Never give up

Never give up

By Khamidulla

TL:DR; Hech qachon o’z orzularingizdan voz kechmang yohud bollar biz yutdik.

Ushubu rasmda, men 2017-yili sentabr oyida Booking.com kompaniyasiga onsight(ishga kirish uchun ushbu intervyu oxirgisi edi) intervyusini ertasiga kompaniyaning Amsterdam shahrida joylashgan AMS9 (The Bank building) nomli binosi oldida tushganman. Bu vaqtda men hali kompaniyaga kira olmasligimni bilmas, oldinda meni kutib turgan mashaqqatlarga ham (bu hech kimga qiziq bo’lmasa kerak-u, lekin, boshimga tushganlarni dushmanimga ham ravo ko’rmayman), butun dunyoda bo’ladigan o’zgarishlarga ham, tayyor emas edim.

Esimda qolgani, o’sha kuni Amsterdamda maydalab yomg’ir yog’ishiga qaramay tungacha shahar aylangandim. (ma’lumot uchun Amsterdam shahri qutbga yaqin bo’lgani uchun sentyabr oyida qorong’i 10:30 lar atrofida tushadi). Menga Niderlandiyani yoqqan tarafi Gollandlar chet elliklarga qo'lidan kelgunigacha yordam berishlarini O'zbeklarga o’xshatgandim. Mehmon – otangdek aziz, deb bejizga aytishmaydiku.

Ertasi kuni Koreyaga qaytib ketdim va oradan bir hafta vaqt o’tishga qaramay, javob bo’lmagani uchun recruiterimga xat(follow up) yozdim. O'shanda men uchun kutish juda qiyin bo’lgan edi. Recruiter'im xat o’rniga menga qo’ng’iroq qilib vaqtida javob bera olmagani uchun uzur so’radi va intervyu xulosalarini aytib bo’lgach, menga ish taklif qila olmasligini aytdi. Recruiterning gaplarini eshitib bo’lgach, men bilan ishlagani uchun o’z minnatdorchiligimni bildirdim va agar men Booking.com da ishlashim taqdirimda bo’lsa, albatta, men shu kompaniyaga bir kun kirishimni aytdim. Rekrutirim javobini eshitib meni osoyishtaligimni(calm) va javobimga ajablanganini aytdi. Uning tajribasida menga o’xshab javob berganlar avval bo’lmagan ekan. Maslahat tariqasida, albatta, 6 oydan so’ng qayta topshirishimni so’radi, chunki, menga berilgan feedbacklar unchalik ham yomon emas edi. Shu bilan biz xayrlashdik.

Hikoyamni shu joyida nega aynan Booking.com ga ishga kirish men uchun qiziq bo’lganligiga to’xtalmoqchi edim. Yoshlikdagi orzuyim o’qigan kitoblarim qahramonlari kabi dunyoni ko’rish edi. Va menga bunda Booking.com ga kirib ishlash yordam beradi deb o’ylagandim. Shuning uchun ham, menga berilgan feedback'lar ustida ishlashni davom ettirdim. Aziz Murtazaev sizga rahmat, o'shanda men bilan erinmasdan har hafta mock intervyu qilgan edingiz. Ammo bu holat uzoq davom etmadi. Bir sabab ortidan boshqa sabab chiqdi, ikkinchisini orqasidan uchinchisi deganlaridek va men o’z orzuimdan voz kechdim.

Oilamdagi sharoitni deb O’zbekistonga qaytdim va SuperDispatch (bu kompaniyada O’zbekistondagi legend odamlar bilan birga ishlay boshladim, lekin bu haqida keyinroq albatta gapirib o’taman) kompaniyasida ishlay boshladim. Ishlashni boshlaganimga bir oy bo’lmasidan SARS-COVID-19 ni deb, butun dunyoda karantin boshlandi. Bu ba’lodan aziyat chekmagan oramizda qolmagan bo’lsa kerak. Yaxshi tarafi ishga borib kelish uchun ketadigan vaqtdan unumli foydalanish uchun uyda o’tirib anchadan beri o’qimoqchi bo’lgan kitoblarimni o’qishni davom ettirdim. SuperDispatchda “Clean Code” ni o’qish boyicha kichkina reading klub tashkil qilgandim, afsuski, klub a’zolarining vaqti bir-biriga tog’ri kelmaganligi tufayli kitobni oxirigacha muhokama qilib birgalikda o’qish nasib qilmadi.

