Navoiyning yongan roboti

Navoiyning yongan roboti

Maqsud Salomov

Hikoya real voqealar asosida yozilgan, badiiylikni oshirish uchun ayrim oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan. Joy nomlari, maktab raqami aslicha qoldirilgan. Biroq qahramonlar ismi oʻzgartirilgan. Hikoya ushbu voqeaning shaxsan ishtirokchisi boʻlgan bola tilidan soʻzlanadi.


Ismim Eshmat. Narpay tumanidagi “Xoʻjalar” deb nomlanuvchi yoʻllari ilma-teshik qishloqda tugʻilganman. Narpay tumani Samarqandda. Hozir universitetning 3-bosqich talabasiman.

Universitet darslarini jinim suymaydi. Zerikarli. Har holda kechasi 12 da majburlab ham keltirolmaydigan uyqum dars payti oʻz ixtiyori bilan qadam ranjida qiladi. Koʻzlarim yumilib, uxlab qolaveraman. Shu uchun darslarni zerikarli deb bilaman.

Yaqinda bobomiz Alisher Navoiyning 579-yilligi nishonlanishi haqida oʻqituvchilardan biri aytib qoldi. Bu menga qishda tomidan chakki oʻtishi, tomchilayotgan suv polga tushmasligi uchun tuvakka ekilgan gullar qoʻyib qoʻyilishi bilan yodimda qolgan maktabimizdagi bir voqeani yodimga soldi.

Bu voqea men uchun kulgili boʻlib tuyuladi. Koʻplab sinfdoshlarim uchun ham. Lekin maktabimizdagi ona tili va adabiyot oʻqituvchisi Hasan mallim uchun kulgili tuyulmaydi. Bu voqea esiga tushsa, uning jahli chiqadi. Balki alami kelar yoki ichi achir, aniq bilmayman. Bilganim – unga ushbu voqeani eslatsangiz, oppoq tishlarini koʻrsatib jilmayib qoʻyishga urinadi-yu, koʻzida yigʻlamsirab turgan bolaning nigohidagi ifoda paydo boʻladi.

Ha-ya, “mallim” degani nima balo boʻldi, deb oʻtirgan boʻlsangiz kerak. Mallim – “muallim” soʻzining jiddiy fonetik oʻzgarishga uchragan shakli. Maktabimizda oʻquvchilar oʻqituvchilarga “mallim (muallim)” deb murojaat qiladi.

Choʻzilib ketdi. Voqeani aytishni boshlay qolay.

“Xoʻjalar” qishlogʻidagi 43-maktabda oʻqiganman. Hasan mallim 5-9-sinflarda bizning sinf rahbarimiz boʻlgan. Tabiatan feʼli yumshoq, mehribon odam. Hamma adabiyot oʻqituvchilari shunday boʻladi, odatda. Lekin u qattiqqoʻl va vajohatli boʻlishga urinardi. Urinardi emas, majbur boʻlardi desam toʻgʻriroq boʻlar, balki. Biz kabi avbosh oʻquvchilarni muloyimlik bilan boshqarib boʻlmaydi-da.

Hasan mallim oʻzi darsga kiradigan sinflardan eng yaxshisini maktabda har yili oʻtkaziladigan “Navoiyxonlik” tadbiriga tayyorlab yurardi. “Navoiyxonlik” – sinflar oʻrtasidagi Alisher Navoiy xotirasiga bagʻishlangan tanlov. Unda qatnashuvchilar Navoiyning hayoti va ijodiga oid savollarga javob berish, sahna koʻrinishlari va yana bir narsalar qilish bilan bellashardi. Hakamlar gʻolibni tanlab, ularni faxriy yorliq bilan taqdirlardi. Yana boshqa mukofotlar ham berilardi, lekin faxriy yorliqdan boshqasi aniq yodimda emas.

2011-yil, qish, dekabrning oʻrtalari. Hasan mallim shu paytdan “Navoiyxonlik”ka tayyorgarlik taraddudini boshlagan. Bu yil 5-sinflardan birini tanlagan. Rahbarimiz boʻlgani uchun bizni ham tanlamoqchi boʻlgandi mallimimiz. Lekin bizni “Navoiyxonlik”ka tayyorlash – jang boshlanishidan oldin xarakiri (1) qilish bilan barobar edi. Bari bir yuta olmasdik.

