish bo’lmadi, albatta davlat bojini kamaytirish va NNTlarni elektron ro'yxatga olishni joriy etish bundan mustasno. Umid qilamizki, yuqorida aytib o’tilgan barcha muammolar va NNTlarni ro'yxatga olish va qayta ro'yxatdan o'tkazish jarayonini soddalashtirish bo'yicha keltirilgan takliflar NNT to'g'risidagi Kodeksning yakuniy ko’rinishida o'z aksini topadi, buning uchun quyidagi choralarni ko'rishni tavsiya etamiz:

·        nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi qonun hujjatlarini Prezidentning 2018 yil may oyidagi "Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida" gi farmonini har tomonlama (ham qog’ozda ham amaliyotda) muvofiqlashtirish;

·        huquqiy to’qnashuvlar va qonunlardagi kamchiliklarni oldini olish maqsadida NNT faoliyatini tartibga solish borasida qonun hujjatlarini inventarizatsiya qilish;

·        milliy qonunchilikka va xalqaro shartnomalarga zid bo'lgan, yozilmagan ichki tartib va qoidalar amaliyotini yo'q qilish;

·        Adliya organlari hujjatlarni bir martadan ortiq qaytarib bermasligi uchun birinchi rad xatida ta'sis hujjatlaridagi barcha kamchiliklarga oid izohlarning to'liq ro'yxatini ko'rsatish taklifini kitirish;

·        NNTlarni ro'yxatga olish va qayta ro'yxatdan o'tkazish tartibini tadbirkorlik subyektlarini ro'yxatdan o'tkazishda bo'lgani kabi “Yagona Darcha” markazlariga o'tkazish;

·        Nodavlat notijorat tashkilotlarini ro'yxatga olish va qayta ro'yxatdan o'tkazish uchun bepul yuridik xizmat ko'rsatish, shu jumladan, adliya organlari tomonidan tasdiqlangan turli xil NNTlarning nizomlarining namunalarini taqdim etish;

·        mahalliy NNTlarning o'z faoliyatini respublika bo'ylab amalga oshirishi uchun ularning hududiy cheklovlarini bekor qilish;

·        nizom va boshqa ta'sis hujjatlarini o'zbek tiliga tarjima qilish uchun Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan tarjima xizmati markazlarining reyestrini tuzish.


Ushbu maqola «Giving Voice, Driving Change — from the Borderland to the Steppes Project” loyihasi doirasida tayyorlangan. Maqolada bildirilgan fikrlar tahririyat yoki donorning qarashlarini aks ettirmaydi.

Maqola “Uchinchi sector” nodavlat tashkilotlarini rivojlantirishda kerak bo‘ladigan foydali maslahat va turli tadbirlar bo‘yicha ma'lumotlar kanali tashkilotchilari yordamida o’zbek tiliga tarjima qilindi.


Havolalar

[i]https://lex.uz/docs/-3721649

[ii]http://xabardor.uz/x/577258

[iii] https://www.minjust.uz/ru/press-center/news/98569/

[iv]http://nimfogo.uz/upload/iblock/2f6/2f6d0eb9d2ac2bdbe40ecbbaf2a95174.docx

[v]https://www.lex.uz/acts/10863

[vi]https://lex.uz/docs/111827?query=%D0%B7%D0%B0%D0%BA%D0%BE%D0%BD

[vii]https://www.lex.uz/acts/2356874#undefined

[viii]

[ix] http://www.icnl.org/resources/civic-freedom-monitor/uzbekistan#glance

[x]

[xi]http://constitution.uz/ru/clause/index

[xii]http://eurasia.amnesty.org/2019/05/15/mezhdunarodnye-nko-potrebovali-prekr/

 [xiii]https://lex.uz/ru/docs/4500971

[xiv]https://russian.doingbusiness.org/ru/data/exploreeconomies/uzbekistan

[xv]



Report Page