Nazoratga o‘chlik: nega hamma narsani oldindan bilishni xohlaymiz

Nazoratga o‘chlik: nega hamma narsani oldindan bilishni xohlaymiz


Hayotimizda hamma narsa ham kutganimizdek bo‘lavermaydi, lekin ba’zilar buni falsafiy qabul qilsa, boshqalarning kayfiyati buziladi va asabiylashadi. Go‘yo ularsiz hammasi yomon va noto‘g‘ri bo‘ladiganday, aralashishi, tekshirishi, oldindan bilishi zarurday. Ammo hadeb aralashish atrofdagilarga yoqmaydi, ba’zida esa munosabatlarni buzadi.

 

Hamma narsani nazorat qilishni xohlaysizmi? Shunday bo‘lsa, siz yolg‘iz emassiz.

 

“O‘zim ham uzoq yillar bundan azob chekkanman, hatto hozir ham har bir mayda narsani nazorat qilish xohishi paydo bo‘lib qoladi, uni yengish uchun bir nechta yaxshi usullarni topganman”, – deb yozadi psixoterapevt Sheron Martin.

 

Asosiy mavzuga chuqurlashishdan oldin, “olamdagi hamma nasani nazorat qilish” nimani anglatishi va o‘zimizni nega bunday tutishimizni bilib olaylik.

 

Nazoratga o‘chlikning belgilari

·      Nima, qanday ve nega yuz berganini qanday qilib bo‘lsa ham aniqlash;

·      Hamma narsani mayda-chuydasigacha rejalashtirish va bitta narsa ham ko‘ngildagidek bo‘lmasa, asabiylashish;

·      Keraksiz va nomuhim tafsilotlarga ham ortiqcha e’tibor berish;

·      O‘zinikidan boshqa har qanday nuqtayi nazarni rad etish;

·      Odamlarni doimiy tanqid qilish;

·      Hammani boshqarishga intilish va hamma narsaga aralashish;

·      Yetib bo‘lmas mezonlar o‘rnatish;

·      Hamma narsani o‘zingiz bilgandek qilish uchun faqatgina yolg‘iz o‘tirib, reja tuzish va qaror chiqarish.

·      Har qanday o‘zgarishlarni yomon ko‘rish (o‘zingiz amalga oshirganlardan tashqari);

·      Syurprizlardan noqulay ahvolga tushish;

·      Vaziyatni oldindan qanday bo‘lishini imkoni bo‘lmaganda, nimadir rejaga muvofiq ketmaganda, masala kutilganidek yechim topmaganida, boshqalar “noto‘g‘ri” tanlov qilganida xavotirlanish va g‘azablanish.

·      Hech kimga ishonmaslik.

 

Hamma narsani nazorat qilish odati qayerdan paydo bo‘ladi?

Bunday xulq-atvor ko‘pincha xavotir va qo‘rquvga asoslangan. Nimadir nazoratdan chiqsa, xotirjamlik, baxt yoki lazzat his qilish uchun tabiiy ravishda boshqaruvni qo‘lga olish istagi paydo bo‘ladi. Ammo shubhasiz hamma odamlarni va hamma vaziyatlarni boshqara olmaymiz. Hamma ishlarimiz ham natija beravermaydi.

 

Aslida nazoratdan iborat xulq-atvor ko‘p hollarda munosabatlarda muammolar yaratadi hamda ko‘ngil qolishi va stresslarga olib keladi. E’tibor bering, juftini va boshqa yaqinlarni hadda ziyod nazorat qilishga intilish – ular ustida humkronlik o‘rnatish xohishi bo‘lib, zo‘ravonlik bilan tengdir.

 

Nazorat, o‘zaro qaramlik va perfektsionizm

Nazoratga o‘chlik – o‘zaro qaramlikning tipik belgisidir. Odatda bu – ko‘p narsa noma’lum, qo‘rqinchi, xavotirli bo‘lgan oilalardagi tarbiya natijasidir. Bundan tashqari, nazorat – qo‘rquv va xavotirlardan “o‘suvchi” perfektsionizm bilan ham mustahkam bog‘liq. Perfektsionistlarga oldindan ma’lumlik muhim, ular tavakkalni yomon ko‘radi va biror ishni boshlashidan oldin uni bajara olishiga ishonishlari kerak. Ular keskin va xavotirchan, haddan ziyod talabchan hamda o‘zlariga, ko‘pincha boshqalarga nisbatan ham injiq.