Hasan mallim bizni adabiyotga, ayniqsa, Navoiyga qiziqtirishga tirishardi. U darslarda ayrim sinfdoshlarim “qiziqarli” deb eʼtirof etgan turli hikoyalarni aytib berardi. Menga ular qiziq tuyulmagan.

Masalan, bir qiz (qaysidir doston yoki hikoyadan boʻlsa kerak) buzoqchasini har kuni qandaydir sabab bilan (sababi esimda yoʻq) zinapoya orqali baland binoga koʻtarib olib chiqib, yana olib tushavergani, natijada oʻsha buzoq katta hoʻkiz boʻlganidan keyin ham uni koʻtarib, zinadan bemalol olib chiqa oladigan boʻlib qolgani; Navoiy bobomiz bir necha asrlar oldin oʻz asarlarida robotlar, televizorlar toʻgʻrisida yozib qoldirgani haqida hikoya va tarixiy voqealarni aytib, bizni hayratga solishga harakat qilardi.

Bu hikoyalar menda hayrat uygʻotmasdi. Oʻsha paytlari, mallimimiz hikoyalarini tinglar ekanman, xuddi hozirgidek, nega tunda emas, darsda uyqum kelaverishidan koʻproq hayratlanardim.

E, yana oʻtlab ketdim. Xullas, dekabr. Qish – qishloq aholisi uchun yomon narsa. Boshga tushgan kulfat desa ham boʻladi. Gaz yoʻq, svet tez-tez oʻchib turadi. Sovuq. Baʼzi yillari qish shu qadar sovuq kelardiki, ayrimlarning ogʻilxonasidagi mollari muzlab, oʻlib qolardi. Baʼzilar, masalan, qoʻshnilarimizdan biri havo juda sovib ketsa, mollarini oʻzlari yotadigan uyning dahliziga yoki tutash xonasiga kiritib qoʻyardi.

Odamlar muzlab qolmasdi lekin. Oʻsha paytlari odamlar mollardan koʻra sovuqqa chidamliroq ekan, shu uchun qishda muzlab oʻlmaydi deb oʻylab yurardim. Aslida esa, sovuqqa chidamlilik borasida insonlar mollar bilan bellasha olmasligini, shunchaki, odamlar oʻtin yoqish, koʻrpaga oʻranish, qavat-qavat kiyinish, baʼzan uy ichida anjumaniya (2) va boshqa jismoniy mashqlar qilish (asosan, yoshlar) orqali oʻzlarini isitgani uchun mollar kabi muzlab oʻlib qolmasligini keyinroq tushunib yetganman. Oʻzim ham uyda sovuq qotsam, rosa anjumaniya qilardim. Qishda anjumaniya qilaverib, kachok boʻlib ketardim.

Maktab ham sovuq – gaz ham, isitish tizimi ham yoʻq edi. Maktabga karamga oʻxshab qat-qat kiyimlar ogʻushida borardik. Men har doim ikkita paypoq kiyardim. Aslida uch yoki toʻrtta paypoq kiyib bormoqchi boʻlardim, lekin ikkitadan koʻp paypoq kiysam, poyabzalim sigʻmay qolardi. Na chora.

Yomgʻir yogʻsa yoki qalin yoqqan qor eriy boshlasa, ikkinchi qavatdagi ayrim (balki koʻpchilikdir) sinflardan chakki oʻtardi, yaxshigina. Pol suvga botmasligi uchun tuvakka ekilgan gullarni tuvagi bilan suv tushayotgan yerlarga qoʻyib qoʻyardik.

Qaysidir amaki qishda hamma maktab bolasi uyidan baklashkada qaynoq suv olib kelib, sinfga terib qoʻyish kerakligi haqida maslahat bergandi. Bu xonani issiqroq tutishga yordam berarkan. Lekin biror sinfda bunday qilinganini eslay olmayman.

