Navoiyda yil boshidan buyon 5 mingtaga yaqin nostandart gaz jihozlari tejamkor uskunalarga almashtirildi

Navoiyda yil boshidan buyon 5 mingtaga yaqin nostandart gaz jihozlari tejamkor uskunalarga almashtirildi


Qishni xatarsiz, betalofat o‘tkazish uchun kommunal soha vakillari bugun mahallalarda, ko‘chalarda, xonadonma-xonadon yurib, targ‘ibot ishlarini davom ettirishmoqda. Xususan, “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali mas’ullari ham iste’molchilar bilan bo‘layotgan uchrashuvlarda ularni tabiiy va suyultirilgan gazdan xavfsiz foydalanish bo‘yicha ogohlantirishmoqda. 

Soha vakillari tomonidan joriy yilning oktyabr oyidan hozirga qadar 696 marta is gazidan zaharlanishning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot uchrashuvlari, seminarlar o‘tkazildi. O‘tkazilgan tadbirlar davomida fuqarolarga 40 300 dona eslatma va ogohlantirish xatlari tarqatildi.

Ularning gazdan xavfsiz foydalanish holatini o‘rganish maqsadida olib borilgan profilaktik tadbirlar mobaynida tabiiy gazdan foydalanishda 1427 ta, suyultirilgan gazdan foydalanishda 668 ta kamchilik aniqlandi. Xavfsizlik qoidalariga amal qilmay, e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan iste’molchilarga tegishli tartibda tushuntirish ishlari olib borildi. 

“ – Biz tadbirlarda yoki xonadonlarga borganimizda fuqarolarimizga tejamkor gaz uskunalaridan foydalanishning afzalligi borasida qayta-qayta tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Ulgurji iste’molchilar ham bu borada kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lishyapti. Natijada yil boshidan ayni vaqtga qadar Filialning servis xizmatini rivojlantirish bo‘limi xodimlari tomonidan aholi xonadonlaridagi 4396 ta va ulgurji iste’molchilarning 578 ta nostandart gaz uskunalari zamonaviy, tejamkor uskunalarga almashtirildi. Tahlillar esa ana shunday uskunalardan foydalanayotgan ob’ektlar va xonadonlarda “zangori yoqilg‘i” sezilarli darajada iqtisod qilinayotganini ko‘rsatmoqda”, - deydi filial mas’ul xodimi Axtam Roziqov. 

Ma’lumot uchun: hozirda viloyatda bir oyda o‘rtacha 800 nafar iste’molchining nostandart gaz jihozlari tejamkor gorelkalarga almashtirilmoqda. Iqtisod qilinayotgan tabiiy gaz esa isitish mavsumida bosimning bir maromda bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati


Report Page