Nazorat tadbiri

Nazorat tadbiri

Toshkent shahar soliq boshqarmasi axborot xizmati

Chilonzor tumanida joylashgan MChJda qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari ishlab chiqarilayotganligi aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi va Chilonzor tumani bo‘limi tomonidan tuman Soliq inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirida “R.B.” MChJga qarashli savdo do‘koni sotuvchisi xaridorga qalbaki QR-kod markirovkali 210 dona alkogol mahsulotini 3,9 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu do‘kondan 3 xil turdagi “Asl Billur” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan qalbaki aksiz markali jami 6 370 dona alkogolli mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan. 

Shuningdek, tadbir davomida Chilonzor tumanidagi “Asl Billur” MChJning ishlab chiqarish manzili va omborxonasi ko‘zdan kechirilganida “xufyona” tarzda ishlab chiqarilib, sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan jami 16 715 dona qalbaki aksiz markali alkogolli mahsulotlar saqlanayotganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, “Asl Billur” MChJ mas'ul shaxslari va boshqalar alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish uchun etil spirtini birja savdolari orqali sotib olmasdan, surishtiruv davomida shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan shaxslardan naqd pulga sotib olib realizatsiya qilganliklari ma'lum bo‘lgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Toshkent shahar soliq boshqarmasi axborot xizmati

Report Page