Oʻsha yili kunlar soviy boshlagach, sinfxonalarga yupqa tunuka pechkalar qoʻyildi. Innovatsiya! Pechka taʼminoti islohoti oʻquvchilar kayfiyatiga qanday taʼsir qilgani esimda yoʻq, lekin ota-onalar rosa sevingandi. Aytgancha, pechka uchun pul ota-onalardan yigʻilgan boʻlishi ham mumkin. Balki ulardan yigʻilmagandir.

Oradan bir oz vaqt oʻtib lineyka (3) boʻldi. Har bir oʻquvchi uyidan har kuni oz-ozdan oʻtin olib kelishi kerakligi aytildi. Davlat tomonidan koʻmir berilishi haqida ham gaplar bor edi, ozroq kelgandi ham. Lekin darrov tugab qoldi.

Biz – “7-D” sinf oʻtin olib borish borasida eng passivlardan boʻlganmiz. Masalan, shaxsan men koʻpi bilan 2-3 martagina oʻtin olib borganman (uyimizni isitgani oʻtin yetmaydi-ku, maktabga tashishga yoʻl boʻlsin). Yomgʻir va qorda hoʻl boʻlgan oʻtinlarni olib borib sinfni tutatib yuborardik koʻpincha.

Oʻtin siyosati yuzasidan oʻqituvchilar va zamdirektordan (4) koʻp dakki eshitganmiz. “Olib kelsanglar, oʻzlaring issiq oʻtirasilar-ku, tirranchalar”, – deb urishib berishardi.

...2012-yil yanvar oyi oxirlari. Dars tugagach, uchrab qolgan biror qizga qitmirlik qilaman deb maktab zalida aylanib yurgandim. Sinfimiz yonidan oʻtayotsam, Hasan mallim va bolalarning ovozini eshitdim. Qiziqsinib eshik tirqishidan moʻraladim. Qarasam, 5-sinflar sahna koʻrinishi qilyapti. Bittasi katta toʻrtburchak karton quti kiyib olgan. Uni aniq taʼriflashga harakat qilaman: Katta, toʻrtburchak qalin karton, ustiga bosh sigʻadigan kichkina toʻrtburchak karton yopishtirilgan. Odamning yuzi koʻrinishi uchun old tomoni katta teshilgan. Qoʻllar chiqib turishi uchun yonlarida ham 2 ta teshik, yana qorin qismida kattaroq bir teshik bor (Navoiy asarida temir odamning joni qornida boʻlardi, adashmasam). Ustiga qalinroq qandaydir sellafanlar ham qoplangan.

Karton ichidagi bolaning yonida esa egniga chopon kiyib, boshiga salla qoʻndirib olgan yana bir bola ham bor. Shunda bu sahna koʻrinishi Hasan mallim qayta va qayta aytaveradigan, Navoiy yozib qoldirgan “Farhod va Shirin”dagi Farhodning Temir odam bilan uchrashuvi ekanligini darrov tushundim-da, qoʻl siltab, yoʻlimda davom etdim.

Ertasi kuni mallim haligi karton robotni koʻtarib kelib, sinfdagi kitob javoni yoniga joylashtirib qoʻydi (sinf – adabiyot xonasi, javonda kitoblar chiroyli terilgan, aksariyati Navoiyning asarlari edi). Kimdir mallimdan uning nimaligini soʻradi.

– Bu “Farhod va Shirin”dagi temir odam maketi. “Navoiyxonlik” uchun. Tegmanglar bunga, – deb qisqa tushuntirish berib, shoshib chiqib ketdi.

Baʼzilar yaqin borib, qaray boshladi. Men yonimdagi sinfdoshlarimga bir kun oldin koʻrganlarimni aytdim. Ular qiziqib qoldi. Dars tugagach, 5-6 kishi sinfda qoldik. Javon yonidan robotni oldik-da, bir-bir kiyib koʻrdik. Ichida harakatlanish unchalik qulay emas, lekin qismlari bir-biriga yaxshi mahkamlangan edi. “Erinmagan mallim-ey”, deb qoʻydik bir-birimizga qarab. Keyin karton robotni oʻz oʻrniga joylashtirib qoʻydik.

