O‘zbekiston yana “Partnership Awards” xalqaro mukofoti sovrindori bo‘ldi

O‘zbekiston yana “Partnership Awards” xalqaro mukofoti sovrindori bo‘ldi

 

Joriy yilning 5-may sanasida London shahrida Davlat-xususiy sheriklik (DXSh) sohasidagi eng nufuzli “Partnership Awards 2023” xalqaro mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu marosim O‘zbekiston uchun yana bir bor alohida ahamiyatga ega bo‘ldi: unda “Namangan shahridagi oqova suv tozalash inshootlari”ni qurish loyihasi “Kommunal sektorning eng yaxshi loyihasi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

Ma’lumot uchun: Ushbu mukofot 20 yildan beri xalqaro maydonda DXSH sohasida yutuqlarga erishgan davlatlarning loyihalariga topshirib kelinadi. Loyihalar dunyodagi yetakchi ekspertlar tomonidan baholab borilishining xalqaro mukofotning ahamiyati yuqori ekanidan dalolat beradi. O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi ayni shu mukofotning “Yil targ‘ibotchisi” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan edi.

Hukumatimiz 2017-yildan buyon iqtisodiyotni o‘zgartirish va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etishni kengaytirishga qaratilgan qator tarkibiy islohotlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu keng qamrovli davlat-xususiy sheriklik dasturini ishlab chiqish va ushbu model doirasida amalga oshirish uchun ko‘plab infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratmoqda.

“Namangan shahrining oqova suvlarini tozalash inshootlari” loyihasi respublikada ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha DXSHning tajriba loyihasi hisoblanadi. Loyiha tenderida 23 ta kompaniya ishtirok etgan bo‘lib, ikki bosqichli tender ochiq va shaffof tarzda o‘tkazildi. Tender natijalariga ko‘ra, shartnoma “Metito” kompaniyasiga taqdim etildi. “Metito” – Birlashgan Arab Amirliklarida joylashgan bo‘lib, suv resurslarini boshqarish yechimlarini yetkazib beruvchi global investor kompaniyasi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun: “Namangan shahrining oqova suvlarni tozalash inshootlari" loyihasi kuniga 100 000 m3 bo‘lgan yangi oqova suvlarni tozalash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Loyiha shahar va uning atrofidagi beshta tumanga xizmat ko‘rsatadigan 7,5 km uzunlikdagi oqova suv tarmog‘ini qurishni nazarda tutadi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida hududdagi 1,8 mln. nafargacha bo‘lgan aholiga toʼlaqonli xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

“Partnership Awards” mukofotiga loyiq koʼrilishi loyihaning ilg‘or xalqaro DXSH standartlariga muvofiq amalga oshirilishini, uning ijtimoiy va ekologik ahamiyati yuqori ekanini koʼrsatadi, shuningdek, loyihaning barcha ishtirokchilari tomonidan amalga oshirilgan ishlarning yuqori samaradorligini va sektorda qabul qilingan loyiha qarorlarini aks ettiradi.

Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vaziri о‘rinbosari Ilxom Norqulov “Partnership Awards” mukofoti yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, O‘zbekiston DXSH dasturi mamlakatimiz uchun burilish nuqtasi ekanligini e’tirof etdi:

– Xususiy sektor bilan hamkorlik tufayli talab yuqori bo‘lgan infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun zarur kapitalni moliyaviy va resurs bilan ta’minlashni sezilarli darajada oshirmoqdamiz. Ushbu loyihalar tufayli bugungi kunda oldimizda turgan ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni yanada samarali hal etishga hissa qo‘shmoqdamiz. Eng muhimi, biz bu jarayonda tajriba almashamiz va yangi imkoniyatlarni ochib berishga imkon beradigan global standartlar va innovatsiyalar bilan mahalliy tanishuvimizni targ‘ib qilamiz. Bizda uzoq yo‘l bor, lekin biz marraga erishish uchun muhim bosqichlarni bosib o‘tdik.

O‘zbekistonning ketma-ket ikkinchi yil “Partnership Awards” g‘olibi deb e’lon qilinishi xalqaro hamjamiyat tomonidan mamlakatimizda DXSH sektorini rivojlantirish borasidagi ishlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

 Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi







Report Page