 

Ba'zi perfektsionistlar faqat o‘zini nazorat qilishga harakat qiladi va o‘zi uchun noreal darajada baland talablar qo‘yadi ( har bir testdan eng yuqori ball olishni xohlaydigan talabalar, kompulsiv ortiqcha ovqatlanish yoki tana obrazini noto‘g‘ri idrok qilish bilan bog‘liq muammolari bor odamlar). Ikkinchi xildagilar esa faqat atrofdagilarni nazorat qiladi va ular uchun haddan ziyod talablar qo‘yadi (tanqid qiladi, ogohlantirishlar bilan bezor qiladi). Uchinchilari esa unisini ham, bunisini ham qiladi.

 


Hamma narsani nazorat qilishni qanday to‘xtatish mumkin?


Qo‘rquvning yuziga tik qarang

Nazoratli xulq-atvor odatda qo‘rquvdan paydo bo‘lgani uchun aynan nimadan qo‘rqishimizni va bu qanchalik obyektiv (reallika mos) ekanini bilishimiz kerak. Ehtimol siz har doim falokatlarni va eng yomon narsalarni kutarsiz? O‘ylab ko‘ring: bu “eng yomoni” yuz berishining ehtimol qancha? Biz tez-tez voqealarning yuz berish ehtimoli va ularning oqibatlarini bo‘rttiramiz. Ammo ba’zida yomon holatlar ham yuz beradi va hech narsa qilib bo‘lmaydi. Bunday paytda shunchaki vaziyatni qabul qilish kerak, bu esa bizning qo‘limizda.

 

Qabul qilishni mashq qiling

Faqatgina o‘zimizni nazorat qilish mumkinligini qabul qilishimiz kerak, bu esa stressdan va hamma narsaning har doim ideal bo‘lishi majburiyatidan xalos qiladi. Ammo xavotir va nazoratning kuchli xohishi tufayli buni amalga oshirish qiyin ham. Ayni vaqtda va shu yerda nima bo‘layotganiga diqqat qarating va kuzating – bu o‘tmish va kelajak bilan bog‘liq yopishqoq xayollardan xalos bo‘lishga yordam beradi.

 

Har qanday onglilik mashqalari yordam beradi – meditatsiya qiling yoki ayni vaqtga sozlanish uchun barcha sezgi organlaringizni ishga tushiring. Total nazorat ish bermasligini o‘zingizga eslatarsiz ehtimol? Nimalar qo‘lingizda? Nimalar qo‘lingizda emas? Xulq-atvoringiz qanday muammolar keltirib chiqaryapti? Qo‘rquvlarni qanday yengish mumkin? Hozirgi vaqtga diqqatni qaratishga nima yordam beradi?

 

Moslashuvchanlikni rivojlantiring

Oq-qora tafakkur sizning yo‘lingiz – yagona to‘g‘ri yo‘l ekanini takror pichirlashni boshlagan lahzani payqashga harakat qiling. Odatda, har qanday vazifani hal qilishning bir necha usullari bo‘ladi. O‘zaro qaram odamlar hammanning o‘rniga hamma narsani hal qilishga urinadi, bu esa imkonsiz va ko‘p holarda ortiqcha stresslarga, bundan battarog'i – munosabatlar vayron bo‘lishiga olib keladi.

 

Aslini olganda nazorat funksiyasini yoqish va o‘chirishga qobilmiz. Boshqalarni nazorat qilishni to‘xtatganimizda, ular aqlli qarorlar qabul qila olishiga ishonishni boshlaymiz, aksincha bo'lsa – bu bizning muammomiz emas. Hamma narsani nazorat qilish imkoni yo‘qligini anglash, kimningdir xatti-harakati uchun javobgar emasligimizni tan olish o'zimizni baxtli his qilishga olib keladi. Boshqalarning muammolaridan chetlashish – befarqlik emas. Odamlarga mustaqil fikrlash va biror ishni mustaqil amalga oshirish imkonini berish – muhabbat va ishonchdir.

 

Mantralar ayting

Fikrlash tarzi va xulq-atvorni o‘zgartirish qiyin, bu ko‘p kuch talab qiladi. Beixtiyor eski odatlarimizga qaytgimiz keladi. Mantralar maqsadni diqqat markazida ushlab turishga yordam beradi: “Hamma narsani nazorat qilishim shart emas. Noma’lumlikka dosh bera olaman. Faqat o‘zimni nazorat qila olaman. Mening yo‘lim – yagona yo‘l emas. Boshqalarning tanlovini hurmat qilaman”. Bu mantralardan birini ishlatishingiz yoki o‘zingiznikini o‘ylab topishingiz mumkin. Ongingizga muhrlanib qolishi uchun kuniga bir necha marta takrorlang yoki yozing. Eng muhimi – o‘zingizga nisbatan iloji boricha bag‘rikeng bo'lishga intiling. O‘zgarishlar – jarayondir, shunday ekan o‘zingizdan haddan ziyod narsa talab qilmang.

 

Tarjimon: Sarvinoz Omonova

Manba


Kanalga ulanish: Psixologning qaydlari


Report Page