Ammo Azimjon Pulatov, algoritmlardan bilimlarni mustahkamlash va kelajakdagi intervyularga tayyorlanish uchun birgalikda “Algorithm Design Manual” kitobni o’qishni taklif qildilar. Men bu taklifga rozi bo’ldim va biz har xafta shu kitobdagi bitta bobni o’qib birgalikda shu bobda berilgan materialga tegishli masalalarni birgalikda ishlashni boshladik.

Biror bir yumush bilan mashg’ul bo’lganda vaqt suv kabi tez oqib o’tadi deganlaridek kitobni o’qishni boshlaganimizga ham bir zumda 6 oy bo’ldi. Shu orada men o’zimni sinash maqsadida turli xil kompaniyalarga hujjatlarimni topshira boshladim va birin-ketin bu kompaniyaning suhbatlaridan muvvafaqiyatli o’ta boshladim. Pandemiya sabab bu kompaniyalarda masofaviy ishlash imkoniyati bor edi. EPAM kompaniyasidan senior dasturchi va kichik bir guruh team-leaderi bo’lib ishlashga taklif olgan bo’lsamda, eski orzuim, Booking.com kompaniyasiga yana bir marotaba topshirib ko’rish haqida o’ylay boshladim. Ammo Niderlandiyaga borish umuman xayolimda yo’q edi. Aytib o’tishim joiz, Azimjon Pulatov ham katta kompaniyalardan internshipga offer olishni boshladilar, yaxshisi, buni o’zlarining kanallarida o’qishingiz mumkin.

Hujjatlarimni yana bir bor topshirib ko’rdim (menga avval yordam bergan rekruiter ishdan bo’shab, Kanadaga ko’chib ketibdi), yuborilgan masalalarni ishladim. Keyin online, birinchi intervyu bo’ldi, undan keyin ikkinchisi va uchinchisi. Xullas, oxirgi intervyuning javobini kutishni boshladim va javob xat ko’rinishida keldi. :) Xatda meni intervyulardan muvvafaqiyatli o’tganim bilan tabriklab, keyingi qadamlarni maslahatlashib olish uchun recruiter online suhbatga chaqirdi.

Avvaliga ancha ikkilandim: boshqa davlatga ketish menga oson ko’rinmadi. Lekin, oxir-oqibat Niderlandiyaga kelishga qaror qildim. Chunki, o’zim xohlagandek, dunyo ko’rmoqchi edim. Mana hozir Niderlandiyadaman 🙂. Niderlandiyadagi hayot va sayohatlarim haqida keyingi postlarda, albatta sizga qiziq bo’lsa, yozishga harakat qilaman.

Uzur, hikoyam cho'zilib ketdi (birinchi blog postimda yozishni bilmayman deb rossa gapirgandim, lekin gapirish uchun ancha gap to’planib qolgan ekan). Tayyorlanish uchun nima kitob o’qiganimni-yu, qaysi resurslardan foydalanganimni ham yozmoqchi edim, lekin, bunday turdagi blog postlar talaygina. Lekin men o’z hikoyamga shu yerda yakun yasab, xulosa sifatida aytib o’tmoqchi bo’lgan ikkita maslahatim bor edi:

  • Hech qachon orzularingizdan voz kechmang.
  • Bugun maqsadingiz uchun bir qadam tashlashni boshladingizmi, harakatlaringizda bardavom bo’ling. Har kuni bittadan masala ishlayotgan bo’lsangiz ham, kuniga 5 varaq kitob o’qishni boshlagan bo’lsangiz ham, tilni o’rganish uchun 10 tadan so’z yod olayotgan bo’lsangiz ham, qilayotgan ishlaringizda bardavom bo’ling.

Ana shunda siz eng yuqori cho’qqilarni zabt etishingiz mumkin va siz ham "Biz yutdik" deb ayta olasiz.

Boshdan kechirganlarimni diqqat bilan o’qigan o’quvchimga katta rahmat, sizga ozgina bo’lsa-da o’z maqsadlaringiz yo’lida turtki bo’la olgan bo’lsam ushbu blog post orqali, oldimga qo’ygan maqsadimga erishdim deb hioblayman. Ko’rishganda ko’rishguncha.

PS: Ha o’sha 2017-yildagi rekruiterimni topib, unga Bookingga kirganimni aytdim. Meni eslab qolgan ekan, u ham juda xursand bo’ldi. Shunday ekan, har qanday holatda ham tushkunlikka tushmang. 🙂

Report Page