Namanganda “Navro‘z” bayrami

Namanganda “Navro‘z” bayrami


      Jonajon O‘zbekistonimizga bahor o‘zining gullari, chechaklari va ko‘m-ko‘k maysalari bilan kirib kelmoqda. Qishlardan chiqib barg yozayotgan daraxtlar ko‘ngillarga xush kayfiyat bag‘ishlaydi. 

      Muhtaram Prezidentimiz imzolagan qarorda yozilganidek “Navro‘zi olamning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan yaxshilik va bag‘rikenglik, ahillik va hamjihatlik, atrof-muhitni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash kabi olijanob g‘oyalar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tarixiy o‘zgarishlarning maqsad va mazmuniga to‘la hamohangdir”.


     Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyati boshqarmalari xodimlari ham «Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!» bosh g‘oyasi asosida boshqarma hovlisida “Navro‘z” bayrami tadbirlarini tantanali va ko‘tarinki ruhda o‘tkazdilar.

    Unda tuman va shahar bo‘limlari va filiallari xodimlar, kadastr sohasida uzoq yillar ishlagan faxriylar qatnashdilar.

Bayramona bezatilgan dasturxonga bahoriy taomlar sumalak, ko‘k chuchvara, ko‘k somsa, ko‘k qatlama hamda shirinliklar tortildi. 

  Ayniqsa birinchi marotaba kadastrning tuman va shahar bo‘limlari hamda filiallari xodimlaridan tashkil topgan 13 ta jamoa ishtirokida, “havaskor oshpazlari” o‘rtasida o‘tqazilgan “Osh musobaqasi” qiziqarli o‘tdi.

Musobaqada kadastrchilarimiz nafaqat ishda, balki boshqa sohalarda ham talant egalari ekanligini ko‘rsatdilar. Oshni pishirish jarayonini professional oshpaz ishtirokidagi Jyuri aʼzolari nazorat qilib boradilar va baholadilar. “Osh musobaqasi” yakunlari bo‘yicha jyuri raisi tomondan g‘oliblar eʼlon qilindi va 1-o‘rin Yangiqo‘rg‘on tumani, 2-o‘rin boshqarmaning va 3- o‘rin Pop tumani komandasiga nasib etdi.

“Navro‘z” shodiyonasi tadbirlari sportning tennis, shaxmat, shashka va tosh ko‘tarish musobaqalariga ulanib ketdi. Viloyat kadastrchilari sportda ham haqiqiy sportchilardan qolishmasliklarini ko‘rsatdilar. Musobaqalar barchasi shu sport turiga xos qoidalar asosida o‘tkazildi. Natijada tennis musobaqasida Shahar filiali, shaxmat musobaqasida Agentlik boshqarmasi, shashkada Kosonsoy filiali, tosh ko‘tarishda Palata boshqarmasi vakillari faxriy 1-o‘rinni egalladilar.

Bayram tadbirlarida KADASTRCHILARNING 20 nafardan ortiq farzandlari ham “Bizning uyda navro‘z” mavzusida rasm chizish konkursida faol qatnashdilar. Ularning chizgan rangli, bolalarcha beg‘ubor rasmlari uchun tashkilotchilar tomonidan barchalariga sovg‘alar berildi.


Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i B.Pazilov hamda Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Q.Gapparovlar barcha tadbir ishtirokchilarini “Navro‘z” bayrami bilan samimiy tabriklab, “Osh musobaqasi” va sport musobaqalarida 1-2-3-o‘rinlarni egallagan kadastr xodimlariga qimmat baho sovg‘alarni va diplomlarni tantanali ravishda topshirdilar. 

    Tadbir so‘z olgan Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Q.Gapparov Davlat kadastrlari palatasi rahbariyati tomonidan “Navro‘z” bayrami munosabati bilan barcha kadastr xodimlari bir martalik oylik maosh miqdorida mukofotlanganliklarini eʼlon qilganda, bayram tadbiri qatnashchilari gulduros qarsaklar va xursandchilik bilan yangilikni kutib oldilar. Faxriylar Davlat rahbarimiz va soha rahbarlari haqlariga duoga qo‘l ochdilar.

   Shu kunning o‘zida boshqarmalar boshliqlari B.Pazilov, Q.Gapparovlar birgalikda xalqimizning azaliy urf odatlariga amal qilib “Saxovat” uyida yashayotgan fuqarolarga beg‘araz yordam berish uchun, bir necha kasalmandlar va yordamga muhtojlar holidan xabar oldilar, ular bilan suhbatlashib “Navro‘z” bayrami bilan samimiy tabrikladilar.

 

Matbuot xizmati.

Report Page