Sovuq kunlar davom etardi. Koʻpincha oʻquv kuni oxiriga bormay sinfimizda oʻtin tugab qolardi. Shunday kunlarning birida Hasan mallim darsi boshlandi.

– Yana oʻtinsiz oʻtiribsilarmi? – kirib keldi mallim.

Men javon yonidagi karton robotga qarab qoʻydim.

– Mallim, robotni yoqaylik, – deb hazil aralash taklif bildirdim. Evaziga mallim meni oʻqraygan va badjahl qarash bilan siyladi. Yuzlari boʻzarib ketdi. Indamay koʻzimni olib qochdim.

Bundan bir necha kun oʻtib, direktor zavuch (5) bilan birga 1-soatdagi darsimizga kirib keldi. Oʻtin yoʻq, pechka yoqilmagan edi.

– Nimaga pechka yoqilmagan? Sinfkom kim? Yordamchisi kim? – gʻazab bilan soʻroqlay boshladi direktor. – Keyingi soat komissiya keladi, qayerdan boʻsayam oʻtin topib yoqinglar! Har kuni pechka yonishi kerak! Oʻzim uchunmas, silar uchun gapiryapman! – baqirib berdi.

Komissiya ham xuddi qishdagi izgʻirin kabi yoqimsiz edi: komissiya desa, hamma oyogʻi kuygan tovuqday har tomonga lapanglab yugurib qolar, boʻlar-boʻlmasga oʻqituvchilar oʻquvchilarga jahl qilishni boshlar, hammaning kayfiyati tushib ketar, sovuq maktabimizdagi iliq ruhiyat pechkaga qalangan nam oʻtindek tutab, bir zumda yoʻq boʻlib qolardi.

Aslida pechkani yoqish biz uchun u qadar muhim tuyulmasdi, oʻtin topish qiyin boʻlganidandir. Oʻtinsiz kelganimiz uchun bizni yengilgina koyiydigan oʻqituvchilarimiz uchun ham pechka yonishi 1-darajali boʻlib koʻrinmasdi. Lekin qishda komissiya kelsa, pechkaning yonishi – kun tartibidagi asosiy masalaga, oʻqituvchilarning oʻtin olib kelishdan boʻyin tovlagan bolalarni yengilgina koyishi – haqiqiy, dargʻazab urishishga aylanardi.

Shunday qilib, direktor bizga baqirib-baqirib ketdi. Hamma shoshib qoldi. Tanaffusda kimdir oʻtinga ketganday boʻldi, baʼzilar, ular qatorida men ham javon tagidagi eski, keraksiz boʻlib qolgan daftarlarni yoqish uchun ola boshladik. Sinf polidagi singan pol boʻlagini ham yoqish uchun oldik. Aslida u deyarli butun boʻlib, biroz darz ketgan yeri bor edi, xolos. Biz uni tortib, majburan sindirib oldik.

Shu payt xayolimga yana robot keldi – karton yaxshi yonadi, oddiy daftar qogʻozidan koʻra uzoqroq yonadi. Buning ustiga ancha katta.

Bir-ikkita hamtovoqlarim bilan kelishib, robotni javon yonidan oldik.

– Farhodni dushmani rolidan koʻra oʻtin roliga koʻproq mos bu, – dedi ishshaygancha sinfdoshlarimdan biri.

Toshmat “Mana boʻmasam” deb robotning boshini yulib oldi, keyin gʻichirlatib yirta boshladi. Jarayonga biz ham koʻmaklashdik. Robotni mahorat bilan mayda boʻlaklarga boʻlib, pechka yoniga chiroyligina qilib taxlab qoʻydik. Soʻng ularni birma-bir pechkaga tiqa boshladik.

Shu orada oʻtin ham kelib qoldi. Pechkaga oʻtin tiqdik, orada karton boʻlaklarini ham tiqib turdik. Xullas pechka yondi, kartonga qoplangan qalin sellafan olovda tutab, sasib ketdi. Qattiq sasidi. 

Keyingi dars – adabiyot darsi boshlandi. Hasan mallim xonaga kirdi.

– Xonani sasitib yuboribsilar-ku! – dedi burnini jiyirib.

