“Navro‘z” milliy qadriyatlar viktorinasi nizomi
1. Ushbu Nizom Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Oyina.uz portali tomonidan “Navro‘z” milliy qadriyatlar viktorinasi” onlayn intellektual tanlovini (keyingi o‘rinlarda – Tanlov deb yuritiladi) tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Tanlovda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin.
3. “Navro‘z” milliy qadriyatlar viktorinasini o‘tkazishdan maqsad:
aholi orasida Navro‘z umumxalq bayramini keng nishonlash doirasida milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarga e’tiborni yanada kuchaytirish, mazkur ayyomning kelib chiqish tarixi va asrlar davomida o‘ziga xos tarzda nishonlab kelinayotgani, bunda xalqimizning o‘tmishi, milliy falsafasi, tushuncha va tasavvurlari mujassam ekanini yanada keng targ‘ib qilishdan iborat. Shuningdek, milliy o‘zligimiz, tariximiz va o‘zbekona urf-odatlar yuksak ma’naviyatimizning asosi ekanini tushuntirish, milliy qadriyatlarga oid bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda bilimdon kuzatuvchilarni rag‘batlantirishni nazarda tutadi.
4. “Navro‘z” milliy qadriyatlar viktorinasi yakka tartibdagi musobaqa boʻlib, ishtirokchilar belgilangan vaqt doirasida Navro‘z bayrami, milliy qadriyatlarimiz haqidagi test savollariga javob berish boʻyicha musobaqalashadi.
5. Tanlov 2 bosqichda onlayn shaklda, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida tashkil etiladi.
6. 1-bosqich saralash bosqichi bo‘lib, ishtirokchilar maxsus bot orqali ro‘yxatdan o‘tishlari, kamida 5 nafar do‘stini tanlovga taklif qilishlari va bot orqali beriladigan 120 ta test savoliga javob berishlari kerak bo‘ladi. Test savollari 3 kun davomida kuniga 40 tadan berib boriladi. Ishtirokchilar testlarni kunning istalgan qismida ishlashlari mumkin, lekin bir urinishda 40 ta testni yechish talab etiladi. Har bir savol uchun 1 daqiqa vaqt, har bir to‘g‘ri javob uchun esa +1 ball beriladi.
7. Test savollariga eng ko‘p to‘g‘ri javob topgan 200 nafar ishtirokchi va tanlovga eng ko‘p do‘stlarini taklif qilgan (eng ko‘p referal to‘plagan) 50 nafar ishtirokchi tanlovning 2-bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
8. 1-bosqich yakunlariga ko‘ra, test bo‘yicha 200-o‘rin bilan teng ball to‘plagan ishtirokchilarning barchasiga keyingi bosqichda qatnashish imkoni beriladi.
9. Tanlovning 2-bosqichida ishtirokchilarga Navro‘z bayrami, milliy qadriyatlarimiz haqida 50 ta test savoli taqdim qilinadi. Har bir savol uchun esa 40 soniyadan vaqt ajratiladi. Javob berishni barcha ishtirokchilar bir xil vaqtda boshlashlari va belgilangan muddatda tugatishlari kerak bo‘ladi. Belgilangan muddatda test ishlamagan ishtirokchilarning natijalari inobatga olinmaydi.
10. 2-bosqichda 1-bosqichdagi natijalar qo‘shib hisoblanmaydi va barcha ishtirokchilar teng imkoniyatga ega bo‘ladi. Yakunda berilgan 50 ta testdan eng ko‘p to‘g‘ri javob topgan ishtirokchilar tanlov g‘olibi deb e’lon qilinadi.
11. Hal qiluvchi 2-bosqichda ishtirokchilarning ballari teng bo‘lib qolgan taqdirda test savollarini yechish uchun sarflangan vaqt inobatga olinadi, ya’ni 2-bosqich testini ishlab uchun kim kamroq vaqt sarflagan bo‘lsa, o‘sha ishtirokchi yuqoriroq o‘rinda deb hisoblanadi.
12. Tanlovning 2-bosqichi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining hududiy bo‘linmalarida bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar oldindan belgilangan manzilga tashrif buyurib, Telegram bot orqali test savollarini ishlashlari kerak bo‘ladi. Bunda ishtirokchilarni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining hududiy bo‘limlari mas’ullari nazorat qilib boradi (ya’ni ishtirokchi haqiqatda testni o‘zi, hech qanday yordamchi vositalarsiz ishlayotgani tekshiriladi). Respublika tashkiliy ishchi guruhi esa har bir hududiy bo‘linmadagi test ishlash jarayoni shaffof va adolatli o‘tayotganini Zoom platformasi orqali nazorat qilib boradi.
13. Tanlov davomida bir ishtirokchi ikki va undan ortiq akkauntlardan qatnashayotgani yoki 2-bosqichda turli yordamchi vositalardan foydalanishga urinish holatlari aniqlansa, ogohlantirishsiz tanlovdan chetlatiladi.
12. Tanlovda yuqori o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi:
1-o‘rin – Televizor (43), Artel UA43H3502 4K UHD Smart;
2-o‘rin – Planshet (4/64), Samsung Galaxy Tab A8 4/64 GB;
3-o‘rin – Smartfon (6/128), Samsung Galaxy A14 6/128 GB;
4-5-6-7-8-9-10-o‘rinlar – kitoblar to‘plami.
13. Tanlov targ‘ibotida faol ishtirok etib eng ko‘p referal to‘plagan 5 nafar ishtirokchi ham “Eng faol loyiha targ‘ibotchisi” nominatsiyasi g‘olibi deb topiladi va har biri Smartfon (6/128, Samsung Galaxy A14 6/128 GB) bilan taqdirlanadi.
14. Tanlov davomida tashkilotchilar ishtirokchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini talab qilish vakolatiga ega.
15. Tanlov davomida Nizomda nazarda tutilmagan fors-major holatlari kuzatilsa, tanlov tashkilotchilari yakuniy qaror chiqarish huquqiga ega.