Nega mahalla idorasi o'z xodimlariga "otpuska" pullarini bermadi?
Shunday bir paytda yashayapmizki, odamlar muammolari “mahalla yettiligi”dan ko‘chaga chiqmayapti. Qanaqa murojaat bo‘lsa ham, ishsizmi, kreditmi, subsidiya olishmi, yoshlar bandligi, mehnat va oilaviy munosabatlardagi kelishmovchiliklarmi, yo‘qolgan hujjatlarni tiklashmi bari-bari mahalla eshigida hal bo‘lmoqda. Aslida bu to‘g‘ri ham, buni vaqt isbotladi. Avvallari fuqarolar bitta murojaat uchun tegishli tashkilotni izlab yurardi. Endi esa shundoqqina uyi atrofidagi mahallaga borib, onlayn mahalla platformasiga bitta ariza tashlasa bo‘lgani... Bu esa ish bitdi degani!
Ammo, mahallani o‘zi yordamga muhtoj bo‘lsachi? Masalan, mahalla xodimlarining mehnatga haq to‘lashdagi huquqini tiklay olmayotganini qanday tushunsa bo‘ladi? Bu “etikka yolchimayotgan etikdo‘z” holatini anglatmaydimi? Afsuski, shunday.
Navoiy shahar adliya bo‘limiga iymanibgina kelib ariza tashlagan mahalla xodimlarini tushungandek bo‘ldik. Kim ham o‘z “dasturxoni”dan noligisi keladi, yana kamiga o‘sha tashkilotda ishlab turgan bo‘lsa....Ammo, mehnat ta’tili pullari to‘lab berilmaganlik sababi xodimlarni adliya idoralariga murojaat qilishga baribir undadi. Adliya xodimlari esa yil davomida ishlagan mahalla xodimlarining qonunchilikda belgilangan huquqlarini sud orqali tiklashga muqaffaq bo‘ldi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudiga Navoiy shahar adliya bo‘limi Navoiy shahridagi “O‘zbekiston” mahalla fuqarolari yig‘ini raisi Dilnoza Qurbonova manfaatida da’vo ariza kiritdi. Mazkur ish bo‘yicha sud mavjud hujjat va dalillarni atroflicha o‘rgandi va qaror qabul qildi. Javobgar O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Navoiy shahar bo‘limiga nisbatan mehnat ta’tilini undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi qanoatlantirildi. Sud qaroriga ko‘ra, “O‘zbekiston” mahalla fuqarolari yig‘ini raisi Dilnoza Qurbonovaga yillik mehnat ta’tili uchun to‘lanmasdan qolgan 5.925.718 so‘m ish haqi undirilishi belgilandi.
Xuddi shunday murojaat Navoiy shahar “Yangiariq” mahalla fuqarolari yig‘ini raisi Abusaid Mavlanov tomonidan Navoiy shahar adliya bo‘limiga qoldirilgan. Bunda ham da’vogar Navoiy shahar adliya bo‘limining Abusaid Mavlanov manfaatida javobgar O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Navoiy shahar bo‘limiga nisbatan yillik mehnat ta’tili uchun ish haqi undirish haqidagi da’vo arizasi ham qanoatlantirildi. Javobgar O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Navoiy shahar bo‘limidan Abusaid Mavlanovning foydasiga yillik mehnat ta’tili uchun 5.808.600 so‘m miqdoridagi pul undiriladigan bo’ldi.
Xo‘sh, nega O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Navoiy shahar bo‘limi o‘z xodimlarining yillik mehnat ta’tili uchun to‘lovlarni berishda bunday xatolikka yo‘l qo‘ygan. Murojaatlar o‘rganilishida aniqlandiki, Navoiy shahar Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tugatilib, MFY raislari yangidan tashkil etilgan tashkilot O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Navoiy shahar bo‘limiga qabul qilingan. Har ikkala mahalla raislariga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 233-moddasiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi. Yangi tashkilot esa MFY raislariga yillik mehnat ta’tiliga chiqqan davri uchun ish haqi to‘lovlarini to‘lab berishga mablag‘larni smetaga rejalashtirmaganligi bois, “otpuska” pullari to‘lovlarni amalga oshirilishi imkoni bo‘lmagan. Xulosa shuki, haq-huquqingizni andisha tufayli boy bermang.
Shirinbek Ochilov.
Navoiy shahar adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.