– Mallim robotingizni yoqdik, – deb yubordi toʻsatdan qizlardan biri kulimsirab.

Birdan mallimning qiyofasi oʻzgardi. Koʻzlari kattalashdi. Hali partaga qoʻyib ulgurmagan kitoblarini beixtiyor barmoqlari bilan qattiq siqa boshladi. Shunchalik qattiq siqqanidan, qoʻllari ham qaltirayotgandi. Nima deyishini bilmay, bir oz garangsirab turdi. Keyin kitoblarni jahl bilan partaga uloqtirib, udagʻaylay boshladi:

– Nimaga unday qildinglar? Ahmoqmisilar? Kallalaring joyidami?! – alangladi butun sinfga.

Hamma jimib qoldi. Qizlarning nafasi ichiga tushib ketdi. Shunda ayyorroq qizlarimizdan birining qimtinibgina tilga kirishi vaziyatni yumshatdi:

– Direktor pechka yoqinglar deb baqirdi... Komissiya kelarkan, oʻtin yoʻq edi, – hurkkan va chorasiz ohangda robotning halokati sababini izohladi sekingina.

Sinfga jimlik choʻkdi. Hasan mallim qarshisidagi sovuqdan qoʻllarini mahkam qovushtirib, biroz qunishib, nigohini yerga qadab turgan qizchaga bir muddat tikilib turdi. Sinfdosh qizning oʻsha paytdagi holati, yuz ifodasi va tovush ohangini koʻrib, unga mening ham rahmim kelib ketdi. Balki ayyorlik qilish uchun emas, chin dildan aybdorlik va chorasizlik hissi bilan aytgandir gaplarini.

Mallim chuqur va ogʻir xoʻrsinib, jahlini ichiga yutgandek boʻldi. Keyin yuzini doskaga qarab burib oldi va koʻzini ishqalay boshladi.

– Tutatib, sasitib tashabsilar. Koʻzim achib ketdi, – dedi u yuzini doska tarafdan burmay. Keyin shundoq ham toza doskani doska latta bilan artib, tozalay boshladi.

– Eshikni ochib qoʻyinglar, hid ketsin, – dedi mallim. Ochib qoʻydik.

Hasan mallimning bunchalik oson hovuridan tushishini kutmagandim. Qizning maʼsuma nigohi shunchalik taʼsir qildimi yoki komissiya kelishi arafasidagi favqulodda holat oʻz taʼsirini oʻtkazdimi, bilolmadim.

Dars boshlandi. Dars oʻrtalarida direktor bilan yana 2 nafar notanish kishi kirib keldi. Hammamiz shart oʻrnimizdan turib, qoyilmaqom qilib salom berdik: “Assalomu-u, alayku-um!” Direktor ularga nimalarnidir tushuntirgandek boʻldi. Birozdan soʻng chiqib ketishdi. Notanish kishilarga olovda yongan robotning hidi yoqmagani sezildi...

Izohlar:

Xarakiri (1) – yapon samuraylari orasida tarqalgan oʻz oshqozonini (qornini) qilich yoki pichoq bilan kesish orqali oʻz joniga qasd qilish usuli. Samuraylar yengilishi aniq boʻlgan vaziyatlarda dushman qoʻliga tushib, gʻururi toptalmasligi uchun xarakiri qilish orqali oʻz joniga qasd qilishgan.
Anjumaniya (2) – ruscha “отжимания” soʻzining buzilgan shakli.
Lineyka (3) – ruscha “линейка”; maktablarda barcha oʻquvchi va oʻqituvchilarni toʻplab oʻtkaziladigan yigʻilish.
Zamdirektor (4) – direktor oʻrinbosari.
Zavuch (5) – oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari.

Muallifdan: men ham hikoyadagi 43-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻqiganman. 1982-yilda qurilgan bu maktab hozirga qadar (38 yil davomida) biror marta kapital taʼmirlanmagan. Taʼmirga muhtoj. Mutasaddilardan maktabning kapital taʼmiriga eʼtibor qaratishini soʻrab qolaman.

Muallifning shaxsiy blogi: @maksudkhon

Report Page